Harri Keyn: Tezda yana 100 ta gol uraman!

  • 27.09.2025 10:31
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Bundesliganing 5-turida “Bavariya” o‘z uyida “Verder”ni yirik 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bellashuvda myunxenliklar to‘purari Harri Keyn dubli muallifiga aylandi va Evropaning “Top-5” chempionatlarila bir klub safida eng tez 100 ta gol urgan futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Angliyalik hujumchi 104 ta o‘yinda 100 ta gol kiritib, yangi rekord o‘rnatdi. Avvalgi rekord sohiblari – Krishtianu Ronaldu (“Real Madrid”) va Erling Xoland (“Manchester Siti”) bu marrani zabt etish uchun 105 ta bahsda maydonga tushgan edi.

Harri Keyn o‘z rekordiga ehtiroslar bilan munosabat bildirdi.

- Bu o‘zim uchun ham aqlbovar qilmas voqea. Buyuk klub uchun 100 ta gol urish – juda katta sharaf. Bu rekordda jamoadosh do‘stlarim va murabbiylar shtabi vakillarining ham xizmati katta. Ular menga yordam berib kelmoqda. Bu marra eng tez zabt etganimdan xursandman. Bundan buyog‘iga yanada qisqa muddatda yana 100 ta gol urishga harakat qilaman, - dedi Harri Keyn.

Harri Keyn “Bavariya”ga 2023 yilning yozida “Tottenxem”dan transfer qilingan. Myunxenliklar to‘purar uchun qariyb 100 million evro xarajat qilgan. 32 yoshli futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha davom etadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!