Davron Fayziev: O‘FAning qarori meni shoshirib qo‘ydi

  • 06.03.2019 12:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Kutilganidek, 25 fevral kuni yangi futbol mavsumi uchun qur’a tashlandi. Ammo hammani hayron qoldirgan va kutilmagan voqea – bu “Surxon” bilan “Dinamo”ning Superligaga qo‘shilib, qatnashchilar soni 14 taga etkazilganligi bo‘ldi. Ayniqsa, samarqandliklar pro-ligaga mos tarzda tayyorgarlikni davom ettirib kelishayotgandi. Biroq kutilmagan qaror “dinamo”chilarni ham esankiratib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Endi bosh murabbiy Davron Fayziev zudlik bilan Superligaga mos jamoani shakllantirishiga to‘g‘ri keladi. Biroq buning uchun ularda vaqt qoldimi? Axir 8 mart kuni yangi mavsumga start beriladi. Biz esa mazkur voqeadan keyin darhol “Dinamo” jamoasi ustozi Davron Fayziev bilan suhbatlashdik.

- “Dinamo”ning Superligaga qo‘shilganligini qanday syurpriz sifatida qabul qilmaslik mumkin? Aslida jamoani quyi ligaga tushirib yuborishgandi va yana bizni olib chiqishdi. “Paxtakor” bilan nazorat uchrashuvi bo‘layotgan mahalda Superligaga qo‘shilganimizni eshitdim. Bunga esa ham ijobiy, ham salbiy qarash mumkin. Endi esa biz xuddi imtihon topshirayotgandek vaziyatga tushib turibmiz. Superligadagi jumboq jamoa biz bo‘lamiz. O‘zi shundoq ham chempionatga tayyorgarlikni olib borayotgandik. Voqealar rivojining bunday tus olishini esa hech kim kutmagandi. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi deyishadi-ku. Lekin biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. Bo‘lib o‘tgan ishlarni faqat yaxshilikka yo‘yamiz. Meni havotirga solayotgani shuki, mavsum boshlanishiga 10 kun vaqt qolganida Superligada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdik...

- Ya’ni, sizlarda deyarli vaqt qolmadi...

- Ha, to‘ppa-to‘g‘ri, bizda vaqt qolmagan.

- Chunki bungacha sizlar asosan pro-liga dasturi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rayotgandinglar...

- Ha, shunday. Endi xohlasak ham, xohlamasak ham qolgan 10 kun vaqt ichida maksimal darajada harakat qilmasak bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, biz mavsumda yaxshi qatnasha olamiz.

- Bo‘lar ish bo‘ldi, endi zudlik bilan nimadir qilish rejangiz bormi?

- Hozirgi paytga kelib barcha futbolchilar band. Hammasi o‘z klubiga ega. Agar imkoni bo‘lsa ikki nafar legionerni olib kelishga urinib ko‘ramiz. Bu masala bo‘yicha rahbarlar bilan gaplashamiz. O‘zimiz esa mahalliy yoshlarimizga e’tibor qaratamiz. Ular yig‘inlar chog‘ida yomon taassurot qoldirishmayapti. Endi esa hammamiz katta imtihon oldida turibmiz. Lekin men bungacha ham bu kabi imtihondan o‘tganman. “So‘g‘diyona”da ishlayotganimda og‘ir vaziyatdan chiqib ketgandik.

- Biroq hozirgi vaziyat siz uchun yana yangi chaqiriq bo‘ldi.

- Ha, o‘zim ham yangi chaqiruv va yangi sinov sifatida qabul qilaman. Faqat yaxshilikdan umid qilyapman.

- Qiziq jihati 25 fevral kuni hammasi oydinlashdi. O‘sha kuni “Paxtakor”ga qarshi nazorat o‘yinini o‘tkazdinglar va maydonga pro-liga vakili sifatida tushib, Superliga qatnashchisi bo‘lib tark etdinglar...

- Ha, bu ham biz uchun o‘zgacha quvonli bo‘ldi.

- Darvoqe, jamoangizning Superligaga qo‘shilganligi haqidagi xabarni birinchi bo‘lib kimdan eshitdingiz?

- O‘yin paytida telefonimni ovozini o‘chirib qo‘ygandim. Ammo keyinchalik telefonimga tinmasdan qo‘ng‘iroqlar va smslar kelishni boshladi. Birinchi bo‘lib kimdan eshitganim esimda yo‘q, ammo qaysidir jurnalist “Davron aka, Superliga bilan tabriklaymiz” dedi.

- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, qo‘l ostingizdagi tarkibni Superliga darajasiga tortadi deb ayta olasizmi?

