Endi durang ham mag‘lubiyatga teng yoxud Superligada hech kimning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q
Bugun Superliganing 17-tur bahslariga start beriladi. 23-27 avgust kunlari davomida 7 ta o‘yin o‘tkaziladi. Yana e’tiborimiz markazida aynan 7 ta juftlik qarama-qarshiliklari turibdi.
23 avgust
19:00. “Metallurg” – “Dinamo”
Chempionat boshidan beri hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Metallurg” uchun navbatdagi imkoniyat. Bu safar Olmaliqda “Dinamo”ni qabul qilishadi. Ikkinchi davrada bekobodliklarni o‘yini ijobiy tarafga o‘zgargandek, ammo duranglar qayd etilyapti. G‘alabadan hali darak yo‘q. “Dinamo” ham anoyi raqib emas. Lekin “Metallurg” uchun endi durang ham mag‘lubiyatga teng. Ular uchun har bir uchrashuv final.
24 avgust
19:00. “Neftchi” – “Olimpik”
O‘tgan turda Farg‘onada kutilmaganda “So‘g‘diyona”ga 0:3 hisobida yutqazib muxlislarini qattiq ranjitgan “Neftchi” inqiroz ko‘chasiga kirib qolgandek. Medallar uchun kurashish imkoniyatini borgan sari yo‘qotayotgan farg‘onaliklar bu turda “Olimpik”ni qabul qilishadi. Yosh “Olimpik” hech qanday bosimsiz o‘z o‘yinini ko‘rsatyapti. O‘tgan turdagi mag‘lubiyat Levchenko jamoasiga qanchalik ta’sir ko‘rsatganini “Olimpik” bilan bahsda ko‘ramiz.

25 avgust
18:00. “Lokomotiv” – “Qizilqum”
Bir-biriga munosib jamoalar to‘qnashuvi. O‘yin jihatidan ham o‘xshashib ketishadi. Bu o‘yin qanchalik hujumkor, shiddatli o‘tishini o‘yin kuni ko‘ramiz. Ikkala jamoaga natija muhim. Shu bois ular avvalo darvozasi daxlsizligini saqlash haqida o‘ylashsa ajab emas. Ammo “Lokomotiv” o‘z uyida o‘ynayotgani bois ular g‘alaba uchun borini beradilar. Axir yutmay qo‘yganiga ham ancha bo‘ldi. Agar yana ochko yo‘qotishsa “Loko” rahbariyati kechirarmikin?
20:00. “Nasaf” – “Andijon”
“Ajdarlar” va “Burgutlar” o‘rtasidagi o‘yinga qiziqish ham katta. “Andijon” O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga chiqqan va ular finalni istashyapti. Ammo chempionatda ham natijalarini yaxshilash harakatidalar. Aksiga olib “Andijon” ikkinchi davrani uchta mag‘lubiyat bilan boshladi. Shuning uchun Qarshida ijobiy natija uchun kurashishadi. Buni ular o‘tgan yili isbotlashgandi. “Nasaf” esa hozirda musobaqa peshqadami. Berdiev jamoasi g‘alabali yurishini yana davom ettiradimi yoki yo‘q?! Buni o‘yin kuni bilib olamiz.

26 avgust
19:00. “So‘g‘diyona” – “Paxtakor”
Safarda “Neftchi”ni yirik hisobda yutgach 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan “So‘g‘diyona” endi bu turda amaldagi chempion “Paxtakor”ni qabul qiladi. Bu turning markaziy uchrashuvi. “Paxtakor” 14-turning qoldirilgan o‘yinida Toshkentda “Surxon”ga yutqazib qo‘ydi. Ivan Boshkovich yoshlardan qanday jamoa tuzganini hamma alohida e’tirof etyapti. Bu bahsda endi “So‘g‘diyona” favoritdek ko‘rinmoqda. Lekin “Paxtakor” Jizzaxda jang taklif qilishi aniq. Hozircha imkoniyatlar teng.
20:00. “Surxon” – “Navbahor”
“Surxon” ham alohida mavzuga aylanib qoldi. Ketma-ket ikki marta safarda og‘ir o‘yinlarni o‘tkazdi. “Andijon” va “Paxtakor” maydonlarida muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritishgani fikrimizga isbot. Endi esa ularni yana bir og‘ir bahs kutmoqda. “Surxon” O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga chiqqanini bilasiz. Jamoa esa yuqori kayfiyatda. “Navbahor” bo‘lsa o‘tgan turda “Bunyodkor” bilan uchrashuvda arang mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Rosti, Lushchan jamoasiga qiyin bo‘ladi. “Surxon” raqiblari uchun chinakamiga bosh og‘rig‘i bo‘lmoqda.

27 avgust
18:00. “Bunyodkor” – OKMK
Ikkinchi davrada “Bunyodkor” ijobiy tarafga o‘zgarayotganini o‘yini va natijalari bilan ko‘rsatmoqda. Ammo o‘tgan turda Samarqandda yutqazib 3-o‘ringa tushib qolgan OKMKga qarshi o‘yin “Bunyodkor” uchun og‘ir o‘tishi aniq. Sababi Mirjalol Qosimov jamoasi ham ancha mazmunli va qiziqarli futbol o‘ynamoqda. Bu derbini kuzatish ham juda qiziqarli.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar