
Bosh murabbiysiz qolgan "Surxon" Namangandagi o‘yinga qanday reja tuzayotganini bilasizmi? Yoxud jamoa sardori "Navbahor"ni taslim qilish yo‘lini aytdi
O‘z hisobida hozircha bitta g‘alabasi bo‘lgan “Surxon”ni navbatdagi turda og‘ir o‘yin kutib turibdi. Bu safar Namanganda “Navbahor” mehmoni bo‘ladi.
Termizliklar o‘tgan turda o‘z uyida AGMKga imkoniyatni boy berdi. 13-o‘rinda borayotgan “Surxon”ga yuqoriga ko‘tarilish uchun g‘alaba juda kerak. Boz ustiga hozirda futbolchilar bosh murabbiysiz qolgan.
Bunday paytda ularda tayyorgarlik qanday ketyapti? Jamoa sardori va etakchisi Asror G‘ofurov sports.uzga bir qancha masalalar bo‘yicha munosabat bildirdi.
“Namanganga g‘alaba uchun boramiz”
- Bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorlanyapmiz. Turnir jadvaliga qarasangiz, bizda g‘alabadan boshqa hech qanday yo‘limiz yo‘qligi ko‘rinadi. Hozirgi paytda har bir ochko jamoamiz uchun oltinga teng. Vaziyatimizdan kelib chiqib, bemalol aytishim kerakki, Namanganga uch ochkoni ko‘zlagan holda boramiz. AGMKga qarshi o‘yinda ham g‘alaba uchun rosa kurashdik, biroq omad bizdan yuz o‘girdi. Tarkibimizga qaraganda, to‘g‘ri, bu jabhada “Navbahor”niki kuchliroq ko‘rinishi mumkin. Lekin o‘ylashimcha, yomon o‘yin bo‘lmaydi. Yana qaytaraman, biz ham 100 foiz natijaga erishish uchun boryapmiz.
“Bosh murabbiyning yo‘qligi bilinmayapti”
- Hozir Rufat aka Akramxo‘jaev jamoa bilan birga emas. Ammo hali uni ketdi, deb aytishgani yo‘q. Faqat oilaviy muammosi borligi haqida ma’lum qilishgan. Bilsangiz, “Surxon”ni mavsum boshidan Rufat Akramxo‘jaev, Bahrom Haydarov va Rustam Oripov birgalashib tayyorladilar. Biroq, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bosh murabbiyning yo‘qligi bizga katta ta’sir qilmayapti. Uchala murabbiyning yo‘nalishi bir xil. Shu sababli, Akramxo‘jaevning klub bilan birga emasligi u qadar bilingani yo‘q. Bahrom aka katta murabbiy bo‘lgani uchun doim Akramxo‘jaev bilan birga maslahatlashib qaror chiqarishardi. Ularning futbolga qarashlari bir xil. Hozir Rufat aka yo‘qligi uchun Bahrom aka o‘zi jamoani nazorat qilyapti.
“Ikkinchi davrada tarkib kuchaytirilishi mumkin”
- 13-o‘rinda yurgan jamoaning kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin? Hammasi o‘zimizga bog‘liq. Mavsumni yaxshi o‘tkaza olmayapmiz. Tarkib ham qo‘ldan kelganicha yig‘ildi. Aslida yigitlar chakki emas. Kimdir quyi ligadan Superligaga kelgan, yana kimdir yoshlar jamoasidan jalb etilgan. Iloji boricha, jamoani yanada yaxshiroq shakllantirishga harakat qilyapmiz. O‘zingizga ham sir emas, asosiy maqsadimiz Superligada qolish. 7 ta o‘yin o‘tkazdik, turdan-turga kuchayib borarmiz. Yoki ikkinchi davrada jamoani kuchaytirish uchun yaxshi futbolchilar va legionerlar ham kelishi mumkin. Jamoadagi muhit va futbolchilarni bir-biriga bo‘lgan hurmati boshqacha. Maydonga chiqayotgan har bir futbolchi qo‘lidan kelganicha kurashyapti. Tarkibimizni ko‘rib turibsiz, bu yangi va yosh jamoa.
