"Darvozabondan golli pas bo‘lsa bu yoqimli" - "Andijon" posboni qanday qilib assist vazifasini uddaladi?

  • 24 noyabr, 2023, 23:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi Superliganing 25-turida safarda “Turon”ni 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytdi. Ushbu bahsda jamoaning “Andijon” darvozasini qo‘riqlagan Eldor Adhamov uchinchi golgi assist vazifasini bajarganiga nima deysiz?

U ilk turda “Nasaf” ustidan qozonilgan g‘alabada ham katta hissasini qo‘shgan, ammo jarohat bois ancha vaqtgacha safdan chiqishiga to‘g‘ri kelgandi. Mavsum oxirida Adhamov yana asosiy tarkibga qaytdi.

- Eldor, avvalo, safardagi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Dastlab "Turon"ga qarshi uchrashuv xususida fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- “Turon” bilan uchrashuvga biz ikki hafta muqaddam yig‘ilib, jiddiy tayyorgarlikka kirishgandik. Bu o‘yinda bizga uch ochko kerak edi. Ikki haftalik yig‘inimizda ikkita nazorat uchrashuvida ham o‘ynadik. “Turon”ga tayyorgarligimiz 100 foiz darajada bo‘ldi. Lekin maydonga tushganimizdan keyin ob-havo faktorlari o‘zimizni futbolni ko‘rsatishimizga biroz qiynadi. Ammo, Xudoga shukr, uch ochkoni qo‘lga kiritdik.

- Ma’lumki, siz joriy yilgi chempionatning ilk turida Qarshida "Nasaf" bilan uchrashuvda asosiy tarkibda o‘ynagansiz. Ammo o‘sha bahsda oyog‘ingizdan jarohat oldingiz va taqdir taqozosi bilan chempionat tugashiga ikki tur qolganida yana asosiy tarkibga qaytdingiz. Jarohat olgan paytingizda maydondan tashqarida qiynalmadingizmi, buni qanday engib o‘tdingiz?

- Albatta, har bir futbolchi uchun jarohat olgan payt og‘ir davrlar hisoblanadi. Chunki maydonga tusha olmaysiz, jamoangizga yordam bera olmaysiz, ichingizdan har xil his-tuyg‘ular o‘tadi. Lekin dard ham, shifo ham Allohdan. Xudoga shukr, hammasi ortdi qoldi. Bu bosqichdan o‘tib ketdim. Ikkinchi davraga optimal formamni 100 foiz tiklab tayyor bo‘lgandim. Baribir o‘z navbatimni kutishga to‘g‘ri keldi. Orada nazorat o‘yinlarida o‘ynadim. Maydonga qaytishim “Turon” bilan uchrashuvga yozilgan ekan, Xudoga shukr. Hammasi ortda qoldi va sport formamni tiklab oldim.

adhamov3

- Shuningdek, siz jarohatdan qaytgach, o‘z vaqtingiz kelishini kutdingiz. Yana asosiy tarkibga qaytganingizda nimalarni o‘yladingiz?

- Aytganimdek, asosiy tarkibga qaytishim “Turon” bilan bellashuvga yozilgan ekan. Buni juda ko‘p kutdim. Tinmasdan mehnat qildim, har bir epizodda sabr qildim. Doim o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatishga harakat qildim. Xudoga shukr, yana asosiy tarkibga qaytdim. Bu o‘yinni uzoq kutdim, faqatgina yaxshi o‘yin namoyish qilib, o‘zimni ko‘rsatish haqida o‘yladim. Muhimi, biz uch ochko olishimiz kerak edi. Xudo yuzimizni yorug‘ qildi.

- Yanada ahamiyatlisi siz "Turon" bilan uchrashuvning oxirgi daqiqasida jamoangizning uchinchi goliga assist vazifasini bajardingiz va buni hech kim kutmagandi. Bu qanday yuz berdi va buni kutmaganmidingiz?

- Odatda, bunday epizodlarda golga pas beraman deb tepilmaydi. Bizda o‘ziga yarasha taktika bor. Futbolchi to‘p uchun kurashsa, ikkinchi bo‘sh zonaga ochiladi. Hammasi o‘xshadi, kutilmaganda zarbam hech kimga tegmasdan golli pasga aylanib ketdi. Albatta, bunaqa holatlar yoqimli. To‘g‘risi, bunday bo‘lishini kutmagandim. Shunchaki, o‘shanda oldindan o‘ylangan taktikamiz bo‘yicha to‘pni tepgandim. Bunda hammasi gol bilan tugadi, bu yaxshi.

adhamov4

- Ilgari ham darvozabon sifatida assist vazifasini bajarganmisiz?

- Oldin ham bunaqa vaziyatlar bo‘lgan. Darvozabondan golga pas bo‘lsa, bu yoqimli vaziyatlar.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Дувлан
25/11/2023 09:23
Турон андижонга ютқазиб берди.
&
Bek 56
25/11/2023 12:45
У'зи Нефтчи билан у'йинда Турон про лигага йу'л олганди99%