Endrik ketish oldidan “Real”ga shart qo‘ydi
“Real”ning yulduzli tarkibiga sig‘may qolgan braziliyalik hujumchi Endrik Madridni tark etishga ko‘ndi. Biroq 19 yoshli futbolchi ketishi oldidan “Qirollik klubi” rahbariyati o‘ziga yarasha talab ham qo‘ydi.
Endrik o‘z iste’dodini ro‘yobga chiqara oladigan klubga o‘tishni istayapti. Uning ijarasi bo‘yicha ishlayotgan mutasaddilari hujumchiga asosan “top-5” ligalaridan jamoa topishi talab etilmoqda.
Agar buning imkoni bo‘lmasa, Endrik boshqa ligalarda muntazam chempionlik uchun kurashadigan va Evropa kuboklarda qatnashib keladigan, masalan, “Benfika”, “Portu” yoki “Sporting” kabi yosh o‘yinchilarning yangi qirralarini ocha oladigan jamoalardan ish topishni so‘ragan.
Endrikning asl maqsadi kelasi yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etish. Yosh hujumchi “Real” zaxirasida o‘tirib, Karlo Anchelottidan Braziliya terma jamoasiga taklif olmasligi kundek ravshan.
2024 yilning yozida “Real”ga olib kelingan yosh hujumchini madridliklarning avvalgi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti 37 ta uchrashuvda maydonga tushirgan edi. Biroq jamoa boshqaruvi Xabi Alonsoga o‘tgach, Endrik hali biror marotaba uchrashuvlarga jalb qilingani yo‘q.



Fikrlar