
"Federatsiyada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘yin o‘tkazish masalasi ko‘tarilgan, Shomurodov bizning ro‘yxatimizda bo‘lgan" - Evropa maydonlarida shov-shuv ko‘targan murabbiy SPORTS.UZ saytiga katta intervyu berdi
Yon qo‘shnimiz – Qozog‘iston terma jamoasining Evropa millatlar ligasida ko‘rsatgan ajabtovur natijalari ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Bungacha qozog‘istonliklarni Evropa maydonlarida asosan autsayder rolida ko‘rishga o‘rganib qolgandik. Lekin endi vaziyat o‘zgardi. Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyligi roliga Magomed Adiev kelganidan keyin jamoa butunlay o‘zgardi. Evropa millatlar ligasining dastlabki bosqichida guruhda muvaffaqiyatli ishtirok etishi sensatsiyaga qiyoslanyapti.
Rossiyalik ushbu mutaxassis qozoq futboli uchun bamisoli qutqaruvchi rolida gavdalanyapti. 45 yoshli Musaevich Rossiya premer-ligasida “Anji”, “Axmat”, “Terek” singari klublarda ishlagan. Shuningdek, Qozog‘istonda Qarag‘andaning “Shaxtyor” jamoasini boshqardi. Shu yilning aprel oyida unga mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyligi ishonib topshirildi. Rosti, bunday qisqa fursat ichida Adievning bu kabi “xunarlar” ko‘rsatishi xuddi aqlbovar qilmas darajada.
Belarus, Ozarbayjon, Slovakiya termalari bilan bir guruhda qatnashib peshqadam sifatida muxlislarni qoyil qoldirdi. Sports.uz jurnalistli Shuhratbek Jo‘raev Magomed Musaevich bilan anchadan beri aloqada bo‘lib kelayotgandi. Adiev bizing saytimiz uchun intervyu berishga allaqachon rozi bo‘lgan, faqat rasmiy o‘yinlar tugagach, sentyabr oyi oxirlarida suhbatlashishga kelishib olingandi. Va’daga muvofiq rossiyalik murabbiy Sports.uz uchun eksklyuziv intervyu berdi.
- Magomed Musaevich, sizni Sports.uz saytidan bezovta qilyapman. Chunki Qozog‘iston terma jamoasida amalga oshirayotgan ishlaringizga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu bois siz bilan suhbatlashishni rejalashtirgandik. Shundoq ham bunday natijalardan keyin sizni matbuotdan tez-tez bezovta qilishayotgandir-a?
- Albatta, milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida o‘zimga katta e’tibor berilayotganini his qilish tushunarli. Matbuot tomonidan bo‘ladigan e’tiborga oddiy qarayman. Bunga ko‘nikib ham ketganman. Imkon qadar OAV xodimlarining intervyu yo o‘yin haqidagi fikrlarim bilan qiziqish to‘g‘risida bergan savollariga javob qaytarishga harakat qilaman. Ya’ni, ularning ra’yini qaytarishni istamayman. Ha, UEFA millatlar ligasidagi birinchi bosqichni muvaffaqiyatli yakunlaganimizdan xursandman. Biroq bu natija bilan faxrlanib osmonga uchib yurish yaramaydi. Savollaringizga javob qaytarishga tayyorman, bemalol.
- Qozog‘iston terma jamoasi bilan millatlar ligasida qayd etayotgan natijangizni hech kim kutmagandi. Buni sensatsiya sifatida qabul qilyapmiz...
- Tabiiyki, terma jamoa ancha vaqt davomida aytarli natijalar qayd etmas ekan, pirovardida bunday ko‘rsatkichlarni ko‘rsatadigan bo‘lsa, hammasi shov-shuv sifatida qabul qilinadi. Aytishim kerakki, men va shtabimdagi yordamchilar bu natijani katta sensatsiya sifatida qabul qilayotganimiz yo‘q. O‘zimizni super katta natija egalari sifatida tasavvur qilish xayolimizga kelmayapti. Ha, o‘z ishimizni yaxshi, aytish mumkin bo‘lsa, ancha muvaffaqiyatli bajardik. Lekin biz buni zimmamizdagi vazifa sifatida qabul qilmoqdamiz. Maqsadimiz raqobatbardosh jamoani shakllantirishdan iborat. Shunday jamoa qurayotganimizni his qilmoqdamiz. Buni millatlar ligasida o‘z guruhimizda birinchi o‘rinni egallaganimiz ham qaysidir ma’noda tasdiqlaydi. Bundan xursandman. Ikkinchi davrada ham bo‘shashmasdan harakat qilishga intilmoqchimiz. Biz erishgan natijamizni shunchaki yaxshi bajarilgan ish sifatida qabul qilmoqdamiz.
