Debyut:"Qirol Artur"ning yurishi qay tarzda boshlangan edi?
“Debyut” ruknining bu galgi “qahramoni” mashhur yurtdoshimiz Artur Grigoryan bo‘ladi.
Artur mamlakatimiz professional boksi tarixiga o‘chmas, zarhal harflar bilan bitilgan charmqo‘lqop ustasi hisoblanadi. U professional faoliyati mobaynida 39 bor jang o‘tkazib, bir bora mag‘lubiyatga uchragan. Qolgan barchasida g‘alaba nashidasini suradi. U engil vazn toifasida WBO chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi va uni uzoq yillar mobaynida, ya’ni 17 bora himoya qila olgandi. Qolaversa, O‘zbekistonda professional boks bo‘yicha birinchi jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan charmqo‘lqop ustasi sifatida tarixga kirdi.
Aslida, ushbu bokschimiz havaskor boksda ham yomon natija qaydd etmagan. U 1990 yil AQShda bo‘lib o‘tgan “Yaxshi niyat o‘yinlari” turnirida g‘olib chiqadi. Mazkur musobaqada u keyinchalik professional boksning uch vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan, afsonaviy Sheyn Moslini ham mag‘lubiyatga uchratgan edi. 1991 yilgi Sidneyda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida esa, kumush medalni qo‘lga kiritadi. Va yana bir nechta turnirlarda zafar qucha olgandi.
Grigoryan professional faoliyatini deyarli Germaniyada olib borgan. Janglarining 35 tasini aynan shu mamlakatda o‘tkazadi. 4 bora esa boshqa davlatda o‘tkazgan. To‘g‘rirog‘i, 3 bora, Vengriya va bir marotaba AQShda ringga ko‘tariladi. Aynan, okean ortiga sayohat u uchun omadsiz yakunlanadi va faoliyatidagi birinchi mag‘lubiyatini braziliyalik Aselino Freytasdan qabul qilib oladi. Bu jang 2004 yil 3 yanvarda sodir bo‘lgan. Bu hamyurtimiz professional faoliyatini boshlaganidan 10 yil o‘tib deganidir... Darvoqea, u olmon yurtining “Universum Box-Promotion” kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, u Germaniya zaminida “Qirol Artur” nomi bilan ham mashhurlikka erishgandi.
Demak, u professional boksdagi ilk qadamini 1994 yil 10 aprelda o‘tkazadi. Uning raqibi esa, AQShlik Xuan Tubbs bo‘ladi. Qizig‘i, ushbu charmqo‘lqop ustasi faoliyati mobaynida uch marotaba jang o‘tkazgan va barchasida mag‘lubiyatga uchragan. Yurtdoshimiz bilan esa, ikkinchi jangida to‘qnash kelgan edi. Mazkur to‘qnashuvning ikkinchi raundida Grigoryan raqibini texnik nokautga uchratadi va profidagi muvaffaqiyatli odimini shu tarzda boshlaydi.

Fikrlar