
Hokim "Mash’al" bilan uchrashdi
Bugun Muborak tuman hokimi Ulug‘bek Ernazarov o‘zbek futbolida katta ahamiyat kasb etadigan “Mash’al” klubiga tashrif buyurdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrif davomida tuman rahbari klubdagi shart-sharoitlar, futbol akademiyasida yaratilgan imkoniyatlar hamda qulayliklar bilan tanishdi. Shuningdek, jamoaning bugungi kundagi muammolarini ham o‘rganib chiqdi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi “Mash’al” futbolchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Jamoa a’zolari bilan yaqindan tanishdi va Coca Cola Superliganing 4-tur doirasida “Surxon”ga qarshi o‘yini oldidan omad tiladi. Bundan tashqari, “Mash’al”ning uy uchrashuvlaridagi barcha bellashuvlariga tashrif buyurib, jamoani yaqindan qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
So‘ngra tuman hokimiga klub ramzi tushirilgan statuetka, futbol to‘pi va klub libosi topshirildi.
Shuni ham aytish joizki, Muborakning yosh hokimi futbolning ashaddiy muxlisi ekani ma’lum. U klubni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
Fikrlar