- Shuncha payt qozoq termasida ko‘plab murabbiylar ishladi. Ammo Evropa maydonlarida ular hech nima qila olmadilar. Siz muvaffaqiyat kalitini qanday topdingiz?
- Mening o‘rnimda bunga qadar terma jamoani boshqargan hamkasblarim haqida fikr bildirishim qiyin. Haqiqatan ham Qozog‘iston milliy terma jamoasida kuchli murabbiylar ishlashgan. Lekin futbol shunday o‘yinki, murabbiy har qancha urinmasin istalgan natijani ko‘rsata olmasligi mumkin. Shunday bo‘ldiki, bizning murabbiylar shtabimiz ilgari kuzatilmagan natijani qayd etishdi. Yana jshuni qo‘shimcha qilishim lozimki, ilgari mendan oldin termaga ustozlik qilgan hamkasblarimning ishlarini ko‘rmaganman. Bevosita o‘zimizga to‘xtalsak, biz murabbiylar ishonib topshirilgan ishni iloji boricha yaxshi bajarishga intilmoqdamiz. Ehtimol, biz ortimizda butun mamlakat turganligini his qilgan holda mana shunday ijobiy natijalarni qayd etgan bo‘lsak kerak.
- Qozog‘iston UEFAga o‘tgach, autsayderga aylanib qolgandi. UEFAning qozoq futboli uchun plyus va minus jihatlari nimada bo‘ldi?
- Avvalo aytishni istardimki, Osiyo futbolining minuslar va plyuslari borasida biror narsa deyishim amrimahol. Chunki men Osiyoda ishlamaganman. Qozog‘iston terma jamoasi anchadan beri Evropa mintaqasida o‘yinlarda ishtirok etib kelmoqda. Uni esa o‘z vaqtida Evropa va Osiyo futbolida ishlagan murabbiylar boshqarishgan. Qozoq futboli nimani yutdi? Bu savolingizga javob berishim mushkul. Faqat shuni ayta olamanki, terma jamoa rolidagi qisqa muddatli ishimiz davomida ancha ijobiy natijalarni qayd etishga erishdik. Biz liga doirasidagi o‘yinlarda boshqa raqiblarimizga kaltakbop bolalar rolini ijro etmaslikka harakat qildik.
- Magomed Musaevich, o‘zbek futboli sizni qanchalik qiziqtiradi?
- O‘zbek futboli haqida gapiradigan bo‘lsam, unda mahoratli o‘yinchilar va murabbiylar borligini aytishim mumkin. Hozir ham o‘zbek o‘yinchilari milliy chempionatda porlashgach, boshqa chet ligalariga yo‘l olishmoqda. O‘z vaqtida men ham futbolchi sifatida yurtingizdan chiqqan o‘yinchilarga qarshi bir necha marta to‘p surganman. Masalan, Mirjalol Qosimovga qarshi. U juda iqtidorli futbolchi bo‘lgan. Umuman, yurtingizdan bunday iqtidor egalari ko‘plab etishib chiqqan va bu jarayon davom etyapti. Futbol qaysi mintaqada o‘ynalmasin, bari men uchun qiziq. Baxtga qarshi shu kungacha yurtingizga tashrif buyurish menga hali nasib etganicha yo‘q. Umid qilamanki, kunlardan bir kun kelib albatta O‘zbekistonga tashrif buyuraman va tarixiy shaharlaringizni obdon aylanib chiqmoqchiman.
- Bizning terma jamoamizda siz yoqtirgan futbolchilar bormi?
