"Hech kimda kayfiyat yo‘q" yoxud "Qo‘qon-1912" hujumchisi "Mash’al"ga urgan golini raqib muxlislariga bag‘ishladi, chunki...
“Qo‘qon-1912” jamoasi bugun Superliganing 18-turida o‘z maydonida “Mash’al”ni qabul qildi. O‘yindan avval ko‘pchilik mezbonlarning g‘alabasini taxmin qilgandi. O‘yindagi voqealar rivoji shunga qarab ketayotgandi. Qo‘qonliklar raqibni 2:1 hisobida taslim qilayotgan bir paytda qo‘shimcha daqiqada mehmonlar g‘alabaga teng golni urgan holda mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. Oqibatda mezbonlar tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordilar.
Shu kuni “Mash’al”ning sobiq futbolchisi va hozirda qo‘qonliklar sharafini himoya qilayotgan hujumchi Mo‘min Meliev hisob 1:1 bo‘lib turgan paytda boshi bilan gol urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqqandi va 2:1 o‘yin oxirigacha saqlanib qolishi kutilayotgandi. Qizig‘i, Meliev birinchi davrada Muborakdagi o‘yinda ham gol urgandi va bu ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgani yodingizdami? O‘shanda to‘p darvozaning tashqi tomonidan kirib ketgandi. Xullas, u bu safar ham yana sobiq jamoasi darvozasiga gol urdi. O‘yin yakunlangach, Sports.uz muxbiri Meliev bilan suhbatlashdi.
- Bu juda ham alamli o‘yin bo‘ldi-da. Biz o‘z uyimizdagi o‘yinda yutishimiz kerak edi, - deya gap boshladi Meliev. - To‘g‘ri, “Mash’al” ham yaxshi jamoa, uning murabbiyi ham kuchli. Uning qo‘l ostida ikki-uch yil ishlaganim uchun yaxshi bilaman. Shuning uchun bugun og‘ir o‘yin bo‘lishi aniq edi. Qolaversa, “Mash’al” maydonda beshta himoyachi bilan o‘ynadi. Shu holat ham bizga qiyinchilik tug‘dirdi. Bugun omadimiz ham kelmadi. Baribir nima bo‘lgan taqdirda ham g‘alaba qozonishimiz lozim edi. Holbuki, uchrashuvga yaxshi tayyorlangandik. Keyingi o‘yinlar orqali yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini to‘ldirishga harakat qilamiz va o‘z ustimizda ishlaymiz.
- Natija o‘yin mos bo‘lmadimi?
- Baribir yutishimiz kerak edi. Qo‘qonlik muxlislarni xursand qilmoqchi edik. Afsuski, nasib qilmadi. Hammasi Xudodan.

- O‘yinning oxirlarini qanday kuzatdingiz? Qo‘shimcha daqiqalarda “Mash’al” hujumni kuchaytirgan mahalda ham g‘alabaga to‘liq ishonganmidingiz yoki gol o‘tkazib yuborishdan qattiq xavotirdamidingiz?
- Xavotir hammada bo‘ladi, bu tabiiy hol. O‘yin davomida ham biz gol urdik va orqasidan raqib urdi. Zaxiradan o‘yinni kuzatish qiyinroq. Siz aytgandek, xavotir bo‘ladi. Gol o‘tkazib yubormasak bo‘ldi, g‘alaba qozonishimiz kerak, deb o‘tirgandik. Taqdir ekan, shunday yozilgan ekan, nima ham qilardik?
- “Mash’al” ikkinchi golni urganida qanday holatda bo‘ldingiz?
- O‘sha vaziyatdagi holatimni aytib bera olmasam kerak. Bizga qattiq alam qildi. Nafaqat menga, balki butun jamoaga.
- “Mash’al” darvozasiga birinchi davrada ham, ikkinchi davrada ham gol urdingiz. Sobiq klubingizga gol urishni maqsad qilib qo‘yganmidingiz?
- Nafaqat sobiq jamoamga, balki barcha o‘yinlarda gol urib “Qo‘qon-1912”ga foydam tegishini istayman, bu mening maqsadim. “Bunyodkor”, “Paxtakor” yoki AGMK bo‘ladimi, raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar maqsadim faqat gol urish. Barchasi Xudodan, “Mash’al”ga ikkala o‘yinda ham gol urishim yozilgan ekan, shunday bo‘ldi. Bu golni “Mash’al”ning muxlislariga bag‘ishlayman.

- Qo‘qonlik muxlislarga deng...
- Yo‘q, “Mash’al”ga. Birinchi davradagi urgan golimdan keyin ular meni insofsizga, vijdonsizga chiqarishgandi. Bu safar mana shunday gol ura olishimni ko‘rsatdim. Bugun yutsak g‘alabamizni jarohat olgan o‘yinchilarimizga bag‘ishlamoqchi edik. Ammo yakunda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborganimiz qattiq alam qildi.
- Chempionatda urgan gollaringiz to‘rttaga etdi. Nechta gol urishni o‘ylayapsiz?
- Hujumchi doim to‘purarlikni niyat qiladi. “Mash’al”da o‘ynaganimda ham, hozir ham to‘purarlar qatoridan joy olishga harakat qilaman. Gollarim 10 ta bo‘ladimi, 15 tami, qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi-da.
- O‘yindan keyin Baxtiyor Ashurmatov sizlarga nima dedi?
- Aytyapman-ku, bu durang hammamizga alam qildi. Biz ikki ochko yo‘qotdik. Qanday bo‘lmasin yutishimiz kerak edi.

- Muborakda ham, Qo‘qonda ham gollaringizni nishonlamadingiz...
- O‘zim xohlamadim. Necha yil bo‘lsa ham “Mash’al”ning nonini eganmiz. U erda jamoadoshlarim va murabbiylar bor. Rahbarlardan tortib haydovchi-yu, oshpazlarigacha hurmat qilaman. Barchasiga hurmatni saqlagan holda golimni nishonlaganim yo‘q.
- Siz gol urgan o‘yinlarda “Qo‘qon-1912” yutqazmagan. To‘rtta golingizdan uchtasida jamoangiz yutgan va bittasida durang kuzatildi...
- Hech bunday narsalarga e’tibor bermagan ekanman. Gol urganim bilan jamoamiz yutmasa, bu gol menga tatimaydi-da. Agar yutsak bu boshqa gap edi. To‘g‘risi, hozir barchamiz xafamiz, hech kimda kayfiyat yo‘q.

Fikrlar