
Davron Fayziev: Endi volidol olib yuraman shekilli
"Qo‘qon ahlini bugungi stadionning ochilish marosimi va jamoaning o‘z uyiga qaytgani bilan tabriklayman. Aynan mazkur quvonchlik kunda biz raqib sifatida to‘qnash kelganimizdan xursandmiz.
Biz muxlislarga yoqadigan, hujumkor o‘yin namoyish etishga harakat qilyapmiz. Ochilish marosimida muxlislar zavq oladigan o‘yin guvohi bo‘lishdi.
Davralar oralig‘ida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Har bir murabbiy kuchli futbolchini tarkibga qo‘shib olishni istaydi. Ammo qanchalik bunga imkoniyatimiz etadi? Tan olish ham mardning ishi, ammo moliyaviy jihatdan Superligada so‘nggi o‘rinda bo‘lsak kerak. Biz taklif bildirgan futbolchiga sharoitlarimiz yoqadimi, qolaversa, yuqoridagi muammo.
Masalan Suhrob Berdiev, Murod Xolmuhammedovlar bilan birga ishlaganman. Quvondiq Ro‘zievni ham "So‘g‘diyona"da ishlab yurgan vaqtlarimda Jizzaxga olib kelishni istagan edim, ammo moliyaviy qiyinchiliklar bunga yo‘l qo‘ymagan edi.
Shu bois masalliqqa qarab ovqat tayyorlashga harakat qilamiz. Davralar oralig‘ida bor yo‘g‘i 16 kun vaqtimiz bor. Futbolchilarga ta’til berish kerak, xullas barchasini hisob-kitob qilib chiqish kerak. Orada Liga kubogi o‘yinlari ham bor.
Menga qolsa har bir chiziqqa tajribali futbolchilarni taklif etgan bo‘lar edim. Bizning jamoada liderlar yo‘q. Xolmuhammedov kabi etakchi futbolchilar etishmayapti. Hujumga o‘tgan vaqtingizda etkchilikni qo‘lga oladigan, tempni ushlay oladigan futbolchi yo‘q. Shu tomonlama bizda kamchiliklar bor.
Men g‘alaba qozonayotgan vaqtimizda himoyaga yotib olinglar deb ko‘rsatma bermadim. Shunchaki yigitlarda xohish, kuch va shijoat bor. Marhamat, muxlislarga yoqidan o‘yin ko‘rsatishsin. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
O‘yindan so‘ng charchoq, asabiylashish holatlari bo‘ladi. Futbolchiga oson, ular o‘ynaydi, yuguradi. Murabbiyga esa hissiyotlarini chiqarishi kerak. O‘tgan safar aytganimdek, volidol olib yuradigan bo‘laman", - dedi Fayziev.
Fikrlar