Fayzullaev yana termada...
Futbol tahliliga ixtisoslashgan whoscored.com sayti eksperlari Rossiya Premer-ligasida noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi futbolchilardan tarkib topgan ramziy terma jamoani tuzib chiqdi.
Bu galgi ramziy jamoaga eng ko‘p vakili Moskvaning “Spartak” klubidan kiritildi. Darvozaga ushbu jamoa posboni Aleksandr Maksimenko joylashtirildi.
Shuningdek, “spartakchilar”dan yarim himoyachi Anton Zinkovskiy va hujumchi Kvinsi Promes ham mutaxassislar e’tiboridan chetda qolmadi.
Poytaxtning yana bir vakili – “Dnamo”ning ikki o‘yinchisi oyning eng yaxshi futbolchilari qatorida e’tirof etildi. Hujumkor futbolchi Bitello va forvard Konstantin Tyukavin eng kuchlilar qatorida.
Himoya chizig‘i “Orenburg”, “Rubin”, “Rostov” va “Zenit” futbolchilari – Arsen Adamov, Ruslan Bezrukov, Maksim Osipenko hamda Rodrigaoga topshirildi.
TsSKAning eng yaxshi o‘yinchisi Abbosbek Fayzullaev va “Krilya Sovetov” legioneri Benxamin Garrega hujumchilar ortidan joy ajratilgan.
Ramziy terma jamoa quyidagicha ko‘rinish hosil qildi.

Noyabr oyida TsSKA Rossiya Premer-ligasida uchta uchrashuvda maydonga tushib, bittadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Bu o‘yinlarda bitta gol va ikkita assistga mualliflik qildi. Yana bir vaziyatda raqib Abbosning zarbasidan so‘ng o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Umumiy hisobda, Fayzullaev jamoasining o‘tgan oydagi oltita golidan to‘rttasida hali qiluvchi zarba yoki pas muallifi bo‘ldi.
Qolaversa, Abbos Rossiya kubogi doirasida noyabr oyida “Orenburg” va “Rostov” jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikkita golli pas uzatdi va bitta penalti ishlab, jami uchta golga hissa qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Legioner sifatida ilk bor xorijda o‘ynayotgan hujumkor futbolchimiz jami 16 marotaba maydonga tushib, ikkita gol va sakkizta assist rasmiylashtirdi.
20 yoshli hamyurtimiz TsSKAning sentyabr va oktyabr oylaridagi eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirof etildi.

Bundan tashqari, Fayzullaev Premer-liga va mamlakat kubogida “Krilya Sovetov”, “Sartak”, “Rubin” va “Rostov”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarning eng yaxshi o‘yinchisiga atalgan sovrinni ham qo‘lga kiritgan.

Fikrlar