- Yuqorida aytganimdek, o‘zbek futbolida doim iqtidor egalari etarlicha bo‘lgan. O‘zbekiston terma jamoasi muntazam ravishda Osiyodagi turnirlarda ishtirok etib kelgani uchun uning ijrosidagi o‘yinlarni kuzatish doim nasib etavermaydi. Futbolingizni yaqindan bilaman, deya olmayman. Ammo yurtingizdan iqtidor egalari etishib chiqishi kishini quvontirmasdan qo‘ymaydi. Hozirgi kunda Eldor Shomurodovni tanimagan muxlis bo‘lmasa kerak. U “Rostov”da o‘zini yorqin namoyish etganidan keyin Italiyaga yo‘l oldi. Top-5 chempionatlari sirasiga kiradigan A seriyada Shomurodov yo‘qolib qolgani yo‘q. Aytishim darkorki, “Anji”da ishlayotgan chog‘imda menga u haqida gapirib berishgan. O‘shanda bu o‘yinchingizni klubga taklif etish masalasi ham ko‘tarilgandi. O‘sha paytda Shomurodov o‘zimiz istagan futbolchilar ro‘yxatida bo‘lgan. Shu yo‘lda “Rostov” rahbariyati bilan dastlabki kelishuvga erishib, uni yarim yilga ijaraga olmoqchi edik. Lekin yakunda rahbarlar qandaydir masala yuzasidan kelisha olmagandilar. Hozir esa u Italiyadek mamlakatning kuchli ligasida o‘ynayapti. O‘zbek futbolchilari orasida gap ketsa mening hayolimga yana Odil Ahmedov ham keladi. U o‘z vaqtida “Anji”da muvaffaqiyatli to‘p surgan. To‘g‘ri u bilan yaqindan tanish bo‘lmaganman. Lekin o‘shanda “Anji” tarkibida yulduz maqomidagi o‘yinchilar jamlangan mahalda ham Ahmedov ularning orasida yo‘qolib qolmagan. Bu esa o‘yinchingizni naqadar mahoratli ijrochi bo‘lganidan dalolat beradi. Yodingizda bo‘lsa, o‘shanda “Anji”da haqiqiy yulduzlar jamlangandi. Bussufa, Roberto Karlos, Villian, mana shunday sheriklar bilan o‘ynagan davrda ham Ahmedov doim asosiy tarkibda maydonga tushgan. U juda kuchli futbolchi bo‘lgan.
- O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilishini xohlaysizmi? Menimcha, Markaziy Osiyoda kim kuchli ekanini bilishga ko‘pchilik qiziqadi.
- Ha, federatsiyada O‘zbekiston – Qozog‘iston terma jamoalari ishtirokidagi o‘rtoqlik maqomidagi o‘yinni o‘tkazish masalasi bir necha bor ko‘tarilgan. Agar shunday uchrashuv tashkil qilinsa, o‘ylaymanki, bu juda qiziqarli bo‘lardi. Mana shunday bellashuv tashkil etilgan taqdirda Markaziy Osiyoda haqiqiy derbi yuzaga kelib, kim aslida kimligi oydinlashgan bo‘lardi. Albatta, O‘zbekiston terma jamoasini ancha kuchli ekanligidan xabarim bor. Nega bo‘lmasin, mana shunday raqibga qarshi o‘ynash Qozog‘iston terma jamoasi uchun ham juda qiziqarli bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, men O‘zbekistonni munosib raqiblar sirasiga qo‘shaman.
- Agar O‘zbekiston UEFA tarkibida bo‘lsa, buni qanday tasavvur qilasiz? Terma jamoamiz u erda “yo‘qolib” qolmaydimi?
- Yo‘qolib qoladi yoki qolmaydimi, deysizmi, bir narsa deyish mushkul. Agar O‘zbekiston UEFAga kiradigan bo‘lsa, evropacha futbolga moslashish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Yana takrorlayman: sizlarda iste’dodli, sifatli o‘yinchilar talaygina. Ehtimol, shunday bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston darhol kuchli termalarga raqobat tug‘dira olmasligi mumkin, lekin O‘zbekistonga qarshi o‘ynash barcha uchun birdek qiziq bo‘lishi aniq. Bu masalani men emas, balki federatsiyangizdagilar muhokama qilishsa yaxshiroq bo‘lardi. Aynan ularda shunday istak bo‘lsa, UEFA bilan kelishishlari kerak.
- Qozog‘iston terma jamoasi bilan keyingi rejangiz va maqsadingiz qanday?
