"Buxoro" mashg‘ulotlarini bosh murabbiysiz boshladi

  • 31.05.2020 09:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol

Nihoyat, Superliga bahslarini davom ettirishga ruxsat berilgani barcha uchun yoqimli xabar bo‘ldi. PFL esa klublarga mashg‘ulotlarni karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda o‘tkazishlari uchun ham ruxsat berdi. Shu bois hozirda aksariyat jamoalar yig‘inlarni boshlab yubordilar.

Mavsumni o‘ta qoniqarsiz natijalar bilan boshlab, dastlabki uchta o‘yinning barchasida yirik hisobda yutqazib, hali raqiblar darvozasiga gol ura olmagan “Buxoro” ham PFLning rasman ruxsati bilan kechadan mashg‘ulotlarga kirishdi. Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor.

Gap shundaki, jamoaning tojikistonlik bosh murabbiyi Muhsin Muhammadiev va uning yordamchisi yurtimizda karantin e’lon qilingach, Moskvaga jo‘nab ketishgandi. Shu bois hozirda jamoa mashg‘ulotlari yordamchi murabbiy Mirislom Hasanov boshchiligida o‘tkazilmoqda. Muhammadievning qachon qaytishi esa hozircha so‘roq ostida turibdi.

Buning ustiga jamoa legionerlari ham uylariga jo‘nab ketishgandi. Shu sababli ularning ham qachon qaytishi hali noma’lum. Mazkur vaziyat bo‘yicha “Buxoro” klubi rahbariyati bilan bog‘langanimizda murabbiylar va legionerlarni qaytarish uchun zarur ishlar olib borilayotganligini ma’lum qildi. Shunga qaramay, bosh murabbiy bilan doimiy aloqada bo‘lib turishibdi. Qolaversa, mashg‘ulotlar ham Muhsin Muslimovich bilan maslahatlashgan holda olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Buxoro” 4-tur doirasida o‘z maydonida Viktor Kumikov boshchiligidagi “Andijon” klubini qabul qiladi. Aslida esa ushbu uchrashuv Muhammadievning keyingi taqdirini belgilab berishi ma’lum. Boisi, bungacha boy berilgan uchta o‘yindan keyin bosh murabbiyga yana bir imkoniyat havola qilinganligi oydinlashgandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
31/05/2020 19:22
Мухсини утган йили хайдаш керак эди