 
                Diyor Imomxo‘jaev: Uchta katta ish amalga oshirildi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev "Andijon" klubining yangi rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildiri o‘tdi.
"Andijon futbol klubi yangi rahbariyat qo‘liga o‘tganiga hali 1 yil to‘lgani yo‘q. Mana shu davr ichida ko‘p ish qilindi. Va kamchilik ham juda ko‘p, ayniqsa o‘yinlarni tashkil qilishda tajriba etishmayotgan jihatlar bor. Ammo biz buni vaqti bilan joyiga tushirib olamiz. Muhimi esa uch katta ish amalga oshirildi.
Birinchisi, Andijon sharafini himoya qilayotgan klub musobaqadan chiqib ketayotgan joyida olib qolindi. Klub nafaqat musobaqani davom ettirdi, balki Superligadagi o‘rnini saqlab qoldi.
Ikkinchisi, "Sog‘lom avlod" stadioni rekonstruktsiya qilindi va stadion atrofi viloyat aholisi bemalol sayr qiladigan hududga aylantirildi.
Uchinchisi, eski rahbariyatdan qolib kelayotgan futbolchilar oldidagi qarzdorlik yopildi. Biz aynan shu shart bilan yangi rahbariyat bilan ishladik. Bugun oxirgi 6 nafar futbolchi bilan hisob-kitob qilindi.
Yangi legionerlar va ular bilan bog‘liq masalalar, klubning yoshlar jamoalari va rivojlanish dasturlari yuzasidan tez orada rahbariyat bilan Andijonning o‘zida fikr almashamiz", - dedi Imomxo‘jaev.



Fikrlar