EChL. “Real”, “Liverpul” va “Manchester Siti” ishtirokidagi o‘yinlar uchun prevyu

  • 27 oktabr, 2020, 22:59
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Ko‘hna qit’a”da futbol qizigandan qizib boryapti. Milliy birinchiliklarda joriy mavsum qaysi jamoa g‘olib bo‘lishini oldindan taxmin qilish amri mahol. Albatta, Frantsiya birinchi divizioni bundan mustasno. Shuningdek, Germaniya Bundesligasida ham ma’lum bo‘lib ulgurgan ikki jamoa o‘rtasida chempionlik masalasi hal bo‘ladi. Ammo ushbu blogda na frantsuz va na nemis futboliga asosiy e’tiborni yo‘naltiramiz. Asosiy qahramonlarimiz ikki eng kuchli chempionatning etakchi jamoalari. Ularning o‘yinlari alohida tahlilga arziydi. Boshladik!

Tecno

“Borussiya” Myunxengladbax - “Real”

“Borussiya” Myunxengladbax

Ushbu klub Germaniya Bundesligasida 5 ta tur yakuniga ko‘ra, 6-pog‘onani band etib turibdi. Dastlabki turda dortmundlik “adash”lariga yirik 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergach, birmuncha tekis o‘yin namoyish etib kelishmoqda. “Inter” bilan kechgan o‘yinda esa, biz nemis klubini o‘zimiz uchun qaytadan kashf qildik, deya olamiz. Marko Roze “nerradzurilar” o‘yinidagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, jamoasiga qarshi hujumda qanday harakat qilish kerakligini tanaffusda yaxshilab uqtirgandek ko‘rindi. Sababi, biz ikkinchi taymda, ayniqsa, aqlli futbol ko‘rsatgan jamoani ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Afsuski, biroz tajriba va iroda etishmadi va “qotil” Lukaku navbatdagi o‘ljasi sifatida myunxengladbaxliklarni jazoladi. 

Bugun ular qarshisida tushunarsiz “Real” turibdi. “Blankos” haqida batafsil to‘xtalamiz, ammo bugun Roze EChL qirollariga qarshi qanday taktik ishlanmalarini namoyish etishi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan bo‘lishi tabiiy.

Taxminiy tarkib: Sommer, Layner, Elvedi, Ginter, Bensebayni, Kramer, Nyuxaus, Xofmann, Shtindl, Tyuram, Plea.

Ishtirok eta olmaydi: Zakaria, Poulsen.

So‘roq ostida: Benes, Beyer, Latsaro.

image_2020-10-27_22-25-33

“Real”

Yuqorida bejiz “galaktikos”ni tushunarsiz, deya ta’riflamadim. Bu jamoa bir qarasang, “Shaxtyor”dan engiladi, yana bir qarasang, “Kamp Nou”da “Barsa”ni qaqshatib qaytadi. Zidanning iste’fosi haqidagi gaplar ham birdaniga yo‘qolib, o‘rniga uning PSJ bilan bog‘langani haqidagi xabarlar paydo bo‘ladi. Top-klublarda bosh murabbiylik qilishning og‘ir qismati ham shu bo‘lsa kerak.

Ramos kutilmagan tezkorlikda jarohatidan forig‘ bo‘lib qaytdi va “el-klasiko” qahramoniga aylandi. Ushbu turda “Borussiya” Myunxengladbaxga imkoniyatni boy berishga madridliklarning haqqi yo‘q, go‘yo. Aks holda, tasavvur qilish naqadar qiyin bo‘lmasin, “Real”ning guruhda qolib ketish ehtimoli 2 barobar oshib ketadi. Sababi, kelgusi ikkita turda haqiqiy raqib - “Inter” ularga ro‘baro‘ keladi. Konte siymosi esa, har qanday jamoani “Qirollik klubi” uchun xavfli raqib darajasigacha ko‘tara olish qobiliyatiga ega. 

Taxminiy tarkib: Kurtua, Vaskes, Varan, Ramos, Mendi, Modrich, Valverde, Kazemiro, Kross, Benzema, Vinisius.

Ishtirok eta olmaydi: Karvaxal, Odriosola, Mariano, Nacho, Edegor. 

image_2020-10-27_22-27-13

Marko Roze: “Biz “Inter”ga qarshi qanday hurmat bilan o‘ynagan bo‘lsak, “Real”ga ham shunday munosabatda bo‘lamiz. Biz ushbu o‘yindan juda ko‘p pozitiv jihatlarni topishimiz mumkin. 

Bu kabi yulduzli jamoa va Zidandek murabbiyga qarshi kurash olib borish men uchun sharaf. Unda etarlicha tajriba va mahorat mavjud. 

Bizning jamoada tarix va an’analar yuqori rol o‘ynaydi. Ammo oldimizda turgan bahsda bu bizga hech qanday yordam bermaydi. Biz bugungi kunga bor e’tiborimizni qaratganmiz. Bizni yuqori saviyali tarkibga ega bo‘lgan jamoaga qarshi kechadigan qiyin o‘yin kutib turibdi”.

image_2020-10-27_22-29-39

Zinedin Zidan: “Ikkinchi tur oldidan qanday holatda ekanligimizni to‘liq anglab turibmiz. Biz 90 daqiqa mobaynida e’tiborimizni bir erga qaratishimiz va xushyor o‘ynashimiz zarur. Bu juda qiyin kechadigan jarayon. 

“El-klasiko”da biz namoyish etgan o‘yin oldimizda turgan muhim o‘yinda takrorlashimiz uchun yaxshi bir namuna. Biz jamoa sifatida kurashdik va ushbu ishni Chempionlar Ligasida ham takrorlashimiz zarur, deb o‘ylayman.

image_2020-10-27_22-28-31

“Marsel” - “Manchester Siti”

ElQJ5PBXYAAs9eN

“Marsel”

Frantsiyaning manzarali va port shaharlaridan biri hisoblanuvchi Marselda futbolni juda xush ko‘rishadi. Jamoa Liga 1 ning doimiy grandlaridan biri hisoblanadi. Ammo so‘nggi paytlarda yuzaga kelgan PSJ gegemoniyasidan ushbu klub ham jabr ko‘rib kelmoqda. Qatar shayxlarining millionlari kirib kelmasidan avval, “Marsel”, “Lion”, “Lill”, “Bordo” va shu kabi klublarning chempionlik uchun kurashi ancha qiziqarli kechardi. Marselliklar esa ular orasida eng sovrindor jamoalardan biri sanalardi. 

Andre-Villash Boash qo‘l ostiga o‘tgach, jamoada o‘sish protsessi kuzatilmoqda. Chin o‘lkasigacha borib, tajriba oshirib qaytgan portugaliyalik mutaxassisning Evropa futbolini sog‘ingani ham bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bular bari o‘tgan mavsumda yakunlanmay qolgan chempionat yakuni haqidagi fikrlar. Joriy mavsumda Boash va uning jamoasida ishlar ko‘ngildagidek emas. Ha, PSJ mag‘lub etildi. 2 ta durang “Lion” va “Lill”ga qarshi bellashuvlarga to‘g‘ri keladi. Ammo “Mets”ni enga olmaslik, “Sent-Eten” va “Olimpiakos”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatlar muxlislarni ranjitishi tabiiy. 

Bugun ular katta sinov va yana bir “qop-qop pullar” evaziga kuchaygan jamoaga qarshi turishiga to‘g‘ri keladi. 

Taxminiy tarkib: Mandanda, Sakai, Alvaro, Tsaleta-Tsar, Amavi, Ronje, Kamara, Sanson, Taven, Benedetto, Paye.

image_2020-10-27_22-32-51

“Manchester Siti”

APL joriy mavsumi har galgidan ham qizg‘in o‘tmoqda. Musobaqa jadvaliga qarar ekansiz, birorta mag‘lubiyatga uchramagan jamoani topa olmaysiz. “Manchester Siti” ham so‘nggi turda “Vest Xem” bilan ochkolarini bo‘lishishga majbur bo‘ldi. Gvardioladan shayx Mansur va “shaharliklar” muxlislari APL chempionligini emas, EChL g‘olibligini kutishmoqda. Ispaniyalik mutaxassisning o‘zi ham mavqeyi va murabbiylik salohiyatini namoyon eta olish uchun “shalpangquloq”ni yutmasa bo‘lmaydi. 

