"Hozir eng baxtli odamman" - Kamoliddin Tojiev va Hojiakbar Alijonov matbuot anjumanida nimalarni aytdilar?
O‘zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor” - “Buxoro” (1:0) o‘rtasidagi o‘yindan keyin matbuot anjumanining ikkinchi qismida g‘olib jamoa bosh murabbiyi Kamolidin Tojiev hamda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Hojiakbar Alijonov ishtirok etdilar.
Kamoliddin Tojiev: - Kecha ham qiyin o‘yin bo‘lishini aytgandim. Chindan ham qiyin va shiddatli uchrashuv bo‘ldi. Bitta golgacha o‘yin bo‘ldi, biz gol urdik. Xudoga shukr, g‘alabaga erishdik. Hammani tabriklayman.
Hojiakbar Alijonov: - Barcha “Paxtakor” muxlislarini tabriklayman. Xudo xohlasa, davomli bo‘lsin. O‘yin qiyin bo‘ldi. Murabbiy aytganlaridek, qiyin bo‘lishini hamma bilib turgandi. Bu uch ochko uchun emas, sovrin uchun o‘yin edi. Bizga kerakli natijani qo‘lga kiritdik.
- Uchrashuvdagi bahsli vaziyatlarda bevosita ishtirok etdingiz. Bu holatlar nimani ortidan kelib chiqdi?
Hojiakbar Alijonov: - Ularni nimaga to‘polon qilishganini tushunmadim. Hech kim yutqazgisi kelmaydi. Ammo bunaqa futbol menimcha yaxshi emas.
- Asosiy tarkib o‘yinchisi Bashar Resan zaxirada qoldirildi. U to‘p bilan yaxshi o‘ynaydi. Faqat ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida maydonga tushirdingiz. Uni zaxirada qoldirishingiz nima bilan bog‘liq edi?
Kamoliddin Tojiev: - O‘tgan o‘yinda “Xorazm”ga qarshi to‘liq o‘ynagandi. Shu bois biroz kuch yo‘qotgandi. Tayyor futbolchilarni tushirdik-da.
- Bashar Resan bilan bog‘liq vaziyatda agar unga qizil kartochka ko‘rsatilganida sizda B variant bormidi?
Kamoliddin Tojiev: - Yo‘q, qizil to‘g‘risida o‘ylamagandik. O‘sha payt 1:0 hisobida yutib turgandik. Hech qisi yo‘q, o‘yinchimiz bor edi. Zaxirada tayyorlab turgandik. Qizil ko‘rsatilsa himoyachini tushirib, himoyadan oldinga o‘ynab natijani saqlab qolish edi.
- Shahboz Jo‘rabekov ko‘p vaziyatlarda siz bilan to‘qnashuvlarga kirishdi. Xomyakov ham unga ko‘p e’tiroz bildirdi. Shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
Hojiakbar Alijonov: - U murabbiyni ko‘rsatmasini bajardi, deb o‘ylayman. Murabbiyi unga yaqinroq o‘yna, imkon berma, deb aytib turgandi. Shu sababli men ham unga nisbatan tajovuzkorroq o‘ynadim.
- Aynan bir vaziyatda siz bilan Xomyakov o‘rtasida biroz tortishuvga o‘xshagan muloqot bo‘lib o‘tdi. O‘sha holatda oralaringda qanday gap o‘tdi?
Hojiakbar Alijonov: - Bilmadim, futbolga aloqador narsa edi. U o‘z fikrini aytdi, men o‘z fikrimni aytdim.
- Uchrashuv oxirida raqib tomonidan kiritilgan gol ofsayd orqali bekor qilindi. Bu haqida nima deya olasiz?
Kamoliddin Tojiev: - Hali ko‘rmadim. Yordamchilarim aytdiki, o‘sha vaziyatda ikkita passiv ofsayd bo‘lgan ekan.
- Bu murabbiy sifatidagi dastlabki sovriningiz bo‘ldi va “Paxtakor” rahbariyati ham o‘yinni bevosita stadionda kuzatishdi. Sir bo‘lmasa, rahbariyat tomonidan ushbu g‘alaba uchun qanday bonus va’da qilingan?
Kamoliddin Tojiev: - Hali hech kim va’da qilgani yo‘q. Borib olaylik, endi ko‘ramiz.
- Yil boshida bosh murabbiy vazifasida emasdingiz. Keyin bosh murabbiy vazifasiga kirishdingiz. Bosh murabbiy sifatidagi birinchi Kubokni qo‘lga kiritdingiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?
Kamoliddin Tojiev: - Bitta so‘z bilan aytaman: hozir eng baxtli odamman. Juda xursandman. Men uchun juda katta yutuq. Yigitlarga rahmat, har doim aytaman: sizlar hech kimga imkoniyat bermasanglar, hech kim yuta olmaydi.
Hojiakbar Alijonov: - Qo‘shimcha qilaman, shifokorimizga ham rahmat.
Fikrlar