Endi bor umid Shomurodovdan! “Bashakshehir”da katta yo‘qotish

  • 06.12.2025 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Turkiya chempionatining 15-turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchilari Abbosbek Fayzullaev va Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Istanbul Bashakshehir” klubi Superliganing eng qudratli jamoalaridan “Fenerbahche”ni qabul qiladi.

Nuri Shaxin shogirdlari hozirgacha 14 ta uchrashuvda to‘rttadan g‘alaba va durang qayd etib, 16 ochko to‘plagan holda musobaqa jadvalining to‘qqizinchi pog‘onasida joylashgan. Istanbulliklar o‘z maydonidagi 6 ta o‘yinda faqat bir marta g‘alaba qozongan xolos. 11-turda Eldor Shomurodovning yagona goli “Bashakshehir”ga “Konyaspor” ustidan kichik hisobda g‘alaba keltirgan.

Umuman olganda, 30 yoshli o‘zbek hujumchisining jamoaga ta’siri o‘ta kuchli. “Istanbul Bashakshehir” chempionatda urgan jami 19 ta golning yarmidan ko‘pi, ya’ni 10 tasi  Shomurodov hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu galgi raqib chempionatning ikkinchi pog‘onasida borayotgan “Fenerbahche” Superligada hali mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Evropada tanilgan bir qator yulduzlarni jamlagan bu jamoa to‘qqizta g‘alaba va beshta durang bilan 32 ochko jamg‘ardi. Fenerbahche” joriy mavsum ligada eng ko‘p – 31 ta gol urgan jamoa hisoblanadi.

“Istanbul Bashakshehir” va “Fenerbahche” hozirga qadar jami 34 marta to‘qnash kelgan. Shulardan 20 tasida “Fenerbahche”ning qo‘li baland kelgan. “Bashakshehir” 11 ta uchrashuvda g‘alaba qozongan va uchta bahsda kuchlar teng kelgan.

“Bashakshehir”ning o‘zaro uchrashuvlardagi oxirgi muvaffaqiyati 2022 yilning 5 fevraliga to‘g‘ri keladi. Shundan beri raqib jamoa ketma-ket oltita bahsda har tomonlama ustunlik qilgan.

Bo‘lajak to‘qnashuv oldidan “Istanbul Bashakshehir”da kadrlar muammosi yuzaga keldi. Nuri Shaxin asosiy tarkib o‘yinchilaridan uch nafari xizmatidan foydalana olmaydi. Yusuf Sari jarohat tufayli maydonga tusholmaydi. Tajribali legionerlardan Jerom Opoku va Devi Zelke diskvalifikatsiyaga uchragan.

“Fenerbahche”dek qudratli raqibga qarshi kurashda “Bashakshehir” o‘zbek futbolchilariga suyanishiga to‘g‘ri kelmoqda. Eldor Shomurodov mavsum boshidan beri jamoani o‘z ortidan etaklab kelayotgan bo‘lsa, jarohatini davolatib to‘liq kuch bilan o‘ynay boshlagan Abbosbek Fayzullaev endi uning yoniga kirdi.

Mezbon jamoa bosh murabbiyi Nuri Shaxin “Fenerbahche”ga qarshi uchrashuvda har ikki hamyurtimizga ishonchi yuqoriligini ta’kidladi.

- Biz Fayzullaevning darajasini bilamiz. Shu bois, u “Bashakshehir”da o‘ynayapti. Bular biz uchun qadri baland futbolchilar. Fayzullaev tez orada yuqori sport  formasiga chiqadi.

“Fenerbahche”ga qarshi uchrashuvda puxta tayyorlanyapmiz. Bunaqa  murakkab uchrashuvlarni yoqtiramiz. Uchrashuvda Opoku va Zelke qatnasha olmasa ham, bizda Nunu da Koshta, Bertug O‘zgyur va asosiysi Eldor Shomurodov bor, - dedi Nuri Shaxin.

Superliga to‘purarlari poygasida o‘nta gol bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan Eldor Shomurodov o‘ziga qarshi o‘ynagan 14 ta jamoadan to‘qqiztasining darvozasini ishg‘ol qildi. Ular orasida “Beshiktosh”, “Galatasaroy”, “Trabzonspor” kabi o‘ta kuchli tarkibga ega raqiblar ham bor. Endi Superliga kashfiyotiga aylanib ulgurgan Eldor “Fenerbahche”ni ham o‘z “qurbonlari” qatoriga qo‘shib qo‘yishiga umid qilamiz.

Turkiya chempionatining 15-turidan o‘rin olgan “Istanbul Bashakshehir” va “Fenerbahche” o‘rtasidagi uchrashuv 6 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da start oladi.

Shomurodov va Fayzullaev murabbiy iste’fosiga “sababchi” bo‘ldi

Husanov nechanchi o‘rinda? Jahon chempionati ishtirokchilari reytingi e’lon qilindi

Rossiyada Shomurodovni eslab qolishdi...

Bu xatodan keyin Gvardiola Husanovni asosiy tarkibga qaytarishi shart

Superkompyuter O‘zbekistonning “JCh-2026”dagi imkoniyatini qanday baholadi?

Nuri Shaxin Shomurodov uni qanday hayratga solganini aytdi

Alamli mag‘lubiyatdan keyin Husanovning o‘yini qanday baholandi?

O‘zbekistonning jahon chempionatidagi g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!