Joriy mavsum u uchun ham katta ehtimol bilan so‘nggisi bo‘lishi mumkin. Aynan mana shu yil uning EChL bosh sovrinini boshi uzra baland ko‘tarishi uchun har tomonlama mos keladi. Himoyadagi muammolari uchun unga yana 100 mlndan ortiq mablag‘ taqdim etildi. Bu yilgi tarkib har jihatdan chempionlik talablariga javob bera oladi. Barchasi Pepning o‘ziga bog‘liq. 

Taxminiy tarkib: Ederson, Kanselu, Diash, Lyaport, Zinchenko, De Bryuyne, Rodri, Gyundogan, Mahrez, Foden, Sterling.

ElSAMIwX0AARYQ4

Andre Villash-Boash: “Biz o‘zimizning doimiy mashg‘ulot rejamiz bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Biz imkon boricha, “Manchester Siti”ning har bir o‘yinini kuzatib chiqdik. Ular Premer-ligadagi ulkan raqobatda shakllangan jamoa va ularni Er yuzidagi eng yaxshi klublardan biri, deb bilaman. 

Dmitri Paye bizning eng muhim futbolchimiz. Biz doim aytib kelganmiz va buni o‘zi ham juda yaxshi biladi: u yanada kuchliroq o‘yin namoyish eta oladi. Ammo barcha narsa unga bog‘lanib qolmagan, bu - jamoa. 

Pep doim sizni hayratda qoldira oladi. “Siti”ga qarshi bahsdagi eng qiyin narsa bu - ularning moslashuvchanligi”.

image_2020-10-27_22-35-06

Xosep Gvardiola: “Men Villash-Boashni “Portu”da ishlagan kezlari kuzatib borganman. U juda ajoyib ishlarni amalga oshirgandi. Men u bilan Barselonada uchrashganman va kichik suhbat bo‘lgandi. U tajribali murabbiy, Premer-liga haqida ko‘p narsalarni biladi. U hali juda yosh murabbiy. Kelajakda katta natijalarga erishishi mumkin. “Marsel”da u katta ish bajaryapti”. 

image_2020-10-27_22-35-46

“Liverpul” - “Midtyullann”

ElQUOM5XIAAfDZh

“Liverpul”

Mersisaydliklar asta-sekinlik bilan o‘z holatiga qaytmoqda. Ammo bu qaytish Van Deykning yo‘qotilishi evaziga bo‘lmoqda. Mavsum boshidagi intervyularda Yurgen Klopp o‘tgan mavsumdagi chempionlik kayfiyatidan butkul voz kechganlari va yangi g‘alabalar sari oldinga yurishda davom etishlari haqida gapirdi. Ammo amalda barchasi teskari ko‘rinish oldi. Chempionshipdan chiqib kelgan jamoa 3 ta, APLda arang jon saqlab qolgan klub esa 7 ta gol urishi normal holat emas. Qishgacha jamoa talafotlarsiz etib bora olishi juda muhim. Transferlar oynasi vaqtida bir amallab, o‘rinbosar himoyachilarni jamoaga taklif qilish mumkin bo‘ladi. Ungacha esa markaziy himoya yarim jarohatlangan Matip va yosh Gomezga qolib ketadi. Nemis mutaxassisi Fabinoni ulkan tajribasiga suyangan holda, himoyachi sifatida maydonga tashlashi ham mumkin. Bugungi raqib esa himoyadagi muammolarni ko‘rsatib bera oladigan darajada kuchli emas. 

Taxminiy tarkib: Alisson, Arnold, Fabino, Gomez, Robertson, Veynaldum, Milner, Jota, Firmino, Mane, Saloh.

