
Diyor Turopov: "Neftchi"dan ketishim to‘satdan yuz berdi, demagan bo‘lardim"
Kuni kecha “Neftchi” klubi Diyor Turopovning ketganini rasman e’lon qildi.
Yarim himoyachi 2023 yilning yanvar oyida “Navbahor”dan “Neftchi”ga ko‘chib o‘tgandi. Ikki yil mobaynida Turopov farg‘onaliklar safida 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 1 ta golli pas berdi.
Turopov “Neftchi” bilan Antaliya yig‘inida qatnashayotgandi. Endi esa u uyiga qaytdi. Sports.uz jurnalisti Diyor bilan bog‘landi.
- Diyor, yangi mavsumga "Neftchi" bilan tayyorgarlik ko‘rayotgandingiz. Ammo Antaliya yig‘inining yarmidan o‘tganda jamoadan ketganingiz e’lon qilindi. Hammasi to‘satdan yuz berdimi?
- “Neftchi”dan ketishim to‘satdan yuz berdi, demagan bo‘lardim. Yanvar oyining boshlarida jamoa Turkiyada yig‘ildi, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazishi uchun. Futbol ichida, sport ichida yurgan kishilar bilishsa kerak, bu o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida yuklama juda katta bo‘ladi. Shu bois baribir xohlaysizmi yoki yo‘qmi, sog‘liqda muammo kelib chiqishi mumkin. Jamoadan ketishimga shu omil sabab bo‘ldi. Yanvar oyining boshida o‘sha yuklamalar sabab sog‘ligimda muammo kelib chiqdi. Bu xaqida murabbiyga murojaat qildim. U bu gapimga ishonmadi va o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan suhbatda shuni tushunib etdimki, oyoq sinmaguncha u o‘shani ko‘rmagunicha, jarohat olmadi, degan fikrda qolar ekan (kuladi).
- Farg‘onadagi faoliyatingizdan qanchalik qoniqdingiz?
- Farg‘onadagi faoliyatimdan qoniqdim. Muxlislar talabchan va chiroyli tarzda qo‘llab-quvvatlaydi. Stadion to‘la muxlis. Har bir o‘yindan zavq olasiz, bunday atmosferada!
- “Neftchi”ga nomdor futbolchilar olib kelindi. Chempionlikka erishishiga ishonyapsizmi?
- Bu yil jamoaga nomdor va yaxshi saviyaga ega bo‘lgan futbolchilar yig‘ildi. Ular chempion bo‘la oladilar. Agar futbolchilarga to‘g‘ri yo‘nalish berilsa, salohiyati etadi, bunga ishonaman.
- Oldingizda qanday rejalar bor va qaysi variantni tanlayapsiz?
- Yaqinda Turkiyadan “Neftchi” lagerni tark etib O‘zbekistonga keldim. Hozir oilam, yaqinlarim bilan birgaman. Oldindagi rejalar haqida hali o‘ylaganim yo‘q.
- Vitaliy Levchenko va jamoaning ketishingizga munosabati qanday bo‘ldi?
- Levchenkoning ketishimga bo‘lgan munosabati menda hech qanaqa qiziqish tug‘dirgani yo‘q. Jamoadoshlarim va rahbariyat bilan iliq tarzda xayrlashdik.
- Superligada jamoalar soni 16 taga etkazilganiga munosabatingiz qanday?
- Fikrim: ijobiy!
- Yangi mavsum boshlanishiga oz fursat qoldi. Tezroq yangi jamoaga o‘tib moslashish sizga endi qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Xudoga shukr, hozir sog‘ligim yaxshi. Turkiyadaligimda 10 kun mobaynida tiklandim. Mashg‘ulotlarni qo‘yib yuborganim sabab, jismoniy taraflama qiynalishim mumkin. Lekin jamoaga moslashib ketish menda qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Fikrlar