“Raqibdan ko‘ra, g‘alabani ko‘proq xohlashimiz kerak”
- Faoliyatim davomida “Andijon”da to‘p surganimda “Navbahor”ga qarshi durang o‘ynaganman. “Surxon”ga o‘tgach, ularga qarshi yana durang qayd etdik. O‘tgan yili ham shu natija takrorlangan. Faqat safarda yutqazdik. Namanganga borsak, albatta stadionlar muxlislar ko‘p bo‘ladi. Bu biz uchun ham yaxshi, ham yomon desa bo‘ladi. Yaxshi tarafi biz yanada ruhlanamiz. Stadionda muhit qancha zo‘r bo‘lsa, futbolchilar ham shunga yarasha yanada yaxshiroq to‘p surishga intiladilar. “Paxtakor”, “Bunyodkor” kabi jamoalarni yutish uchun bitta narsa kerak: ulardan ko‘ra, g‘alabani ko‘proq xohlashimiz lozim. Demak, raqibdan ko‘ra, ko‘proq harakat qilishimiz, yugurishimiz va mehnat qilishimiz talab etiladi. Balki, namanganda faoliyatimdagi birinchi g‘alabamni qo‘lga kiritarman. Biz maydonga faqat uch ochko uchun chiqamiz. E’tibor bersangiz, biror marta o‘yinni cho‘zish holati bizda kuzatilmayapti. Doim kurashyapmiz. Yutsak yaxshi, yutqazsak keyingi o‘yinga tayyorlanyapmiz. Yosh jamoa shunaqa bo‘ladi.
“Navbahor” vaziyatlardan foydalana olmaydi”
- Safarda durang ham bizni qoniqtiradi. Gapimni boshida aytdim, bir ochko ham biz uchun oltinga teng. Balki mavsum oxirida o‘sha bir ochko bizni chempionatda saqlab qolishi mumkin. “Navbahor”ni o‘rganishni boshlayapmiz. Shaxsiy fikrimga kelsak, ular o‘yin jihatidan chempionatni yomon boshlashmagan. Ha, birinchi turda o‘z uyida “So‘g‘diyona”ga yutqazdi. Biroq o‘sha paytda ham o‘yin bo‘yicha yutqazmagandi. O‘ylashimcha, ularni bitta muammosi – bu vaziyatlardan foydalana olishmas ekan. Agarda biz bilan uchrashuvda ham raqib imkoniyatlardan foydalana olmasdan, qaytanga biz yarimta vaziyatni golga aylantira olsak, yutib ketamiz deb o‘ylayman. “So‘g‘diyona” bilan o‘yin xuddi shunday bo‘ldi: namanganliklar ko‘plab imkoniyatlardan foydalana olmadi, raqib esa bitta vaziyatda gol urib yutib ketdi. Futbolda g‘alaba qozonish uchun gol urish kerak. Gol bo‘lmasa, hech qachon g‘alaba bo‘lmaydi.
“Birorta jamoa bizni “ezib” tashlagani yo‘q”
- Biz ilk turda “Metallurg”ni yutib mavsumni yaxshi boshladik. Keyin Andijonda mag‘lub bo‘ldik. So‘ng, o‘zimizda qo‘qonliklar bilan durang o‘ynadik. Ba’zida ishlar o‘zimiz istagandek yaxshi ketyapti, deb o‘ylaysizu, biroq aslida bunday bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, jamoamizga tajribasizlik pand beryapti. Masalan, “So‘g‘diyona”ni yutayotgan paytimizda yakunda yutqazdik. Bu tajribasizligimizdan. Ya’ni, futbolda o‘ziga yarasha ayyorlik ham bo‘ladi. Ammo o‘yin tomonlama birorta klub bizni “ezib” tashladi, deb o‘ylamayman. Tengma-teng kurashyapmiz. O‘sha Jizzaxdagi bahsda penaltidan gol ursak yutardik. Lekin omadsizlik bo‘ldi. Masalan, 26 yoshda bo‘lsam, o‘zimni hali mahoratli futbolchiman, deb o‘ylamayman. O‘rta tajribali deyishim mumkin.
Fikrlar