Ishtirok eta olmaydi: Van Deyk, Okleyd-Chemberlen, Tsimikas.

So‘roq ostida: Alkantara, Matip, Keyta.

ElR5UkjXYAEDvDa

“Midt’yullann”

Daniyada asta-sekinlik bilan “Kopengagen” gegemoniyasiga chek qo‘yilmoqda. Mana shu sababdan ham joriy mavsumda EChLda “sherlar” emas, “Midtyullann” ishtirok etadi. Saralashda “Ludogorets”, “Yang Boyz” va “Slaviya Praga” kabi katta jamoalarni er tishlatib kelganiga qaraganda, daniyaliklar poytaxt klubini asosli tarzda ortda qoldirgan. Joriy mavsumda ham 6 ta turdan so‘ng Priske shogirdlari 13 ochko bilan musobaqa jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda. E’tiborlisi, ulardan oldinda borayotgan 2 ta klubda ham 13 tadan ochko mavjud. 

Skandinaviyaliklar uchun EChL guruh bosqichi omadli boshlanmadi. “Atalanta”ga ro‘baro‘ kelgan klub o‘z uyida javobsiz 4 ta to‘p qabul qilib oldi. Bergamoliklar yakuniga etgan mavsumda chorak finaldan qanday alamli tarzda chiqib ketganini yodga oladigan bo‘lsak, natija tushunarli. Bugun esa ushbu klub “Enfild”da mehmon bo‘ladi. Xayriyatki, stadion bo‘sh bo‘ladi…

Taxminiy tarkib: Andersen, Andersson, Sviatchenko, Sholz, Paulino, Oneka, Kayuste, Dreyer, Sisto, Mabil, Kaba.

Ishtirok eta olmaydi: Riis.

So‘roq ostida: Xansen, Brumado.

ElSMZdfXIAA3p4X

Yurgen Klopp: “Ochig‘i, biz ular haqida ko‘p narsani bilmaymiz. Jamoalar maydonda bahs olib borishgach, ko‘proq narsalarni bilib olamiz. Ular EChLga chiqishni uddaladi va o‘z ligasida yaxshi natijalar qayd etmoqda. Ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonch va xotirjamlik hissi mavjud. Biz, asosan, o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratamiz va o‘ylaymanki, barchasini yaxshi uddalaymiz. 

image_2020-10-27_22-56-28

Brayan Priske: “Juda ko‘p jihatlardan “Atalanta”ga qarshi o‘yindagi harakatlarimizdan qoniqish hosil qildim. Albatta, natijani inobatga olmaganda. Biz juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz va shu sababli ham, na EChLda va na Superligada o‘zimiz xohlagan natijalarga erishmoqdamiz. Biz ushbu xatolarni yo‘qota olsak, katta qadam tashlagan bo‘lardik. 

image_2020-10-27_22-39-25

Xulosa o‘rnida

Bugungi bahslardan yirik hisoblardagi g‘alabalar kutishga haqlimiz. Sababi, favorit jamoalarga raqiblik qiladigan jamoalarda ahvol u qadar yaxshi emas. Albatta, “Real”, “Manchester Siti” va “Liverpul” holatini ham ideal darajada, deb bo‘lmaydi. Biroq, ikkita teng kuchli tarkibga ega jamoa sifatida ta’riflanadigan ushbu klublar uchun bu kabi raqiblar oldida muammolarini ro‘kach qilish yarashmaydigan holat bo‘ladi. Uchala o‘yin orasida “Real”ning o‘yini biroz og‘ir kechishi mumkin. Chunki, nemis klubi ancha tajribali va o‘z mavqeyiga ega klublar sirasiga kiradi. “Marsel” haqida ham mana shunday ta’rifni ishlatishimiz mumkin, lekin Gvardiola jamoasi hozir yaralangan sherni eslatuvchi holatda va bor alamini Villash-Boash shogirdlaridan olishi mumkin. 

Bizni gollarga boy to‘qnashuvlar kutib turibdi. Uchala o‘yin ham saytimizda matnli translyatsiya tarzida e’tiboringizga havola etiladi.

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!