Chempionlar ligasi pley-offiga bitta yo‘llanma qoldi, “Barsa” Messisiz “sindi”
Chempionlar ligasining guruh bosqichi bellashuvlari yakunlandi. Pley-offning 16 ta yo‘llanmasidan 15tasining egasi aniqlandi.
Guruhdagi oltinchi turning ikkinchi kungi bahslaridan so‘ng, «Manchester Siti», «Pari Sen-Jermen», «Liverpul», «Atletiko», «Ayaks», «Sporting», «Real», «Inter», «Bavariya», «Benfika», «Manchester Yunayted», «Lill», «Zaltsburg», «Yuventus» va «Chelsi» bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
E’tiborli jihati, Lionel Messisiz o‘ynayotgan “Barselona” oxirgi 20 yilda ilk bor guruh bosqichidan o‘ta olmadi va Evropa Ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi.
Pley-offning so‘nggi yo‘llanmasi egasi “Atalanta” va “Vilyarreal” o‘rtasidagi uchrashuvida aniqlanadi. Bergamo shahri mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan bu bahs ob-havo sharoiti tufayli bir kun ortga surildi.
F guruhida o‘ynayotgan mazkur jamoalar bellashuvida ispan klubini durang natija ham qoniqtiradi. Raqibdan bir ochkoga ortda qolayotgan bergamoliklar pley-offga chiqishi uchun o‘z uyida g‘alaba qozonishi shart.

Fikrlar