Gvardiolaga tushuntirish berildi
Angliya Futbol ligasi «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiolaga javob berdi.
Gap shundaki, manchesterliklar jamoasi bosh murabbiyi kecha Angliya Liga kubogi (Karabao Kap) nimchorak finali doirasida bo‘lib o‘tgan «Vulverhempton»ga qarshi o‘yindan so‘ng, ushbu turnirning rasmiy to‘pi bo‘lmish Mitre Delta EFL ni tanqid qilgandi.
Murabbiy ushbu to‘p nihoyatda engil ekanini aytib, bunday to‘plarda futbol o‘ynash mumkin emasligini aytgan va shu tariqa jamoasining 120 daqiqa davomida chempionship jamoasi darvozasini ishg‘ol qila olmaganini oqlamoqchi bo‘lgandi.
AFL bayonotida aytilishicha, Angliya liga kubogida qo‘llanilayotgan Mitre Delta EFL to‘plari etarlicha sinovlardan o‘tgan va FIFA ning barcha standartlariga to‘liq javob beradi. To‘pning tuzilishi, shakli, og‘irligi ham belgilangan talablarga to‘liq mosdir. Tashkilot Pep Gvardiolaning xavotirini va tanlovini to‘g‘ri tushunishini, ammo kechagi o‘yinlardagi qiziqarli uchrashuvlar to‘pning salbiy ta’sirini inkor etishini ta’kidlab o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Gvardioladan tashqari, «Manchester Siti» yarim himoyachisi Yaxyo Ture ham to‘pni tanqid qilib o‘tgan va o‘z faoliyati davomida ko‘rgan eng yomon va sifatsiz to‘p ekanini qayd etgandi.
«Manchester Siti» yakunda penaltilar seriyasida «Vulverhempton» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘llanma oldi.
Fikrlar