
"Hafta voqeliklari". "Toshkent derbisi", OChL, EChL va EL haqida
Xabaringiz bor, saytimiz tomonidan “Hafta voqeliklari” deya nomlangan loyihani taqdim etib kelmoqdamiz. Siz unda o‘zbek, Osiyo va jahon futbolida sodir bo‘lgan haftaning eng muhim voqeliklari bilan tanishishingiz mumkin.
Dastlab o‘zbek futboli haqida.
OChL 2-turida “Lokomotiv” g‘alabani qo‘ldan boy berdi. “Temiryo‘lchilar” tezkor gol urgan bo‘lishsa-da, yakunda bir ochko ham ishlay olishmadi
11 mart kuni Osiyo chempionlar ligasi 2-tur uchrashuvlari start oldi. Kun doirasidan “Al Rayyan” – “Lokomotiv” o‘yini ham o‘rin olgandi.
Bahsda hamyurtlarimiz tezkor gol urib, hisobni ochgan bo‘lishsa-da, yakunda g‘alabani ushlab qola olishmadi.
"Lokomotiv"ning ilk hujumi samarali yakunlandi. Sardor Mirzaev - Timurxo‘ja Abduxoliqov - Diyorjon Turopov uchligi uyushtirgan hujum golga aylandi. Abduxoliqov markazga uzatgan to‘pni Turopov osonlik bilan darvozaga joylab qo‘ydi. O‘sha holatda Diyorjon Turopov ofsaydda turgandek taassurot qoldirgandi. Takroriy lavha ham hamyurtimizni o‘yindan tashqari holatda ekanligini ko‘rsatdi. Ammo hakam golni inobatga oldi.
"Al Rayyan" o‘yinni "Lokomotiv" maydonchasi tarafga ko‘chirishga va tizginni qo‘liga olishga erishdi. "Loko"da esa qarshi hujumda ajoyib vaziyat yuzaga keldi. Abduxoliqov va Zoteev kombinatsiya orqali chiroyli yurishni amalga oshirdi. Lekin Zoteev o‘zi uchun noqulay bo‘lgan o‘ng oyog‘ida kutilganidek zarba berolmadi.
Sen urmasang, senga gol urishadi degan naql yana o‘z isbotini topdi. "Lokomotiv" sal avval vaziyatdan foydalana bilmadi. Mezbonlar esa javob hujumida hisobni tenglashtirishdi. Chap tomondan jarima maydonchasi ichiga kirib kelgan Lukka darvozaning yaqin burchagiga yo‘naltirgan to‘pni Javohir Ilyosov bartaraf etishga ulgurmadi.
Birinchi taymning o‘zida hisobni tenglashtirgan maydon egalari tanaffusdan so‘ng bosimni yanada oshirishdi. Natijada, 58-daqiqaga kelib, Jilson Souza shogirdlari g‘alaba to‘pini kiritishdi.
"Al Rayyan" futbolchilari tashkil etgan hujumni ikkinchi qavatda bartaraf etmoqchi bo‘lgan Anzur Ismoilov to‘pni raqib futbolchisi Soriyaga "sovg‘a" qildi. Kuintana kuchli zarba orqali Rivasga pas berdi. U esa bir harakat bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Uchrashuvdan oldin raqib jamoada muammolar borligi, oxirgi uchrashuvlarda yirik mag‘lubiyatlar qabul qilib olgani va boshqa sabablar tufayli “Lokomotiv” favorit sanalayotgandi. Ammo “temiryo‘lchilar” hisobdan kelib chiqib o‘ynashdi va imkoniyatni boy berishdi.
