Fabio Kannavaro Italiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishni istaydi
2006 yildagi jahon chempioni va «Oltin to‘p» sohibi Fabio Kannavaro o‘zining asosiy murabbiylik orzusi – bir kuni Italiya terma jamoasini boshqarish ekanini ochiq aytdi.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bu haqida La Gazzetta dello Sport nashriga bergan suhbatida to‘xtalib o‘tdi.
«O‘zimni bu kasbda yana yigirma yildan keyin ham tasavvur qila olaman. Men shu kun kelib, Italiya terma jamoasini boshqarish uchun mehnat qilyapman», – dedi Kannavaro.
U shu bilan birga, hozirgi ish joyi – O‘zbekiston terma jamoasidagi muhit unga katta zavq berayotganini qayd etdi.
«Bu yigitlar aytgan har bir gapni o‘zlashtirib olishga harakat qiladi, go‘yo gubkadek hammasini sinab ko‘rishadi. Hech kim shikoyat qilmaydi, barchasi o‘rganish va o‘sishni istaydi», – deya ta’kidladi mutaxassis.
Fabio Kannavaro suhbat davomida Italiya futbolidagi muammolarga ham to‘xtalib, klublar o‘z akademiyalarini rivojlantirishga ko‘proq mablag‘ va e’tibor qaratishi kerakligini aytdi.
Ma’lumki, Italiya terma jamoasi navbatdagi jahon chempionatini ham o‘tkazib yubormoqda – bu uchinchi marta ketma-ket shunday holat qayd etilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi esa aksincha, ilk bor JCh-2026 musobaqasida ishtirok etadi va guruh bosqichida Kolumbiya, Portugaliya va DR Kongo terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar