Eron FIFAga jahon chempionatida qatnashish shartini aytdi
Eron futbol federatsiyasi Yaqin Sharqdagi mojarodan kelib chiqib, 2026 yildagi jahon chempionatida milliy terma jamoa o‘yinlarini AQShdan Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha FIFA bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bu haqida AFP agentligi Meksikadagi Eron elchixonasiga tayanib xabar berdi.
- AQSh prezidenti Donald Tramp Eron milliy jamoasi xavfsizligini kafolatlay olmasligini ochiq aytganidan so‘ng, albatta, biz Amerikaga bormaymiz. Hozirda biz FIFA bilan jahon chempionatida Eron jamoasi o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib bormoqdamiz, - dedi Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Toj elchixonaning X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida.
O‘tgan hafta Tramp Eron jamoasiga “o‘z hayoti va xavfsizligi uchun” turnirga bormaslikni ta’kidlagan edi. Jahon chempionatining final bosqichi 2026 yil iyun-iyul oylariga rejalashtirilgan bo‘lib, AQShning 11 shahrida, Meksikaning uch shahrida va Kanadaning ikki shahrida o‘tkaziladi.
Eron terma jamoasi Osiyo saralashidan o‘tib, mundialning “G” guruhiga tushdi, bu kvartetda Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya ham bor.
Hozirgi taqvim bo‘yicha Eron Los-Anjelesda Yangi Zelandiya va Belgiyaга qarshi o‘ynaydi, keyin esa Sietlda Misrga qarshi bahs olib boradi. Agar jamoa turnirda ishtirok eta olmasa, FIFA o‘rniga boshqa jamoani topishiga to‘g‘ri keladi. Ehtimoliy nomzodlar sifatida Iroq va BAA terma jamoalari aytilmoqda.
Fikrlar