CITYXTRA: Husanov uchun superklub 50 million evro taklif qildi

  • 25.12.2025 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

2025 yilning 20 yanvar kuni klub safiga kelib qo‘shilganiga hali bir yil bo‘lmay turib,  Abduqodir Husanov kutilmaganda «Manchester Siti»ni tark etishi mumkinligi haqidagi xabarlar oqimi markazida qoldi.

“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan nufuzli manbalardan biri –  cityxtra.co.uk sayti Abduqodir Husanov atrofida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha yangi ma’lumotlarni chiqardi.

- Xosep Gvardiola “Etixad” stadionida tajribali o‘yinchilar va kelajagi porloq yosh iste’dodlarni birlashtirgan holda, jamoa mudofaa chizig‘ini istiqbolli rivojlantirishda o‘zbek futbolchisiga muhim o‘rin ajratganiga qaramay, uning ismi transfer yangiliklarida bot-bot tilga olinmoqda.

Husanovning Manchesterdagi ilk yili, garchi u turli musobaqalarda bir nechta hayratlanarli o‘yinlar ko‘rsatgan bo‘lsa-da, klub rahbariyati tomonidan tezkor natija berish davri emas, balki ko‘proq jamoaga moslashish bosqichi sifatida qabul qilinmoqda. Shu bilan birga, jamoa himoya chizig‘ida asosiy tarkibdan joy olish va o‘yin vaqtiga ega bo‘lish uchun keskin raqobat davom etmoqda.

“Manchester Siti” murabbiylar shtabi hamon futbolchining individual o‘sishiga, maydonda to‘g‘ri pozitsiya tanlashiga va Pep Gvardiolaning nihoyatda murakkab va talabchan taktik tizimiga to‘liq singib ketishiga e’tibor qaratmoqda.

Husanovning joriy mavsumdagi o‘yin vaqti cheklangani esa, ham jamoadoshlarining yuqori darajadagi mahorati, ham uning o‘z jismoniy holati bilan bog‘liq ayrim muammolar bilan izohlanadi.

Uning atrofidagi vaziyat sababli ichki raqiblar bilan bog‘liq xabarlar kun tartibiga chiqdi. Hozirda asosiy muhokama mavzusi – “Manchester Siti” Premer-ligadagi o‘zining  to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisini kuchaytirish evaziga bo‘lsa ham, “bu transferni ko‘rib chiqadimi yoki yo‘qmi?”, degan masaladir.

Sport Witness nashrining xabar berishicha, bir necha manbalar qishki transferlar oynasi vaqtida Abduqodir Husanovni himoya chizig‘ida muammolarga duch kelgan “Real”, Frantsiyada qo‘qqisdan chempionlik uchun da’vogarga aylangan “Lans” ijaraga olmoqchi ekani, mavsumning birinchi yarmida inqirozga yuz tutgan Premer-liganing amaldagi chempioni “Liverpul” esa, o‘zbek himoyachisini to‘liq transfer qilish uchun 50 million evrogacha badal puli tikishi mumkinligi haqida yoza boshladi.

Biroq, “Allez Lens” kabi nashrlar “Manchester Siti” yosh o‘yinchini qo‘yib yubormasligini ta’kidlamoqda. Ular “Manchester Siti”ning bunday qat’iy pozitsiyasini “shaharliklar”  yosh futbolchilarni uzoq muddatli salohiyatini ko‘zlab sotib olishgani bilan izohlamoqda. Shu bois, maydonda imkoniyatlar hozircha cheklangan bo‘lishiga qaramay, klub Husanovning mahoratini o‘z ichida rivojlantirishda davom etish niyatida ekani ko‘rinib turibdi.

“Manchester Siti” bir vaqning o‘zida bir nechta musobaqalarda qatnashayotgani va tarkibdagi o‘yinchilarning jismoniy holati bilan bog‘liq tinimsiz muammolarni inobatga olsak, tarkibning kengligi va zaxira kuchi Pep Gvardiola va uning shtabi uchun eng muhim ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, mavsumning qizg‘in paytida istiqbolli markaziy himoyachining jamoadan ketishi klub strategiyasiga mutlaqo zid kelgan bo‘lardi.

Yanvar oyidagi transfer oynasi yaqinlashgan sari, zaxira o‘yinchilari va yosh iste’dodlar atrofidagi turli mish-mishlar yanada avj olishi kutilmoqda. Biroq, agar kutilmagan keskin o‘zgarishlar yuz bermasa, “Manchester Siti”ning Abduqodir Husanov borasidagi qarori o‘zgarmas bo‘lib qoladi va bu mantiqan to‘g‘ri yondashuvdir.

Katta ehtimol bilan, himoyachi “Etixad”da qoladi. Chunki “Manchester Siti” rahbariyati futbolchining kelajagi bo‘yicha rejalarida uning ketishi, ayniqsa, Angliya yuqori divizionidagi asosiy raqobatchilardan biriga o‘tishi ko‘zda tutilmaganini qat’iy tarzda tushuntirib qo‘ydi, - deb yozmoqda cityxtra.co.uk eksperti Freddi Pay.

Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar davom etishi belgilangan. Uning transfer narxi 35 million evroni tashkil qilmoqda.

18 yoshli Nurali Abduqodir Husanov izidan Evropaga yo‘l oldi

Shomurodov 2025 yilning so‘nggi o‘yinini ham “yondirdi”!

Kannavaro: Kutib charchadim!

Fabio Kannavaro “JCh-2026” oldidan barcha muammolarni ochib berdi

Gvardiola Husanovni tanqid qilgan murabbiyni “razbor”ga chaqirdi

Nihoyat, Husanovni maydonda ko‘ramiz!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!