
Dastin Pore-Charlz Oliveyra jangida kimning imkoniyati yuqori? O‘zbekistonlik MMA olami vakillari javob berdi
12 dekabr kuni UFC promousheni yana bir shov-shuvli jang kechasini tashkil etadi. Ya’ni, “UFC 269” turnirini barcha MMA ixlosmandlari orziqib kutmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, ushbu oqshomning markaziy jangida engil vazn (70.3 kg) toifasi chempioni Charlz Oliveyra ushbu divizionning tom ma’nodagi etakchisi Dastin Porega qarshi jangda o‘z titulini himoya qiladi.
Biz an’anaga sodiq qolgan holda, ushbu qarama-qarshilik borasida yurtimiz MMA olami vakillarining fikriga quloq tutdik.
Abu Bakr Siddiq (Bakir vechnyy) – ring anonseri
- 12 dekabr kuni MMA muxlislarini shiddatli o‘tishi kutilayotgan jang kutmoqda desam, xato bo‘lmasa kerak. Chempionlik janglari, har doim qiziq va shiddatli bo‘ladi. Oliveyra shunchaki chempionlikni berib qo‘ymasa kerak. Dastin esa bor kuchini, kamarni olib qo‘yishga sarf qiladi, biz super to‘qnashuvni guvohiga aylanamiz. Dastinda qo‘l zarbalari juda yaxshi, u kuchini 3-4 raundlar mobaynida teng taqsimlay oladi. Qolaversa, u anchagina chidamli hisoblanadi.
Oliveyra – UFCning engil vazn toifasidagi chempioni! Juda noqulay raqib, “parter”i haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Juda aqilli jangchi, deb hisoblayman.
Oliveyra “parter”dagi harakatlari evaziga g‘alabaga erishishi mumkin. Lekin bu MMA! Imkoniyatlar 50/50... Shaxsan men Dastin yutishini va undan keyin revansh bo‘lishini istar edim.
Farruh Madaminov – murabbiy
- Ochig‘i ushbu jangda Oliveyraga muxlislik qilaman. Chunki uning jang olib borishi yoqadi. Jiu-jit-susi juda kuchli va qo‘l zarbalari ham ajoyib ko‘rinish olgan. U raqib taklif qilgan uslubda jang qilaveradi. Umuman olganda, u “stoyka”da ham Dastindan qolishmaydi, degan fikrdaman. Xullas, Oliveyra ushbu jangda g‘alaba qozonadi.
Mansur To‘g‘izboev – murabbiy, referi
- Bu jang juda qiziqarli o‘tishi aniq. Sababi, ikki kuchli jangchi o‘zaro oktagonga ko‘tariladi. Biroq, bu jangda Dastin Pore yaqqol ustunlik qiladi, deb ayta olaman va u muddatidan avval g‘alaba qozonadi. “Stoyka”da Pore umuman imkon bermaydi. Jang uch raundga bormaydi, degan fikrdaman.
Bahodir Tillaboev – MMA jangchisi, murabbiy
- Ko‘pchilik Dastin Poreni imkoniyatini yuqori baholamoqda. Biroq, men bu to‘qnashuvda Charlz Oliveyraning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. Ishonch bilan ayta olamanki, braziliyalik jangchi ushbu bahsda g‘alaba qozonadi.
Dadaxon Hasanov – MMA jangchisi, referi
- To‘g‘risi, bu divizionda Dastin Poreni mag‘lub etish juda qiyin. Birgina Maxachev bu ishni yuqori darajada shakllangan kurashi evaziga amalga oshirishi mumkin. Biroq qolganlari asosan “stoyka”da jang olib boradi va bu Poreni mag‘lub etish uchun etarli bo‘lmaydi. Chunki u "stoyka"da har qanday raqibga "dars" beradi.
Oliveyra ham ajoyib jangchi, lekin uning jiu-jit-sudagi salohiyati ham Dastinni yutishga etarli bo‘lmaydi. Imkoniyatlarni 80/20 degan bo‘lardim.
Nozimjon To‘ychiev – O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasining Andijon viloyati bo‘limi mutasaddisi
- Har ikkisi juda kuchli jangchilar ekanligi barchaga ma’lum. Oldindan kimning g‘alaba qozonishini aytishning imkoni yo‘q. Biroq, imkoniyatlar borasida to‘xtalsak, Poreda “stoyka” da benazir jang olib borishi evaziga g‘alaba qozonish foizi yuqoriroq. Qolaversa, u Konor MakGregor, Habib Nurmagomedov, Jastin Getji kabi etakchilar bilan jang olib borib, birgina Habibga imkoniyatni boy bergan. Konor bilan hisob esa barcha yaxshi biladi, 2:1 ko‘rinish olgan.
Demoqchimanki, u jiddiy janglarni ko‘p o‘tkazgan. Oliveyrada esa bunday janglar Fergyuson va Chendlerga qarshi bo‘lgan deb ayta olamiz. Bir so‘z bilan aytganda Poreda g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori. Biroq, barchasi oktagonda hal bo‘ladi.
Humoyun To‘xtamurodov – MMA jangchisi
- Charlz Oliveyra UFC dan haydalganidan keyin, vazn toifasini o‘zgartirib, ajoyib “kambek” qilgan. U ushbu divizionda o‘zini juda yaxshi xis qilmoqda. Har jabhada o‘sishga erishgan. Hech qachon yutqazgan jangchini “sindi” deb bo‘lmasligiga va u dahshatli tarzda qaytishi mumkinligini aynan, Oliveyra isbotlab bergan. Dastin Pore “stoyka”da yaxshi va Habibdan keyin “parter”ini ham rivojlantirgan. Ammo, o‘ylaymanki, bu jangda Oliveyrani g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq. Lekin barchasini oktagon hal qiladi. Barchasi yaratganning izmi bilan bo‘ladi!
Fikrlar