"Buxoro" ikki futbolchi bilan shartnoma imzoladi!

  • 13.01.2026 22:19
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

"Buxoro" oʻz tarkibiga Sardor Qulmatov va Muhammad Yoʻldoshevni qoʻshib oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati maʼlum qildi.

"Jamoamiz safida himoyachi sifatida toʻp surib, nafaqat mudofaa, balki hujumlarda ham faol ishtirok etib kelayotgan, oʻzining jangovar ruhi va fidoyiligi bilan muxlislar mehrini qozongan tajribali futbolchi Sardor Qulmatov faoliyatini "Buxoro" safida davom ettiradi. Klub va futbolchi oʻrtasidagi shartnoma yana bir yilga uzaytirildi. Sardor Qulmatov ushbu mavsumda Superliga doirasida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 1713 daqiqa harakat qilgan. "Nasaf" darvozasiga gol kiritishga muvaffaq boʻldi. Uning barqaror va professional oʻyini jamoaning himoya chizigʻini mustahkamlaydi va raqiblarga qarshi ishonchli oʻyin namoyish etadi.

Jamoamizning himoya qoʻrgʻonida oʻzining ishonchli va sifatli oʻyini bilan jamoamiz keyingi mavsum Superligada ishtirok etishiga munosib hissa qoʻshgan tajribali himoyachi Muhammad Yoʻldoshev navbatdagi mavsumda jamoamiz safida faoliyat olib boradi. Muhammad Yoʻldoshev oʻtgan mavsumda jamoamiz tarkibida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 2170 daqiqa harakat qildi. Himoyachi boʻlishiga qaramay, u ushbu oʻyinlarda 4 ta golli uzatma muallifiga aylanishga muvaffaq boʻldi.

Ishonamizki, Sardor hamda Muhammad yangi mavsumda ham oʻz mehnati, tajribasi va mahorati bilan jamoamiz oldiga qoʻyilgan yuksak maqsadlarga erishishga katta hissa qoʻshadi.

Futbolchilarimizga yangi mavsumda sogʻliq, barqaror oʻyin va jamoamiz bilan birgalikda yangi gʻalabalar tilaymiz! — deyiladi xabarda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!