O‘yinni Fyodorov shogirdlari juda yaxshi boshlashdi. Tezkor va chiroyli hujumdan keyin gol urildi. Ochig‘ini aytish kerak, ko‘pchilik bunday startni kutmagandi. Xatto darvoza ishg‘ol qilingandan keyin ham safarda to‘p tepgan vakillarimiz tashabbusga erishishganini va bir necha bor xavfli vaziyatlar yaratishganini barchamiz guvohi bo‘ldik. Hujumlar xatto chiroyli harakatlar bilan amalga oshirildi. Afsuski, "Lokomotiv" ishonchli o‘yinni natijada aks ettira olmadi va g‘alaba qozonish kerak bo‘lgan bahsda yutqazdi.
“Paxtakor” o‘ziga kelmoqda. Arveladze o‘zimizning mahalliy futbolchilardan ham yaxshi jamoa tuzsa bo‘lishini sezdi. To‘g‘ri, tarkib deyarli terma jamoa. Shunga yara o‘yin ham chiroyli ko‘rinish olmoqda
"Paxtakor" Chempionlar Ligasi 2-turida "Al Ahli"ni qabul qildi. Qiziqarli kechgan bellashuvda “sherlar” Marat Bikmaevning yagona goli evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritishdi.
Uchrashuv "sherlar" ustunligi ostida kechdi. Bo‘lim o‘rtalariga kelib, to‘liq tashabbusga erishgan hamyurtlarimiz ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratishga tushishdi.
Marat Bikmaev yo‘llagan zarbaga aniqlik etishmadi. Odiljon Hamrobekovning aniq zarbasi yo‘liga esa Muhammad Alovays g‘ov bo‘ldi. 26-daqiqada esa Dragan Cheranning yaqin masofadan boshi bilan bergan zarbasidan so‘ng to‘p ustunga tegib qaytdi. Birinchi taymda tashkil etilgan hujumlar samara keltirmadi.
Tanaffusdan so‘ng "Paxtakor" yanada shiddat bilan oldinga tashlandi. 62-daqiqada 30 metrlar uzoqlikda belgilangan jarima zarbasidan Bikmaev to‘pni erlatib darvozaga aniq yo‘lladi va hisobni ochdi - 1:0. Ushbu vaziyatda Masharipov va Hamdamovning harakatlarini ham e’tirof etish darkor. ular tana harakatlari orqali raqibni chalg‘itishdi.
Marat shu tariqa “Paxtakor” jamoasi safida Chempionlar Ligasida 4 o‘yinda 4 gol urishga erishdi. Ajoyib natija!
78-daqiqada Masharipovning uzatmasidan so‘ng Bikmaevning aniq zarbasini mehmonlar posboni bartaraf etdi.
Eng qizig‘i, darvoza ishg‘ol qilingunga qadar muxlislar Shota Arveladzedan Bikmaevni almashtirishni so‘rashayotgandi. Ammo u gol urib qahramonga aylandi. O‘z navbatida ishqibozlarning so‘rovi amalga oshirildi. Maratning o‘rnini Igor Sergeev egalladi va u olqishlar sadosi ostida maydonni tark etdi.
Raqib safidagilardan Semedo eng qulay vaziyatni qo‘ldan boy berdi. "Paxtakor" Bikmaevning goli evaziga "Al Ahli"dan ustun keldi.
Derbi g‘olibi peshqadamga aylandi. “Paxtakor” amaldagi chempionni taslim etdi. Bu orqali “sherlar” shashtlari ancha balandligini ko‘rsatishdi.
16 mart kuni “Paxtakor” va “Lokomotiv” 6 kun avval o‘tishi kerak bo‘lgan “Toshkent derbisi”da maydonga tushishdi. PFL mutasaddilarining ma’lum qilishlaricha, ushbu klublarning Osiyo Chempionlar Ligasidagi o‘yinlari borligi uchun “sherlar”ning istagiga ko‘ra Superliganing ilk turidanoq taqvimda o‘zgarish kuzatildi. Bahs sanasining ko‘chirilishi esa “Paxtakor”ga qo‘l keldi.
Uchrashuv O‘FFning sobiq rahbari Mirabror Usmonovning xotirasi uchun bir daqiqalik sukut bilan boshlandi.
