Bunaqasi Messi jahon chempionatida birinchi marta uddaladi
2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichi birinchi turida Argentina terma jamoasi Jazoirga qarshi maydonga tushdi. Lionel Skaloni shogirdlari raqibni yirik hisobda mag‘lub etdi – 3:0.
Uchrashuv qahramoni Lionel Messi bo‘ldi. Hujumchi raqib darvozasiga uch marta yo‘l topib, xet-trik qayd etdi. Bu 38 yoshli forvard uchun jahon chempionatlari tarixidagi ilk xet-trik hisoblanadi. Umuman olganda, Messi jahon chempionatlarida 27 ta o‘yin o‘tkazib, 16 ta gol urgan va 8 ta golli uzatma amalga oshirgan.
Ushbu xet-trikdan so‘ng Lionel Messi jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Klozega yetib oldi. Har ikki futbolchi hisobida ham 16 tadan gol mavjud.
Messi navbatdagi o‘yin – Avstriyaga qarshi bahsda yana gol ursa, jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida yakka yetakchiga aylanishi mumkin.

Fikrlar