Dragan Cheran "Andijon"dagi debut oʻyini, gʻalabasi va goli haqida nimalarni aytdi?

  • 01.03.2026 06:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Andijon”ning yangi transferlarida biri, tajribali Dragan Cheran ilk turni boshqa jamoadoshlari kabi ajoyib o‘tkazdi va raqib darvozasini ishg‘ol ham qildi. Jamoa sardori klub matbuot xizmatiga bahs borasida qisqacha intervyu berdi.

- Dragan, g‘alaba bilan tabriklayman. Taassurotlar qanday?

- Rahmat. Juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Garchi biz 4:0 hisobida yutgan bo‘lsak-da, o‘ziga yarasha og‘ir kechdi. Xudoga shukurki, mana shunday oson o‘tmagan bellashuvda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik. Albatta, vaziyatlardan unumli foydalanib, bunday muxlislar oldida g‘alaba qozonishimiz kerak edi.

- Hisobning 4:0 bo‘lishini kutgandingiz?

- Yo‘q, buni kutmagandik. Ammo o‘yinda shunday natija yuzaga keldi. Albatta, biz bunga harakat qildik. 4:0 - bu o‘ylaymanki, ajoyib natija.

- Sizda to‘purarlik salohiyati mavjud va ilk turdanoq gol urishni boshladingiz. Bu to‘purarlik kurashidagi dastlabki yurishingizni anglatmoqda...

- Hujumchilar o‘rtasida to‘purarlik uchun poyga boshlandi. Bu yog‘ini ko‘ramiz. Asosiysi, jamoamiz g‘alaba qozondi. Birinchi navbatda individual natija emas, balki jamoaning muvaffaqiyati muhim.  

- “Bobur arena”dagi atmosferani ko‘rdingiz va qanday ta’riflaysiz?

- Atmosfera super, buni ta’riflashga so‘z yo‘q. Juda zo‘r, muxlislarga katta rahmat. Har o‘yinda jamoamizni mana shunday qo‘llab-quvvatlashlarini kutib qolamiz. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!