O‘yinda tashabbusga ega bo‘lib, ko‘plab imkoniyatlar sodir etgan "sherlar" buni hisobda ham aks ettirishdi. Birinchi taymda Dragan Cheranning ikki urinishi va Hojiakbar Alijonovning aniq zarbasidan keyin Javohir Ilyosov to‘pni qaytarib qolishga erishdi. Cheranning "qaychi" uslubida urgan goli esa o‘yindan tashqari holat sababli inobatga olinmadi.
Tanaffusdan so‘ng yanada hujumkorlikni oshirgan mezbonlar 53-daqiqada hisobni ochishdi. Jaloliddin Masharipov to‘pni igor Sergeevga aniq uzatdi va u yaqin masofadan o‘ng oyog‘ida to‘pni darvozaga yo‘lladi - 1:0.
Keyin esa ikki daqiqa oralig‘ida Cheran ikki to‘p kiritishga erishdi. Dastlab Masharipovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan penaltidan Dragan unumli foydalandi. Ushbu holatda “Loko” futbolchisi Masharipovga tegdi. 50/50 bo‘lgan vaziyatda hakam Sherzod Qosimov maydon egalari foydasiga qaror chiqardi. Bunday hollarda referilar mezbonlarga biroz bo‘ysunishlari xorij futbolida ham uchrab turadi. Bu maydon faktoridir.
63-daqiqada Dostonbek Hamdamov oshirgan to‘pni serbiyalik hujumchi raqib darvozaboni ustidan "parashyut" uslubida oshirib tashladi - 3:0. Qoyilmaqom ijro.
Oradan 10 daqiqa o‘tib, "Lokomotiv"da safida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Arslanmurod Amanov hisobni qisqartirdi. Turkmanistonlik futbolchi Davronbek Hoshimov o‘ng qanotdan oshirib bergan to‘pni to‘rga kiritdi.
Qolgan daqiqalarda qarshi hujumlarda vaziyatlarga ega bo‘lgan "Paxtakor" bundan foydalana olmadi.
"Paxtakor" Superligani "Lokomotiv" ustidan ajoyib g‘alaba bilan boshladi va ilk turdayoq peshqadamga aylandi. Dastlabki turning 6 ta o‘yinidan 5 tasida durang qayd etilgandi. Faqatgina “So‘g‘diyona” Jizzaxda “Bunyodkor”ni 2:1 hisobida taslim etgandi xolos. Shu tariqa, Shota Arveladze shogirdlari to‘plar farqiga ko‘ra Sergey Lushchan jamoasidan o‘tib ketdi.
Qizig‘i shundaki, Marat Bikmaev o‘tgan yili “Lokomotiv” safida “Paxtakor”ga qarshi bahsda muxlislarga qilgan noo‘rin haraktlari uchun diskvalifikatsiya qilingandi. Taqdirni qarangki, Marat bu mavsum o‘sha chetlatishning ta’siri tufayli o‘zining sobiq jamoasiga qarshi bellashuvni o‘tkazib yubordi.
EChLning ketma-ket 3 karra g‘olibi “Real Madrid” musobaqani tark etdi. Ronaldu esa Madriddagi mag‘lubiyat va Simeonedagi alamini Turinda ortig‘i bilan chiqarib oldi. PSJ esa shunchaki katta pullar aylanadigan ammo natijaga kelganda o‘sha evrolar ish bermaydigan klub ekanligi yana bir bor ko‘rindi. ELda ham o‘ziga yarasha qiziq natijalar kuzatildi.
EChL nimchorak final javob bahslarida kutilmagan natijalar qayd etildi. Birinchi to‘qnashuvda imkoniyatni boy bergan jamoalar ikkinchi bahsda vaziyatni o‘nglashganiga guvohi bo‘ldik. Eng katta shov-shuv Madrid, Turin, Parij va Portuda ro‘y berdi.