- Yaqin rejalarga kelsak, endi millatlar ligasining keyingi bosqichiga tashlanadigan qur’a natijalarini kutyapmiz. Raqiblarni bilib olganimizdan keyin ularning o‘yinlarini yig‘ib, tomosha qilgan holda tahlil qilishni boshlaymiz. Shundan so‘ng 19 oktyabrda amirlikda BAA bilan o‘yin bor. Shuningdek, 16-sanada ham o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish belgilangan. Mana shu bellashuvlar bilan joriy taqvim yilini oxiriga etkazamiz. Mana shu biz uchun hozircha ikkita asosiy reja bo‘lib turibdi: qur’a bilan o‘rtoqlik bahslari. Keyin esa Qozog‘iston futbol federatsiyasi rahbariyati bilan shartnomamni uzaytirish masalasini muhokama qilib olmoqchiman. Agar shu ishni yangi yilgacha amalga oshirsak, kelgusi yilning birinchi sanasidanoq xotirjam ishga kirishishimiz mumkin bo‘ladi.
- Murabbiy sifatida aynan terma jamoadagi ishingiz orqali ko‘proq tanilyapsiz. Qozog‘iston termasidagi faoliyatingiz murabbiy sifatidagi tashrif qog‘ozingizga aylandimi?
- O‘ylaymanki, Rossiyada ham meni yaxshi tanishsa kerak. Chunki premer-ligada ishlaganman. Ligada bosh murabbiy, bosh murabbiy yordamchisi sifatida ham mehnat qildim. Albatta, Qozog‘iston terma jamoasida olib borayotgan ishim orqali ancha tanilganim rost. Endi meni boshqa mamlakatlarda va mintaqalarda bilishadi. Bunday e’tiborni iloji boricha xotirjam qabul qilyapman. Agar o‘z ishimizni yaxshi bajarib, ijobiy natijalar qayd eta olsak, bizni yanada ko‘proq bilishlari tayin. Murabbiyning ishi shunaqa: yaxshi natija bo‘lsa taniladi, aksincha holatda esa tanqidlar ostida qolib ketadi. Tanqidlar va maqtovlarga to‘g‘ri ko‘z bilan qarashga odatlanganman. Tanqidlardan ezilib, tushkunlikka tushmayman, maqtovlardan osmonda uchmayman. Axir maqtovlar va tanqidlar murabbiylik kasbining o‘zgarmas qismiga aylanib ulgurgan.
- Sizga O‘zbekistondan takliflar bo‘lganmi?
- Yo‘q, shu kungacha O‘zbekistondagi klublardan hech qanday takliflar olmaganman.
- Bungacha sizni klublarda ishlaganingizni bilamiz. Biroq klublardagidan ko‘ra terma jamoada omadim chopyapti, deya olasizmi?
- Murabbiy sifatida unga omad kulib boqishi katta ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida men bunday narsaga ko‘p ahamiyat bermay o‘z ishimni yaxshi bajarishga harakat qilaman. To‘g‘ri, o‘z vaqtida klubdagi ishlarimda ham muayyan bir muvaffaqiyatli natijalar qayd etganman. Terma jamoada esa 4 g‘alaba va 1 durang evaziga ancha tanilganimni inkor eta olmayman. Axir Evropa mintaqasida bunday natijalar e’tibordan chetda qolmaydi va yaxshi baholanadi. Rossiya chempionatida “Anji”da ishlagan kezlarimda klub moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgandi. Shunda ham jamoa sha’nini ancha muvaffaqiyatli himoya qilib aytishga arzigulik natijalar ko‘rsata olganmiz. To‘g‘ri, baribir “Anji” quyi divizionga tushib ketgandi.
- O‘zbekiston va Qozog‘iston futboli o‘rtasida qanday farqlarni ko‘ryapsiz?
- O‘zbekiston va Qozog‘iston futboli o‘rtasidagi darajani taqqoslash?! Menimcha, bu savolingizga javob topa olmasam kerak. Chunki o‘zbek futbolchilari haqidagi ma’lumotlarni o‘qib tursam-da, ichki chempionat darajasi qanchalik ekanligidan mutlaqo bexabarman. Baxtga qarshi O‘zbekiston chempionati doirasidagi o‘yinlarni ham tomosha qilmaganman.
- Yuqorida Eldor Shomurodov haqida gapirdingiz. Shuningdek, Rossiyada o‘ynayotgan yana bir legionerimiz Oston O‘runovni ham bilsangiz kerak...
