
O‘runovga jamoa topildi. U qaysi yo‘lni tanlaydi?
Joriy mavsumda chempionlik va Evropa chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan “Spartak” chempionatning ikkinchi yarmiga tayyorlanish uchun bugundan Birlashgan Arab Amirliklarida dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshladi.
Ma’lumki, ushbu yig‘inga asosiy tarkib futbolchilari qatorida Oston O‘runov ham taklif etildi. Biroq, shunga qaramay, hamyurtimizning Rossiyaning eng mashhur jamoasidagi kelajagi mavhumligicha qolmoqda.
Oston O‘runovning o‘zi ham kelajagi borasidagi savollarga mujmal javob beryapti.
- “Spartak”dan ketayapmanmi? Buni vaqt ko‘rsatadi. “Rubin”ning taklifi haqida hech narsa eshitganim yo‘q, - dedi Oston O‘runov.
“Spartak”da qishki transferlar vaqtida bir nafar legioneridan voz kechishi kerak. Chunki klub yaqinda Yorrit Xendriksni sotib oldi va o‘z yurtida ijarada yurgan Pedro Rosha yana safga qaytdi. Ular qatorga qo‘shilganidan keyin asosiy tarkibdagi chet ellik futbolchilar soni 9 taga etdi. Rossiya premer-ligasi talabiga ko‘ra, bir jamoada sakkiztadan ortiq legioner bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Demak, kimdir ketishi kerak. Katta ehtimol bilan bu Oston O‘runov bo‘ladi.
Moskva klubi rahbariyati “Spartak-2” jamoasida o‘ynagan germaniyalik Malkolm Badu bilan amaldagi shartnomani bekor qildi. Bu futbolchi moskvaliklar tarkibiga 2019 yilning yozida kelgandi va asosiy tarkibda birorta uchrashuv o‘tkazmagan. Germaniyalik legioner quyi ligada “spartakchilar” uchun 16 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urishga ham erishdi. Tomonlarning o‘ziro roziligi bilan yana ibir yarim yil davom etishi kerak bo‘lgan hamkorlik muddatidan avval to‘xtatildi.
Xullas, “Spartak-2”dan Malkolm Baduning ketishi bilan ushbu jamoada bitta legionerga joy ochildi. Ayrim manbalar O‘runov Rossiya Milliy futbol ligasida o‘ynash uchun ikkinchi jamoaga yuborilishini aytmoqda.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik legioner oldida yana bitta variant paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarga qaraganda, “Ufa” klubi Shamil Gazizov yordamida Oston O‘runovni ortga qaytarishga qaror qilgan. “Spartak” bosh direktori sifatida O‘runovni ushbu jamoaga joylagan Gazizov lavozimidan ozod etilganidan keyin faoliyatini qadrdon klubi “Ufa”da davom ettirishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda ufaliklar “Spartak”dan Ostonning transferini bir million evroga sotib olish taklifini ilgari suryapti.
Agar bu transfer amalga oshadigan bo‘lsa, O‘runov maoshining bir qismidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Chunki hamyurtimiz moskvaliklardan yiliga 600 ming evro miqdorida maosh olmoqda. “Ufa”ning byudjeti bu miqdordagi chiqimni ko‘tara olmasligi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq, “Ufa” bosh direktori Rinat Shaybekov bir necha bor lub O‘runovga qiziqmayotganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, klub boshqaruv kengashi raisi Rostislav Murzagulov Oston O‘runov Rossiya premer-ligasining har qanday klubini kuchaytirishga qodirligini aytib, uni ortga qaytirishni xohlayotganini bildirgandi.
O‘runov masalasi juda nozik. Biz u haqida mamnuniyat bilan biron narsa deyishimiz mumkin bo‘lgan holatdamiz. Lekin har bir so‘zimiz amalda boshaqacha talqin qilinish ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham Oston masalasida har qanday izohni ichimdan tashqariga chiqarmayman.
Shunisi aniqki, Oston O‘runov Rossiyada har qanday klubni kuchaytirishga qodir. Hatto o‘sha “Spartak”ni ham!, - degan edi Rostislav Murzagulov.
Xullas, yangi yildan ochilgan qishki transfer mavsumida Oston O‘runov faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. 20 yoshli iste’dodli futbolchimiz qanday yo‘l tutishi va qanday qarorga kelishini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar