
Futbol qaytgach ular ham qaytishadi: vaqtincha ishsiz bo‘lgan 8 murabbiy
Dunyo futboli hozircha tanaffusda, bir qancha tajribali murabbiylar undan oldinroq tanaffus olishgan edi. Ularning har biri istalgan vaqtda ishga qaytishga tayyor.
Futbol musobaqalari qachon boshlanishi hozircha noaniq. Chempionatlar davom etadimi yoki shu erda mavsum yakunlanadimi, yozgi transferlar bo‘ladimi, yo‘qmi bular ham noaniq.
Hozir esa biz vaqtincha ishsiz bo‘lib turgan 8 nafar murabbiy haqida suhbatlashamiz.
Ernesto Valverde
Valverde “Barselona” bilan 2 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgach, uchinchi mavsumda ham chempionlik uchun kurashayotgan edi. Ammo Ispaniya Kubogidagi muvaffaqiyatsizliklar, Chempionlar Ligasidan ketma-ket chiqib ketishlar rahbariyat murabbiyni iste’foga chiqarishi uchun sabab bo‘ldi.
Lekin 56 yoshli murabbiy hali-hamon yuqori darajadagi murabbiylar qatorida. Istalgan vaqtda, istalgan jamoani bemalol boshqara oladi.
Unai Emeri
48 yoshli murabbiy “Arsenal” bilan muvaffaqiyatsiz mavsumni o‘tkazdi. O‘tgan mavsum so‘nggida Evropa Ligasi finalidagi mag‘lubiyat, APLdagi Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan quruq qolishi unga bo‘lgan ishonchni sekin-asta so‘ndirib borardi.
Natija yaxshilanavermagach, uning o‘rnini Fredrik Yungberg egalladi. Keyin esa rahbariyat Mikel Artetani “kanonirlar” murabbiyligiga olib keldi. Emeri esa muvaffaqiyatsizligiga qaramasdan reytingi yuqori murabbiylardan sanaladi. Unga bir qancha takliflarning borligini hisobga olsak, tez orada biror jamoa murabbiyi sifatida tanishtirilsa kerak.
Maurisio Pochettino
Argentinalik murabbiy “shporlar” bilan fantastik yillarni o‘tkazdi. “Tottenxem”ni Angliyaning o‘rtamiyona jamoasidan Chempionlar Ligasi finalchisiga aylantirgan Maurisio Pochettino kutilmaganda murabbiylik postini bo‘shatishiga to‘g‘ri keldi. Bu qaror hammani shok holatiga tushirdi.
48 yoshli murabbiy London jamoasini boshini tik ko‘targan holda tark etdi. U “Tottenxem” bilan aqlbovar qilmas yillarni o‘tkazgandi. Hozirda murabbiyga “Manchester Yunayted”, “Bavariya” va “Real” tomonidan takliflar bor.
Massimiliano Allegri
52 yoshli “Katta Maks” Italiyada murabbiy erishishi mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. 2019 yil iyun oyida “Yuventus” murabbiyni iste’foga chiqardi. Shundan buyon Allegri ishsiz. Ammo bu tanaffus uzoq cho‘zilmasligi aniq. Pandemiya tugagach Allegri ham takliflarni ko‘rib chiqishga rozi.
Unda grand jamoalarni boshqarish va ular bilan sovrin yutish borasida ancha tajriba bor. Demak yaqin orada Massimiliano Allegrini qaysidir jamoa murabbiyi sifatida ko‘ramiz.
Marku Silva
Portugaliyalik mutaxassis 2018 yil may oyidan 2019 yil dekabr oyiga qadar “Everton” murabbiyi sifatida faoliyat olib bordi. 42 yoshli murabbiy “Everton”ni APLning o‘rtamiyona jamoasi sifatida saqlab tura oldi. Keyin esa negadir jamoaning natijalari qoniqarsiz bo‘la boshladi. Bu esa Silvaning iste’fosi bilan yakunlanadi.
“Olimpiakos” bilan chempionlikka erishgan murabbiy bemalol top-5 chempionatidagi jamoalarni boshqara oladi. Unda bu borada tajriba bor.
Leonardu Jardim
Portugaliyalik murabbiy “Monako” bilan birga yaxshi damlarni boshdan kechirgan. 2016/2017 yilgi mavsumda Frantsiya chempionligini qo‘lga kiritgan va o‘sha mavsumda Chempionlar Ligasi yarim finaliga qadar borgan edi. Ammo shundan so‘ng jamoa stabillikni yo‘qotib qo‘ydi. Jardim qancha tez sur’atlarda porlagan bo‘lsa, xuddi shunday tezlikda pastlay boshladi.
Hozirda ishsiz bo‘lib turgan murabbiyga albatta bir qancha jamoalardan takliflar bor. Pandemiya tugagach Leonardu Jardim ham ulardan birortasiga rozilik bildirishi mumkin.
Kris Xyuton
61 yoshli irlandiyalik murabbiy top-murabbiylar qatoriga kirmas, ammo Angliyada o‘z imzosini qoldira olgan mutaxassis hisoblanadi. Ertami-kechmi Xyuton ham birorta jamoani boshqaradi.
Avvaliga “Nyukasl”ni 2010 yil APLga qaytaradi, keyin esa “Birmingem”, “Norvich” va “Brayton” kabi jamoalarni boshqaradi. 2019 yilning may oyida iste’foga chiqqan murabbiy yana katta futbolga qaytish niyatida.
Manuel Pellegrini
Pellegrini bir necha oydan buyon ishsiz. Murabbiyning oxirgi boshqargan jamoasi “Vest Xem” edi. Jamoa bilan ko‘zlagan maqsadlarga erisha olmadi va o‘tgan yilning dekabr oyida iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini Devid Moyes egalladi.
U endi dam olsa ham bo‘ladi. Faoliyatida juda katta sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Ammo tajribali murabbiy baribir ishni sog‘inadi. Shunday ekan tez orada biror jamoa murabbiyligida ko‘rsak, hayron bo‘lmaymiz.
Fikrlar