
"Bunyodkor" "Qizilqum" bilan o‘zaro o‘yinlarda katta ustunlikka ega. Lekin...
2 mart sanasida Superligamizda yana ikkita o‘yin o‘tkaziladi. Ulardan biri Toshkentda “Bunyodkor” hamda “Qizilqum” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. E’tiboringizga ushbu jamoalarning chempionatimiz tarixidagi o‘zaro o‘yinlar qarama-qarshiligi borasida ma’lumotlar taqdim etamiz.
Bo‘lajak uchrashuv “Bunyodkor” va “Qizilqum” o‘rtasidagi 35-to‘qnashuvga aylanadi. Ustunlik “Bunyodkor” tarafida. “Qaldirg‘ochlar” raqibi ustidan 20 ta o‘yinda g‘alaba qozongan. “Qizilqum” esa 7 ta uchrashuvda muvaffaqiyatga erishgan. Yana 7 ta bahsda kuchlar teng kelib qolgan. To‘plar nisbati 62-29 tabiiyki mezbonlar foydasiga.
Lekin oxirgi yillarda o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik “Qizilqum” tarafida bo‘lib turibdi. Gap shundaki, bu jamoalarning so‘nggi 4 ta to‘qnashuvida “Bunyodkor” g‘alaba qozona olmagan. Masalan, o‘tgan yili Toshkentda durang o‘ynashgan. Navoiyda esa “Qizilqum” g‘olib chiqqan. 2022 yilda bo‘lsa, har ikkala bellashuvda ham navoiyliklarning qo‘li baland kelgan. “Bunyodkor” so‘nggi bor bu raqibini 2021 yilning 4 noyabr kuni 1:0 hisobida mag‘lub etgan.
Fikrlar