
Fayzullaev va Evropa: Abbosga ikki xil baho!
Bugungi kunda Evropaning kuchli beshlik chempionatlarida faqatgina ikki futbolchimiz – Italiyada Eldor Shomurodov va Frantsiyada Abduqodir Husanov o‘ynamoqda. Ayniqsa, 20 yoshli Husanov “Lans”dagi o‘yinlari orqali Evropaning grand klublari nazariga tushgani o‘zbekistonlik muxlislarni xursand qilyapti.
Evropaga ketish ehtimoli katta bo‘lgan o‘yinchilarimizdan biri Abbosbek Fayzullaev hisoblanadi. Anchadan beri 21 yoshli hujumkor futbolchining kuchli ligalarga o‘tishi muhokama qilib kelinmoqda.
Sports.uz portali Fayzullaevning Evropaga ko‘chib o‘tish imkoniyatlari baholangan ikkita munosabatni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Rustam Ashurmatov, “Rubin” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi:
Telegram kanalida guruhimiz bor. Hammamiz Abbosbek Fayzullaevni Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lgani bilan tabrikladik. Abbosbek bu sovringa munosib edi va uni qo‘lga kiritdi.
Uning Evropaga ketish haqida fikr bildirar ekanmiz, balki bunaqa narsalarni gapirish hali biroz erta bo‘lishi mumkin. Lekin Fayzullaev hali yana o‘sishga qodir.
Abbosbek Fayzullaev kuchli ligalarda o‘ynashi va milliy terma jamoamizga yordam berishiga umid qilamiz.
Vladimir Ponomaryov, TsSKA sobiq futbolchisi:
Abbosbek Fayzullaev – Rossiya futboli uchun juda yaxshi o‘yinchi. Dribling orqali raqiblarini aldab o‘ta oladi va darvozaga aniq, kuchli zarba yo‘llashni biladi. U hamon TsSKAning eng zo‘r futbolchisi. Chunki bizda boshqa o‘yinchilar yo‘q.
Ivan Oblyakov bo‘shashib qoldi. Miralem Pyanichning tempi sekin.
Fayzullaevda ham muammolar kuzatilib turadi. Balki bu charchoq bilan bog‘liqdir. O‘zini yo‘qotib qo‘ydi, demayman.
Futbolchilar o‘ziga tanqidiy baho berishni bilishi kerak. Ko‘pincha, yosh o‘yinchilarni katta maosh buzadi.
Fayzullaevning top-klubga o‘tishi haqida nima deyishim mumkin? Boshqa biror jamoada o‘ynolmaydi. Bo‘yi past, jismoniy ko‘rsatkichlari kamtar. “Bavariya”da o‘ynab ketolmaydi. Unga Evropada ish yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2023 yilning avgustidan beri TsSKAda o‘ynab kelmoqda. Debyut mavsumida yorqin o‘yinlari tufayli Rossiya Premer-ligasining eng asosiy kashfiyoti bo‘lgan legionerimizga “Bavariya”, “Vilyarreal” va “Parma” kabi klublardan qiziqish bo‘lgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Abbosbek Fayzullaev joriy mavsumda ham samarali o‘ynayapti. Hamyurtimiz Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi bahslarida jami 19 ta uchrashuv o‘tkazib, ikkita gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
Hurmatli muxlislar, siz nima deb o‘ylaysiz, Abbosbek Fayzullaev Evropaning kuchli klublarida o‘ynashga loyiqmi yoki TsSKAda qolgani ma’qulmi? Fikrlaringizni izohda qoldiring...
Fikrlar