Germaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Qozog‘iston klubi bilan muzokara olib bormoqda
Germaniya terma jamoasi va Dortmundning "Borussiya" klubi sobiq futbolchisi Marko Roys Qozog‘istonning "Aktobe" jamoasiga o‘tishi mumkin. Bu haqida rossiyalik insayder Ivan Karpov xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 36 yoshli yarim himoyachi Aktyuba viloyati klubidan juda katta moliyaviy taklif olgan. Ayni paytda futbolchi taklifni ko‘rib chiqmoqda va yaqin kunlarda o‘z qarorini ma’lum qilishi kutilmoqda.
Marko Roys faoliyatining deyarli barcha qismini "asalarilar" safida o‘tkazgan bo‘lib, klub tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan o‘yinchilardan biri hisoblanadi. U dortmundliklar safida 494 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shu bilan birga, Roys Bundesligada chempionlikni qo‘lga kiritа olmagan bo‘lsa-da, Germaniya Kubogi va Superkuboklarini yutib olgan.
So‘nggi 1,5 yil mobaynida Marko AQShning "Los-Anjeles" klubida to‘p surgan. Endilikda esa u faoliyatini Qozog‘iston Premier-ligasida davom ettirishi mumkin.
Fikrlar