- Ha, O‘runovni bilaman. U Rossiyaga kelgan dastlabki paytda “Ufa”da juda yaxshi to‘p surgan. Shu boisdan ham mutlaqo haqli ravishda uni Rossiyadagi top klublar bilan unashtira boshlagandilar. Lekin mana shunday top klublardan biri sanaladigan “Spartak”ka ko‘chib o‘tganidan so‘ng O‘runovning o‘yinida pasayish ko‘zga tashlandi. “Spartak”ka o‘tgach, butunlay boshqacha o‘yinchi sifatida gavdalanib, oldingi shiddatkor O‘runovni xuddi boshqasiga almashtirib qo‘yishganidek taassurot uyg‘ota boshladi. “Ufa”ga qaytganidan keyin ham O‘runov hamon o‘sha-o‘sha o‘zi o‘ralashib qolgan ruhiy o‘radan chiqa olmayapti. Vaholanki, Ostonda yanada zo‘r o‘ynash uchun barcha sifatlar mujassam. Yigit ”Spartak”da o‘z asablarini nazorat qila olmagan ko‘rinadi. Chunki taniqli klubning har bir o‘yinchisiga nisbatan atrofdagilarning bosimi va ta’siri juda kuchli bo‘ladi. Agar u o‘zidagi oldingi shiddatni qaytara olsa yana avvalgi darajasiga chiqishi mumkin. Shomurodovga to‘xtaladigan bo‘lsam, u butunlay boshqa – O‘runovning tamoman teskarisi. Aytishim kerakki, “Rostov”ga kelgan dastlabki kezlarida Shomurodovda ham hammasi o‘xshamagan. Lekin o‘z ustida ishladi. O‘z navbatida u Rossiyadagi birinchi mavsumi oxiriga kelib hammada yaxshi taassurot qoldira olgan. Shu boisdan ham haqli ravishda Eldor Shomurodov boshini tik tutgan holda Italiyaga ravona bo‘ldi. “Jenoa”ga kelganda ham Shomurodov erishganlaridan to‘xtab, bir joyda qotib qolgani yo‘q. O‘z ustida ishlashda davom etgani uchun ancha jiddiy klublardan sanaladigan “Roma”ning e’tiborini tortdi. Bir so‘z bilan aytganda, bu ikki yurtdoshingiz - O‘runov bilan Shomurodovning taqdirlari bir-biridan butkul farq qiladi. Biri o‘z ustida ishlab yuqori darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa, ikkinchisi o‘ziga nisbatan bo‘lgan talabni ancha pasaytirib yuborgani etmaganidek, ruhiy o‘radan chiqib keta olmayapti.
- Ayting-chi, Qozog‘iston terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishi uchun qancha vaqt kerak?
- Qancha vaqt kerak bo‘ladi? To‘g‘risi, bilmayman. Minimum darajada bu 2026 yilga borib yuz bersa kerak. Bu mening taxminim (kuladi).
- Buni bejizga so‘ramadim. Boisi, O‘zbekiston terma jamoasi ham ushbu azaliy orzusi yo‘lida harakat qilyapti, ammo o‘xshamayapti. Mutaxassis sifatida qanday maslahat berasiz?
- Bilasizmi, maslahatni ba’zida o‘zimga-o‘zim ham berib turaman. Kishi bir narsaga erishmoqchi bo‘lsa, hech qachon asabiylashmasligi va tushkunlikka tushmasligi darkor. O‘z ishiga va kuchiga bo‘lgan ishonch bilan ko‘p narsaga erishish mumkin. Bunday jihatlarga erishish yo‘lida inson qat’iyatli bo‘lmog‘i kerak. Mana shunday istak bir kun kelib albatta muvaffaqiyat keltirishi tayin. Fursatdan foydalangan holda terma jamoangizga o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslikni tilab qolmoqchiman. Axir sizlarda sifatli va iqtidorli futbolchilar ko‘plab topiladi. Aynan ular milliy termani jahon chempionatiga olib chiqishlari turgan gap.
- Magomed Musaevich, taklifimga yo‘q demasdan vaqt ajratganingiz uchun tashakkur. Faoliyatingizga omad tilayman.
- Rahmat, siz bilan suhbatlashib ancha engil tortdim. Meni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorman.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar