
Eron yutdi, ammo biz engilmadik!
Eron terma jamoasi bilan o‘yinning so‘nggi 5 daqiqasini tomosha qilgach, qalbimda g‘urur hissi paydo bo‘ldi. Match yakunlanishi arafasida hakamlar futzaldagi "VAR"ga murojaat qildi. O‘sha paytda, ekranlarimizda Eron terma jamoasi bosh murabbiyi namoyish etildi. Uning nigohlarida qo‘rquv shundoqqina ko‘rinib turgan edi. Penalti belgilanmagach, u chuqur nafas oldi. O‘sha lahzalarda ichimdan bir his o‘tdi : "Demak biz o‘z maqsadimizga erishdik."
Darhaqiqat, JCh avvalida terma jamoamizga yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish vazifasi qo‘yilgan edi. Buni uddalaganimizga raqib ustozi nigohidagi hadik dalil. To‘g‘ri, maksimalistlar termamizning 4 o‘yinning 3 tasini boy berganini fakt sifatida ko‘rsatishi mumkin. Bunga ularning haqqi bor, biroq o‘sha mag‘lubiyatlarning qay birida yigitlarimizni "jangsiz" taslim bo‘lganini ko‘rdingiz? Har bir o‘yindan so‘ng, ular parketni borini tashlab tark ketdi.
Bosib o‘tilgan yo‘l, aniq tarixda qoladi. Bugungi avlod o‘z qahramonlarini tanib olishi lozim. Aynan ular nafaqat sportda, balki hayotda ham kurashdan qochmaslikni, muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, yana oyoqqa tura olishni, vatan sha’ni uchun ro‘parasidagi raqibning ko‘zlariga tik boqish qanday bo‘lishini barchamizga ko‘rsatib qo‘ydi.
Bugun forslarning g‘alabasini bizning xatolar ta’minladi. Mundialda 9-bor ishtirok etayotganini inobatga olsak, ular bu erda o‘zini mezbondek his qildi. Biz o‘zimiz uchun begona bo‘lgan "o‘rmonda" raqib bilan to‘qnash keldik. Aynan shu omil sababligina ular chorak finalga yo‘l oldi. Boshqa birorta aspektda Erondan ortda qolmadik. Siz o‘yindan so‘ng qayd etilgan statistikaga e’tibor bering! Barcha jabhada yigitlarimiz dunyoning eng kuchli futzalchilaridan yaxshiroq harakat qilganini ko‘rsatib turibdi.
To‘g‘risi, so‘nggi bor mag‘lubiyatga uchrab, jamoamiz bilan faxrlanganimizni eslay olmayman. Bugun Eron o‘z darajasini ko‘rsatdi, hatto zaxira kuchlarini ham o‘rtaga tashlashga majbur bo‘ldi. Biznikilar esa, o‘z bo‘yidan balandroq sakrab yubordi. Bu parvoz, butun dunyo ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. O‘ylashimcha, Litvadagi parketda ko‘ksida O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan futbolkalarda harakat qilgan har futzalchi, murabbiy Vatanga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishga haqli! Biz bu mundialni hali ko‘p eslab yuramiz. Yillar o‘tib, sizdan Litvadagi mundialda qanday ishtirok etganmiz, deb farzandingiz so‘rab qolsa, ko‘z o‘ngingizga nima keladi? Anasxon Rahmatovning Misr darvozasiga urgan shedevr golimi? Butun Eronni oyoqqa turg‘azgan nimchorak final uchrashuvimi? O‘yindan so‘ng, sardorimiz - Dilshod Rahmatovning ko‘zlaridagi yoshmi? To‘g‘risi, bilmadim, ammo bir narsa aniq. Siz savol egasiga: "Terma jamoamiz o‘sha musobaqada zo‘r o‘ynagan!" deyishingiz aniq.
Litvadagi forum termamiz uchun yakuniga etdi. Emotsiyalar, shirin hislar va mehnatingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Bugun millatimizning xarakteri yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rib, yurakda faxr tuyg‘usini his etdim. Bugun, har bir o‘zbekning qalbi qalqidi. Hammasi uchun rahmat yigitlar.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar
Р А Ҳ М А Т.
Р А Ҳ М А Т.
Ofat tusiga kirdi bu xato