
Fantastika! Bernardu Silva Husanov haqida yana nimalar dedi?
Bugungi kunda o‘zbek futbolining asosiy qahramoni Abduqodir Husanov bo‘lib turibdi. Qishki transferlar vaqtida “Lans”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan legionerimiz Angliya futboliga tobora chuqurroq moslashib bormoqda.
To‘g‘risini aytgandi, yosh himoyachining jahon futbolidagi eng murakkab ligaga juda tez o‘rnashib olishi ko‘pchiligimiz uchun syurpriz bo‘ldi.
Shunga qaramay, Husanovning “Nyukasl”, “Tottenxem”, “Real”, “Liverpul” kabi qudratli klublarning Aleksander Isaak, Bruno Gimaraynsh, Entoni Gordon, Son Xyon Min, Jeyms Meddison, Vinisius Junior, Muhammad Saloh, Dominik Soboslai kabi yulduzlariga qarshi ko‘rsatgan o‘yinini aksariyat mutaxassislar yuqori baholamoqda.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola va jamoaning mashhur yulduzlari o‘zbek futbolchisi klub faoliyatida tobora muhim figuraga aylanib borayotganini alohida e’tirof etmoqda.
“Shaharliklar”ning portugaliyalik yulduzi Bernardu Silva ham Abduqodir Husanov haqida fikr bildirib, uning iqtidorini juda yuqori baholadi.
- Ingliz tilida yaxshi gaplasha olmaydigan va ozgina tushunadigan Abduqodirga Angliyada omon bo‘lmasligi aniq edi.
Kelganidan keyin bir hafta ham shug‘ullanmay turib, “Chelsi”ga qarshi muhim uchrashuvda maydonga tushishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda tarkibimizda o‘yinchi kam edi, jamoa hozirgidek barqaror bo‘lmagan, shu bois Husanovga oson bo‘lgani yo‘q. Buning oqibatida dastlabki harakatlarida xatoga yo‘l qo‘ydi.
Men ham u qanday bosimga duch kelganini o‘zimcha his qilib ko‘rdim.
Husanov katta tajribaga ega bo‘lgan buyuk o‘yinchilarda ham shunday holatlar yuz berganini tushunishi kerak. Eng asosiysi, bunaqa ko‘ngilsizliklarga e’tibor qaratmagan ma’qul.
Husanov fanastik talantga ega futbolchi. Debyutdagi kamchiliklarni unutib, o‘yinga kirishib ketdi. Kundan kunga uning iqtidori ochilib borayotgani ko‘rish biz uchun ham yoqimli, - dedi Bernardu Silva.
30 yoshli Bernardu Silvaning o‘zi “Benfika” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U ham faoliyati davomida Frantsiya chempionati maktabida toblangan. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumkor futbolchi “Monako” safida to‘p tepgan.
“Manchester Siti” Silvani 2017 yili 50 million evroga transfer qilgan edi. Bernardu shu kunga qadar “shaharliklar” safida 392 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 69 tadan gol va assist yozdirib qo‘ygan.
Portugaliyalik yulduzning manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar davom etishi belgilangan.
Fikrlar