
"Bizni shiddatli va kurashlarga boy o‘yin kutib turibdi" - Diyor so‘nggi tur oldidan nimalar dedi?
1 dekabr kuni Coca-Cola Superligada so‘nggi 26-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Garchi bungacha chempion nomi hamda ligani tark etgan klublar aniqlangan bo‘lishiga qaramay, qolgan o‘rinlar uchun, ayniqsa, kumush va bronzani qo‘lga kiritish imkoniyati jamoalarda saqlanib turibdi va hozircha uning egalari aniq emas.
Shu nuqtai nazarda olib qaraganda, oxirgi tur ham o‘ziga yarasha ahamiyatga ega. Buning uchun iqtidorli mutaxassislardan biri Diyor Mirzaboev juftliklar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
15:00. So‘g‘diena - Surxon
“So‘g‘diyona” jamoasi oxirgi turda “Nasaf” mehmoni bo‘ldi va bir ochkoga ega chiqdi. “Surxon” esa “Paxtakor”ga imkoniyatni boy berdi. Jizzax jamoasi oxirgi tur o‘yinida muxlislarni g‘alaba bilan xursand qilishga harakat qiladi. Musobaqa jadvalida 10-o‘rin uchun kurashadi. “Surxon” g‘alaba qozonsa 6-o‘rinni egallaydi. Vaziyatdan kelib chiqib imkoniyatlarni 40\60 deb baholayman.
15:00. Andijon - Buxoro
Bu yilgi mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazayotgan “Andijon” jamoasi chempionatda 6-o‘rin uchun kurashmoqda. Albatta, buning uchun “Surxon” ham ochko yo‘qotishi kerak bo‘ladi. “Buxoro” jamoasi allaqachon Pro liga ishtirokchilari qatoridan joy olib bo‘ldi. O‘yinga kelsak, “Andijon” g‘alaba qozonadi.
15:00. Qizilqum - Turon
5 dekabr kuni “Qizilqum”ni muhim bahs kutib turibdi. Ushbu holatni hisobga olib, “Qizilqum” ikkinchi tarkib bilan o‘ynash ehtimoli bor. “Turon” jamoasi ham bu o‘yinga bosimsiz etib kelishi aniq. Imkoniyatlarga kelsak, 50\50 deb baholayman.
15:00. Metallurg - Olimpik
“Metallurg”da ham musobaqa jadvalida bir pog‘ona ko‘tarilish imkoniyati mavjud. Birinchi davradagi “Metallurg” jamoasini “Olimpik” ustidan chiroyli g‘alabasini hisobga olib, imkoniyatlarni 60\40 degan bo‘lardim.
17:15. OKMK - Nasaf
Oxirgi turda musobaqa jadvalida 2-o‘rin uchun kurash ketmoqda. Har ikkala jamoa ushbu turdan oldin Osiyo Chempionlar ligasi doirasida o‘yin o‘tkazishdi. Ushbu turga ham bir xil holatda etib kelishdi, deb o‘ylayman. OKMK jamoasi o‘z maydonida o‘yinni o‘tkazayotganini hisobga olib imkoniyatlarni 60\40 deyish mumkin.
17:15. Paxtakor - Bunyodkor
“Paxtakor” chempionlikni qo‘lga kiritganidan keyin jamoada ikkinchi uyg‘onish ro‘y berdi. Safarda “Al-Ayn”ni mag‘lub etdi. Ko‘p yillik ushbu jamoalarni oxirgi turlardagi bahslariga ahamiyat qaratsak, “Paxtakor” chempionlikdan keyin “Bunyodkor” jamoasiga mag‘lub bo‘lganini guvohi bo‘lamiz. Ushbu bahsda “Bunyodkor” jamoasi g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
17:15. Navbahor - Neftchi
Vodiy derbisida “Navbahor” g‘alaba qozonsa va “Nasaf” jamoasi mag‘lubiyatga uchrasa, namanganliklar 2-o‘rinni egallashi mumkin. “Neftchi”da ham nazariy jihatdan sovrindorlar qatorida bo‘lish imkoniyati saqlanib turibdi. Bizni shiddatli va kurashlarga boy o‘yin kutib turibdi. Imkoniyatlarga kelsak, 50\50.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar