
E’tibor markazimizda yana Superliga. Markaziy o‘yin qaerda?
Chempionatdagi kichik tanaffus ham yakunlandi va yana e’tibor milliy birinchiligimizga qaratiladi. Superliganing 4-tur o‘yinlari 28 mart kuni boshlanadi va 31 martga qadar davom etadi. G‘alabaga chanqoq klublar o‘rtasida kechadigan o‘yinlar sababli intriga ko‘tarilmoqda.
28 mart
19:00. “Dinamo” – “Metallurg”
Jizzaxda o‘tadigan bu o‘yinning harorati ancha baland bo‘ladi. Sababi odiiy: har ikkala klubda hali g‘alaba yo‘q. Ayniqsa, Vadim Abramov boshqarayotgan “Dinamo” dastlabki uchta turda uchta mag‘lubiyatga uchradi. Hattoki, durang ham samarqandliklarni qanoatlantirmasligini bilib turibsiz. “Metallurg” 3 ta turda 2 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etdi. Maydonda qattiq kurash kechadi. Abramovga yutmaslik uchun hech qanaqa bahona qolmadi. Bu faqat o‘yindan oldingi fikrlar xolos. Barchasi maydonda hal bo‘ladi.
29 mart
19:00. OKMK – “Bunyodkor”
Mirjalol Qosimov ushbu turda sobiq klubiga qarshi o‘ynaydi. “Qaldirg‘ochlar” chempionatni qanday boshlaganini yaxshi bilasiz. Ketma-ket ikkita uchrashuvda o‘z darvozasidan 8 ta to‘p olib chiqqan holda raqiblariga xunuk tarzda mag‘lub bo‘lganidan keyin xorvatiyalik murabbiylar shtabi ishdan bo‘shatildi. Anvar G‘ofurov vaqtincha bosh murabbiy lavozimida ishlashni boshladi va uning jamoasi o‘tgan turda “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda yaxshi taassurot qoldirib, bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Chempionatdagi tanaffus paytida “Bunyodkor” Moskvada TsSKAga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib qaytdi. OKMKga qarshi bahs ikkala jamoa uchun printsipial ahamiyatga ega. OKMK hali yutqazgani yo‘q, “Bunyodkor” esa hali yutgani yo‘q. Xulosa o‘zingizdan...
19:15. “Qizilqum” – “Lokomotiv”
Navoiyning “Qizilqum” klubini “Lokomotiv”ga qarshi muhim uchrashuv kutyapti. Jamshid Saidov jamoasi dastlabki ikkita turda g‘alaba qozondi va o‘tgan safar Qarshida “Nasaf”ga engildi. Ammo o‘yin bo‘yicha “Qizilqum” yomon taassurot qoldirgani yo‘q. Superligaga qaytgan “Lokomotiv” ham yaxshi taassurot qoldirayotganini aytish joiz. “Temiryo‘lchilar” 2 g‘alaba va 1 durang qayd etishdi. Bir qarashda bu jamoalar bir-biriga munosibdek ko‘rinmoqdalar. Kuchlar teng kelsa ajablanish yo‘q.
30 mart
19:00. “Andijon” – “Nasaf”
Superliganing ushbu turidagi eng markaziy to‘qnashuv sifatida qaralayotgan “Andijon” hamda “Nasaf” jamoalari ishtirokidagi o‘yinga chindan qiziqish juda katta. “Burgutlar” ham, “Ajdarlar” ham uchta o‘yinda bir xil 2 tadan g‘alaba va 1 tadan durang qayd etdilar. Yaqinda “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Bobur Arena”dagi muhitga alohida e’tibor qarayotganini va unga ham u erdagi anshlag yoqishini ta’kidlab o‘tdi. Qolaversa, yaqinda O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichiga qur’a tashlandi va unga ko‘ra “Andijon” bilan “Nasaf” bir guruhdan joy oldilar. Ular aprel oxirlarida yana Andijonda to‘qnashishadi. Xullas, 30 mart oqshomida hamma kutayotgan o‘yin shunga yarasha intrigalarga boy va hujumkor o‘tishi katta ehtimol. Stadiondagi muhitni esa hozirdan tasavvur qilsa bo‘ladi.
19:00. “Paxtakor” – “So‘g‘diyona”
O‘tgan turda “Lokomotiv” maydonida 0:3 hisobida yutqazib muxlislarini ajablantirgan “Paxtakor” o‘sha mag‘lubiyat tasodif ekanligini isbotlash uchun o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga qarshi kechadigan bahsda yutishi kerak. Amaldagi chempion 3 ta turda g‘alaba, durang va mag‘lubiyatni qayd etib bo‘ldi. “So‘g‘diyona”da 2 ta durang bilan 1 ta mag‘lubiyat bor. Ivan Boshkovich jamoasi Toshkentda g‘alaba uchun to‘p surishini bemalol ayta olamiz. Ikkala jamoada bosim bor. Bu ularga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi o‘yin paytida bilinadi.
31 mart
19:00. “Navbahor” – “Surxon”
O‘tgan turda “Navbahor” “Bunyodkor” maydonida g‘alabani qo‘ldan chiqardi va mag‘lubiyatga teng durang qayd etdi, desak balki mubolag‘a bo‘lmas. Namanganda “Surxon” bilan uchrashuvda mezbonlar xuddi yaralangan sher kabi ta’riflanyapti. Lekin “Surxon”chi? Chempionatni 3 ta mag‘lubiyat bilan boshlagan jamoaning holatini o‘zingiz his qilib turgan bo‘lsangiz kerak. Faqat farqi shundaki, “Navbahor” chempionlik uchun kurashyapti va bu yo‘lda yo‘qotilayotgan har bir ochko oxirida albatta o‘z so‘zini aytadi. Tarkib bo‘yicha ham “Navbahor” yaqqol kuchli, buni tan olmaslikning iloji yo‘q. Agar yana durang bo‘lsa ham buni namanganlik ishqibozlar og‘ir qabul qilishadi. “Surxon”ga esa rosti Namanganda bir ochko qo‘lga kiritsa ham buni ular uchun ijobiylik belgisi sifatida baholasak adolatli bo‘ladi. Ammo barcha “Navbahor”ning imkoniyatini yuqori baholamoqda.
19:00. “Olimpik” – “Neftchi”
Dastlabki uchta turda 100 foizlik natija qayd etgan birgina klub “Neftchi” bo‘ldi. Vitaliy Levchenko jamoasini 31 mart kuni Toshkentda “Olimpik”ga qarshi uchrashuv kutyapti. Albatta, chempionlik uchun kurashayotgan farg‘onaliklar g‘alabali seriyasini davom ettirish istagidalar. Timur Kapadze jamoasi esa hozircha 1 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etdi. “Olimpik” jamoasiga ham g‘alaba zarur. Biroq tajriba borasida “Neftchi” baribir ustunroq. “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda Kapadze jamoasi 2:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan chiqib ketdilar va yakunda 2:2 o‘ynadilar. Asosiy gap shundaki, ularga barqarorlik etishmayapti. Bu “Neftchi”ga qo‘l kelsa kerak.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar