Chirchiqda koresh bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi
Joriy yilning 17 oktyabr kuni Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining kurash zalida koresh (Tatar koreshi) sport turi bo‘yicha xalqaro "Do‘stlik" nomli turnir tashkil etildi.
O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, xalqaro Koresh federatsiyasi hamda O‘zDJTSU Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tgan ushbu xalqaro turnirda Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston sportchilari 5 ta vazn toifasida bellashishdi.
Kun davomida o‘tkazilgan bellashuvlar natijasiga ko‘ra umumjamoa hisobida Rossiya terma jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa polvonlarimiz ikkinchi o‘rinni band etishdi. Uchinchi o‘rin qo‘shni Tojikiston davlati sportchilariga nasib etdi.
Mazkur xalqaro musoboqaning tantanali ochilish va taqdirlash marosimida Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, xalqaro koresh federatsiyasi boshqaruv raisi Ravil Nagumanov (Rossiya), Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov, xalqaro Qirg‘iz kurosh federatsiyasi prezidenti Riskeldi Shamiev (Qirg‘iziston), O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, O‘zDJTSU birinchi prorektori Sherzod Mirzanov va boshqalar ishtirok etdi. Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.
Shuningdek, turnir doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti xalqaro koresh federatsiyasi, Qirg‘iz kurosh federatsiyasi hamda Rossiya federatsiyasi Pavolojiya davlat madaniyat, sport va turizm universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Fikrlar