Bugun Jasur Yaxshiboevdan gol kutib, Oston O‘runovga muxlislik qilamiz!
Bugun Belarus va Rossiya chempionatlarida to‘p surayotgan hamyurtlarimiz – Jasur Yaxshiboev va Oston O‘runov jamoalari navbatdagi tur uchrashuvlarini o‘tkazadi.
Belarus chempionati oliy ligasida peshqadamlik qilayotgan Soligorskning “Shaxtyor” jamoasi Mozir shahrida “Slaviya” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, soligorskliklar yangi bosh murabbiy Roman Grigorchuk qo‘l ostida hujumkor o‘yin ko‘rsata boshladi. Ukrainalik mutaxassis debyut qilgan uchrashuvda “Shaxtyor” futbolchilari “Vitebsk” darvozasiga javobsiz beshta to‘p kiritdi. Ushbu bahsda so‘nggi gol hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev hisobiga yozildi.

Bu hisob “Shaxtyor” uchun joriy mavsumdagi eng yirik natija sifatida qayd etildi.
Soligorskliklar o‘tgan yilgi chempionat doirasida bu galgi raqib – “Slaviya”ni ikki o‘yinda ham mag‘lub etgan edi. Birinchi davradagi safar uchrashuvida kichik hisobda zafar quchgan “Shaxtyor”, musobaqaning ikkinchi yarmida o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida 5:1 hisobida yirik g‘alabani tantana qilgan.
Jasur Yaxshiboev bo‘lajak bellashuvni asosiy tarkibda boshlashi kutilmoqda. Hozir hamyurtimiz jami 13 ta gol bilan to‘purarlar bahsida etakchilik qilmoqda. Biroq, xotirjamlikka berilish mumkin emas va u gol urishi kerak. Chunki chempionlik uchun kurashda “Shaxtyor”ga asosiy raqobatchi bo‘lgan BATE tarkibida yangi to‘purar paydo bo‘ldi. Tajribali futbolchisi Maksim Skavish ketma-ket oltita uchrashuvda raqiblar darvozasini sakkiz marotaba aniq nishonga oldi va gollari sonini 11 taga etkazib, Jasurning natijasiga yaqinlashib qoldi.
“Slaviya” – “Shaxtyor” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.
Rossiya premer-ligasining sakkizinchi turida “Spartak”ni Qozon shahrida qiyin o‘yin kutib turibdi. O‘tgan yilgi chempionatda “Rubin”ning moskvaliklarda alami qolgan. Chunki birinchi davrada “Spartak” maydonidan bir ochko bilan qaytgan qozonliklar chempionatning so‘nggi uchrashuvida o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida 1:2 hisobida yutqazib qo‘ygan.
Bugun “Rubin” o‘tgan mavsumdagi mag‘lubiyat uchun o‘ch olish uchun o‘ynaydi.
O‘z navbatida, o‘zbekistonlik futbol muxlislarini hamyurtimiz Oston O‘runovning o‘yini qiziqtirmoqda. 19 yoshli futbolchimiz Rossi kubogi doirasida “Rodina”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ilk daqiqalardan o‘ynab, chiroyli gol urishga erishdi va ko‘pchilikning fikri bo‘yicha mazkur bahsning eng yaxshi futbolchisi sifatida asosiy tarkibga loyiq o‘yinchi ekanini isbotlab qo‘ydi. Bungacha, o‘zbekistonlik legioner premer-liganing ikki uchrashuvida zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, murabbiylar ishonchini oqlagan edi.

Oston O‘runovning yangi jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘layotganini ko‘rib turgan muxlisu mutaxassislar bugun bosh murabbiy Domeniko Tedesko o‘zbek futbolchisini asosiy tarkibda maydonga tushirishini kutmoqda.
“Rubin” va “Spartak” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 18:30 da boshlanadi.
O‘runov adolatsizlik qurbonimi?
“Spartak”da bu ishni faqat O‘runov uddalaydi. Uni ko‘proq o‘ynating!
O‘runov, o‘ynasang Roy Kin yoki Gattuzodek o‘yna!
Yaxshiboevga jiddiy raqobatchi paydo bo‘ldi. Endi kurash qizg‘in kechadi!
Yaxshiboev Shatskixning o‘rnini bosa oladimi?
Fikrlar