- Jamoa yaxshi qatnashadi. Bunga shubham yo‘q. Tarkibimizda elitaning nafasini his qilgan o‘yinchilar ham bor. Qo‘l ostimdagi barcha futbolchilarga ishonch bildiraman va qo‘llab-quvvatlayman. Umid qilamanki, yigitlar ishonchimni oqlay olishadi.

- Sizningcha, “Dinamo”ni aynan qanday tamoyillar asosida Superligaga qo‘shishdi deb o‘ylaysiz?

- OFK litsenziyalash talablarini belgilab bergandi va shunga asosan PFL bu boradagi shartlarni ma’lum qilgandi. Biz esa ushbu talablarni bajarishga kirishgandik. Samarqand ahli ham katta futbolni sog‘ingandi. Stadionimiz ham, klubning infratuzilmasi ham talablarga javob berayotgandi. Qatnashishimizga ushbu omillar ham turtki bo‘ldi deb o‘ylayman. Biz endi mavsumni shunchaki o‘tkazmaymiz. Barcha raqiblarga haqiqiy bosh og‘riq bo‘lishga harakat qilamiz.

- O‘FAning bu qarori murabbiy sifatida sizni shoshirib qo‘yayotgandir-a?

- Albatta, meni shoshiryapti. Chunki boya aytganimdek, deyarli vaqtimiz qolmagan hisob. Hamma gap vaqtimiz qisqaligidadir.

- “Surxon” ham pro-liga qatnashichisi bo‘lsa-da, xuddi hammasini oldindan sezgandek tarkibini mahoratli ijrochilar bilan kuchaytirib borayotgandi va endi ular xotirjam ravishda tayyorgarligini davom ettiraversalar bo‘ladi. Nega “Dinamo” ham “Surxon” tanlagan yo‘ldan yurmadi?

- Hamma klub ham avvalo smetasiga qarab jamoa tuzadi. Biz ham shunga qarab jamoa tuzishni boshlagandik.

- Qur’a tashlash marosimi haqida fikringiz qanday?

- Qur’ani ko‘zi ko‘r bo‘ladi deyishadi. Baribir qachondir hamma jamoalar bilan o‘ynashimiz kerak. Birinchi turni o‘z maydonimizda muxlislarimiz qarshisida o‘tkazishimiz yomon emas. Ayniqsa, “Nasaf”dek jamoa bilan o‘ynash yanada qiziqarli. “Surxon” jamoasi ham birinchi turni o‘z maydonida “Metallurg”ga qarshi o‘tkazadi. “Paxtakor” – “Lokomotiv” to‘qnashuvi birinchi turdayoq ro‘y berishini ham hech kim kutmagandi. Qur’adan nolishga hojat yo‘q.

- O‘FA rahbariyati bunday voqealar rivojidan avval “Dinamo” klubi rahbariyatidan jamoa Superligaga tayyorligi borasida qandaydir surishtiruvlarni olib borganmidi? Umuman, sizlarni xabardor qilishganmidi?

- To‘g‘risi, biz bilan hech kim bu haqida bog‘langani yo‘q. Viloyat hokimi bilan oxirgi uchrashuvimizda pro-ligadagi byudjetimiz tasdiqlangandi va shunga asosan ish olib borayotgandik. Faqat litsenziyalash ishlari qanday bajarilayotgani bilan qiziqishgandi. Samarqandga kelib amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishgandi. Jamoa esa bu paytda Toshkentda tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Endi bu biz uchun unutilmas kun bo‘lib qoladi.

- Hammasi oydinlashgach, rejalaringiz ham tubdan o‘zgarib ketdi. Endi nima qilmoqchisiz?

- Yillik rejalarimizning hammasi o‘zgaradi. Mana, hozir shuning ustida bosh qotirib o‘tiribmiz. Rejalarimizni 100 foizga o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi. Mayli, bizni kuchsiz deb hisoblayverishsin, biz bor kuchimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Samarqandlik muxlislarni esa “Dinamo”ning Superligaga qaytgani bilan tabriklayman. Yil davomida jamoamizga ishonishlarini xohlayman. Shuningdek, yangi mavsum boshlanayotgani bilan barcha muxlislarni tabriklayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Тога
06/03/2019 15:21
Даааааааааааааа неожиданный поворот видимо респект для наших грандов чтобы побольше очков набирали с запасом и если вдруг в конце сезона у какого-то из (Бунедкор) грандов отберут очки за что-то чтобы они могли играть дальше в кубках Азии. А, что делать тогда середнячкам. (интересно девки пляшут)