Damir Temirov: "Andijon" varianti paydo bo‘lganida xursandchilik bilan qabul qildim"

  • 2 avgust, 2024, 11:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Andijon”ning oxirgi transferi Damir Temirov bo‘ldi. 26 yoshli iqtidorli yarim himoyachi endilikda “Burgutlar”ga aylangan holda oldiga yangi maqsad va marralarni qo‘ymoqda. Temirovdan muxlislarning ham umidi katta. Futbolchi esa klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Damir, faoliyatingizda yangi sahifa ochilyapti. Endi siz “Andijon”ning yangi a’zosisiz...

- Bu jamoaga kelganidan xursandman. Xudo xohlasa, yaxshi tramplin bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Transfer oynasi yopilishiga oz fursat qolganida sizning “Andijon”ga o‘tishingiz amalga oshdi. Bu qanday yuz berdi?

- Kutib yurgandim. Jamoamni o‘zgartirishim kerak edi. Muhit o‘zgarishi lozim edi. “Andijon” varianti paydo bo‘lganidan keyin ikkilanib o‘tirmasdan bu taklifga rozilik bildirdim va buni xursandchilik bilan qabul qildim.

- Bungacha “Andijon”ga qarshi ko‘p o‘ynagansiz. Qanday xotiralar qolgan?

- “Andijon” ajoyib jamoa. Bu erda qancha futbolchi o‘zgarsa ham baribir ichki muhit o‘zgarmaydi. Har doim ahil va inoq jamoa bo‘lib qolaveradi. Men mana shunday ahil jamoaga qo‘shilganimdan mamnunman.

- Futbolchini o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘ladi. Siz “Andijon” bilan nimani ko‘zlayapsiz?

- Maqsad har bir o‘yinda g‘alaba qozonish va maksimal natijaga erishish.

- Kelgan chog‘ingizda bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov bilan ham suhbatlashib oldingiz. U sizga nimalar dedi?

- Iliq kutib olishdi va menga oson bo‘lmasligini aytishdi. Raqobat bo‘lishini ta’kidladilar. Raqobat bo‘lgan joyda albatta o‘sish bo‘ladi.

- “Bobur arena”da o‘ynagansiz. Bu erda qanaqa muhit bo‘lishini bilasiz...

- Mehmon bo‘lib yoki mezbon bo‘lib o‘ynasangiz ham bunaqa atmosferada to‘p surish futbolchi uchun birinchi navbatda baxt desa ham bo‘ladi. Bunday muhitda o‘yin yanada chiroylilashib boraveradi. Avvalambor futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Xudo xohlasa, “Andijon” ishqibozlarini g‘alabalarimiz bilan quvontiramiz.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davlatbek Alibekov
02/08/2024 19:05
Андижонга х,ущ келибсен Дамир сендан галабали у'йинлар кутиб к,оламиз