“Real” safardagi g‘alabadan ortiqcha ruhlanib ketgan va raqibni mensimagani uchun o‘z uyida “Ayaks”ga qarshilik ko‘rasata olmadi. Yakunda EChLning ketma-ket 3 karra g‘olibi musobaqani tark etdi.
“Atletiko”da ham deyarli huddi shunday vaziyat. “Matraschilar” “Yuventus”ga 2 ta gol urganlaridan so‘ng Turinga shunchaki rasmiyatchilik uchun tashrif buyurgandek ko‘rinishdi. Natijada, Ronaldusi bor “Yuve” ispaniyaliklarni dastlabki o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lishlariga qaramay, chorak finaldan maxrum qildi. Portugaliyalik yulduzning xet-trigi mezbonlar joniga oro kirdi.
PSJ bu yil ham vazifani uddalay olmadi. Manchesterda ishonchlik hisobda zafar quchgan Tomas Tuxel shogirdlari Parijga asosiy tarkibsiz tashrif buyurgan “Manchester Yunayted”dan engilishdi. Ushbu mag‘lubiyat yana jamoa muxlislarini ranjitdi.
“Roma” Rimda “Portu”ni taslim etgandi. Buni qarang-ki, portugaliyaliklar ham birinchi to‘qnashuvdagi mag‘lubiyat alamini olishdi. O‘z uylarida kechgan bahsda maydon egalari ijobiy natija ko‘rsatishdi va keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, “Liverpul” Angliyada “Bavariya” bilan durang o‘ynagandi. Myunxendagi qarama-qarshilikda esa g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirdi. “Bavariya” oxirgi 8 yil ichida ilk bor chorak finalga etib bormadi. Qolgan uchrashuvlarda favoritlar chorak final taqdirini qiyinchiliksiz hal etishdi.
Natijalar esa quyidagicha bo‘ldi:
Liverpul - Bavariya 0:0, 3:1
Atletiko - Yuventus 2:0, 0:3
Manchester Yunayted - PSJ 0:2, 3:1
Tottenxem - Borussiya d 3:0, 1:0
Lion - Barselona 0:0, 1:5
Shalke - Manchester siti 2:3, 0:7
Ayaks - Real madrid 1:2, 4:1
Roma - Portu 2:1, 1:3
15 mart kuni musobaqaning 1/4 finaliga qur’a tashlandi va jamoalar raqiblarini bilib olishdi.
Tottenxem - Manchester Siti
Manchester Yunayted - Barselona
Ayaks - Yuventus
Liverpul - Portu
Dastlabki o‘yinlar 9-10 aprel kunlari o‘tkazilsa, javob bahslari 16-17 aprelga belgilangan.
EL: Musobaqa favoriti “Sevilya” shu bosqichda to‘xtadi
ELda ham nimchorak final javob bahslari o‘tkazildi. Bu musobaqada ham e’tiborni tortadigan natijalar qayd etildi. "Arsenal" kambekka erishdi, "Inter" va "Sevilya" sensatsion ravishda turnirni tark etdi. Natijada, “Sevilya” klubi rahbarlari jamoa bosh murabbiyini iste’foga chiqardi.
Nimchorak final natijalari bilan tanishing:
Valensiya - krasnodar 2:1, 1:1
Zenit - Vilyarreal 1:3, 1:2
Chelsi - Dinamo K 3:0, 5:0
Napoli - Zaltsburg 3:0, 1:3
Ayntraxt - Inter 0:0, 1:0
Renn - Arsenal 3:1, 0:3
Dinamo Zg - Benfika 1:0, 0:3
Sevilya - Slaviya 2:2, 3:4
1/4 finalga qur’a tashlashlanganidan so‘ng juftliklar quyidacha ko‘rinish oldi:
Arsenal - Napoli
Vilyarreal - Valensiya
Benfika - Ayntraxt
Slaviya – Chelsi
Birinchi o‘yinlar 11 mart kuni o‘tkazilsa, javob uchrashuvlari 18 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar