
Boks. Jahon chempionati. O‘zbekistonlik bokschi birinchi jangini g‘alaba bilan boshladi
Bugundan poytaxtimizdagi "Humo arena" ko‘p tarmoqli sport majmuasida dunyoning eng kuchli charm qo‘lqop ustalari chempionlik uchun murosasiz bahslarga kirishadi.
Biz uchun ahamiyatlisi, musobaqani hamyurtlarimizdan -60 kg vazn toifasidagi Mujibillo Tursunov boshlab beradi. Yurtdoshimiz taxminan 19:30 dan so‘ng boshlanadigan jangda hindistonlik Varinder Sinhga qarshi ringga ko‘tariladi.
Ayni paytda bokschilar chiqib kelmoqda. Mujibillo Tursunov ko‘k libosda, uning raqibi qizil formada harakat qiladi.
Birinchi raund boshlandi.
Ilk soniyalarni vakilimiz raqibini o‘rganish bilan boshladi. Mujibillo ikkilik zarbalari berishga kirishdi. Hindistonlik bokschi hamyurtimizni kutib olmoqda. Varinder Sinh ancha kuchli zarbalarni o‘tkazib yuboryapti. Ammo orada u ham qarshi zarbalarni yo‘llashga urinmoqda. Tursunov ikki bor yakkalik zarbalarini berishni uddaladi.
Birinchi raund yakunlandi. Hakamlar 1:4 hisobida vakilimizning ustunligini qayd etdi.
Ikkinchi raund boshlandi.
Raund ancha keskin boshlandi. Ikki bokschi ham ketma-ket zarbalar bermoqda. Mujibillo raqibning zarbalarini o‘tkazib yubormaslikka urinmoqda. Shu bilan birga o‘zi ham jeblarni hindistonlik bokschiga o‘tkazmoqda. Tursunov raqibning qorni va yuz qismiga ko‘plab zarbalar berdi. Uchlik zarbalari berdi hamyurtimiz. Bu raund to‘laligicha Mujibilloning ustunligida o‘tdi, deyish mumkin.
Ikkinchi raund yakunlandi. Hakamlar 0:5 hisobida vakilimizning ustunligini qayd etdi.
Uchinchi raund boshlandi.
Ikki raundni foydasiga hal etgan vakilimiz raqibni nokaut qilishga urinmoqda. Mujibillo yakkalik zarbalarini yo‘lladi. Raqib himoyalanmoqda. Shu o‘rinda hamyurtimiz ham zarbalar o‘tkazib yubormoqda. Yana bir yakkalik zarbasi aniq tegdi Mujibilloning.
Uchinchi raund yakunlandi. Hakamlar 0:5 hisobida vakilimizning ustunligini qayd etdi. Yakuniy hisob ham 0:5. Vakilimiz keyingi bosqichda.
Fikrlar