Deyarli gol urganlar yana maqtovda yoxud Abdurazzoqovdan Dorievgacha

  • 24 noyabr, 2024, 21:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 25-turi yakuniga etdi. 7 ta o‘yinning eng yaxshi futbolchilari aniqlandi. Quyida shu xususida to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

“Paxtakor” – OKMK – 0:2. Eng yaxshi futbolchi: Nodir Abdurazzoqov

Turni boshlab bergan Toshkent derbisida Mirjalol Qosimov jamoasining qo‘li baland keldi. OKMKda kelajagi porloq futbolchilardan biri sifatida e’tirof etilayotgan Nodirbek Abdurazzoqov shu kuni zo‘r o‘ynab berdi. Qo‘shimchasiga hisobni ochib beruvchi gol muallifiga ham aylandi.

“Neftchi” – “Nasaf” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Bilolxon Toshmirzaev

Vitaliy Levchenko jamoasi ushbu turda Farg‘onada amaldagi chempion “Nasaf”ni qabul qildi. O‘yin taqdiri ikkinchi bo‘limda hal qilindi. Bilolxon Toshmirzaev hisobni ochgani farg‘onaliklarning ishtiyoqi va ishonchini yanada ko‘tarib yubordi. Bu futbolchi mehmonlarga katta qiyinchiliklar tug‘dirdi va o‘ziga yuklatilgan ishonchni uddaladi.

“Qizilqum” – “Navbahor” – 1:5. Eng yaxshi futbolchi: Jamshid Iskanderov

Namanganliklar safarda “Qizilqum”ni yanchib tashladi. Jamshid Iskanderov gol urishni boshlab berdi va yakunda “Navbahor” raqib darvozasiga 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Jamshid Iskanderov esa o‘zining yuqori darajasini ko‘rsata oldi.

“Olimpik” – “Bunyodkor” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Andriya Filipovich

“Qaldirg‘ochlar” “Olimpik”ga qarshi bahsda yagona gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdi. “Bunyodkor”ning xorvatiyalik futbolchisi Andriya Filipovich uchrashuvni yaxshi o‘tkazdi. G‘alabaga katta hissa qo‘shgan legioner yakunda eng zo‘ri deb e’tirof etildi.

“Andijon” – “Dinamo” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Bektemir Abdumannonov

“Andijon” muhim bo‘lgan uchrashuvda o‘zi uchun kerakli natijani qo‘lga kirita oldi. Uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun “Burgutlar” raqib darvozasiga javobsiz uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldilar. “Andijon”ning qanot yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonov o‘yinni “yondirdi”. U o‘zi gol urdi va bitta golga pas berdi. Haqli tarzda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

“Metallurg” – “Surxon” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Oleksandr Kucherenko

“Metallurg” yutmasa bo‘lmaydigan o‘yinda bir amallab “Surxon”ni engdi. Endi hammasi oxirgi turga qoldi. “Surxon”ga qarshi uchrashuvda “Metallurg”ning legioner himoyachisi Oleksandr Kucherenko yana bir bor eng yaxshisi bo‘ldi. U mudofaa chizig‘ida raqib hujumlarini bartaraf etish bilan birga hujumlarda ham yordamlashib turdi va jamoasining ana shunday hujumlaridan birini Kucherenko gol bilan yakunladi. Bu esa “Metallurg”ga o‘ta muhim g‘alabani taqdim etdi va imkoniyatni oxirgi turgacha davom etishini saqlab qoldi.

“So‘g‘diyona” - “Lokomotiv” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Lyupcho Doriev

Ivan Boshkovich jamoasi Jizzaxdagi juda muhim uchrashuvda uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bunday jiddiy o‘yinda baribir tajribali o‘yinchilar katta sahnaga chiqishdi. Ayniqsa, “So‘g‘diyona”ning makedoniyalik to‘purari Lyupcho Doriev yana bir bor mahoratini namoyish qildi. U chiroyli goli bilan hisobni ochdi va Superligadagi gollarini 12 taga etkazdi. “Lokomotiv”ga qarshi bellashuvda Doriev hujumchi bo‘lsa-da, maydonning har bir qarich erida birdek mehnat qildi. U chindan ham eng yaxshisi bo‘lishga munosib.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!