
Fayzullaev bo‘lmaganida TsSKA rasvo bo‘lardi! Ekspertlar Abbosga yana qanday baho berdi?
Fayzullaev oxirlab qolgan mavsumda Rossiya Premer-ligasining asosiy qahramonlaridan biriga aylandi. 20 yoshli futbolchimiz mavsumning eng yaxshi futbolchisi va mavsumning kashfiyoti kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.
Rossiyalik futbol ekspertlari o‘zbek futbolchisining iste’dodi va imkoniyatlarini yuqori baholamoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik ishqibozlar e’tiboriga Rossiya futbolining yorqin figuralarining Abbosbek Fayzullaev haqidagi fikr-mulohazalarini havola etadi.
Aleksandr Mostovoy, “Spartak” (Moskva), “Benfika”, “Kan”, “Strabur”, “Selta”, “Alaves” jamoalari sobiq futbolchisi:
Abbosbek Fayzullaev — Rossiya Premer-ligasining haqiqiy kashfiyoti. Bu yigit chempionimizga chaqmoqdek kirib keldi va TsSKAning hujum chizig‘idagi muammolarga barham berdi.
Agar Abbos tez moslashib, yuqori saviyada o‘ynab keta olmaganida, bu mavsum “armiyachilar” uchun rasvo o‘tgan bo‘lardi. Ko‘pchilik yosh Fayzullaevdan bunaqa yorqin debyutni kutmagan edi, deb o‘ylayman.
Vladimir Ponomaryov, TsSKA sobiq futbolchisi:
TsSKA chempionlik uchun kurashish uchun tarkibini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratishi kerak. TsSKAning eng katta kamchiligi tarkibning kuchsizligida.
Bu mavsum jamoani kuchaytirish uchun kelgan yangi o‘yinchilar hech kimni hayratga sola olgani yo‘q. Faqatgina Abbosbek Fayzullaev “armiyachilar” o‘yiniga sifat qo‘sha oldi xolos. Qolgan transferlar kutilgan natijani bermadi. Aton Zabolotniy darajasidagi futbolchilardan esa, tezroq qutilish kerak.
Evgeniy Aldonin, TsSKA sobiq futbolchisi:
Abbosbek Fayzullaev o‘zini yorqin ko‘rsata oldi va mavsumning kashfiyoti bo‘ldi. “Baltika” futbolchisi Danila Kozlovni ham ajratib ko‘rsatish mumkin. U ancha etuk darajada o‘ynayapti.
Fayzullaev haqida to‘xtalsak, u juda yosh bo‘lishiga qaramay, saviyani yuqori ushlab turibdi. Evropada 20 yoshli futbolchilarning deyarli hammasi yuqori darajada o‘ynaydi. Fayzullaev o‘sishda davom etishi lozim. Uning TsSKAda katta ishtiyoq bilan o‘ynayotgani odamning havasini keltiradi.
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasidagi debyut mavsumida hozircha 21 ta uchrashuvda to‘rtta gol va ettita assist muallifi bo‘ldi. Legionerimiz gol+pas tizimida o‘nta samarali harakatni amalga oshirgan mavsumning eng yosh futbolchisi sifatida rekord o‘rnatdi.
Fikrlar