Husanov bugun Chempionlar ligasida debyut qiladimi?
O‘zbekistonning eng iqtidorli futbolchilaridan Abduqodir Husanov 19 yoshligidayoq o‘z nomini futbol tarixiga muhrlab bo‘lgan.
Yozda Frantsiya vitse-chempioni “Lans” bilan shartnoma imzolagan hamyurtimiz milliy chempionatda allaqachon debyutini nishonlashga ulgurdi.
Abduqodir kuchli beshlik ligalariga kiruvchi Frantsiya chempionatida to‘p tepgan birinchi o‘zbek futbolchisi sanaladi.
Shu bilan birga Husanov Evropaning eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etayotgan yagona legionerimizdir.
Chempionatni muvaffaqiyatsiz boshlagan “Lans”ning xalqaro musobaqadagi urinishlari chakki chiqqani yo‘q. “V” guruhida o‘ynayotgan lansliklar Evropa ligasi g‘olibi – “Sevilya” maydonidan bir ochko olib kelgan va ikkinchi bahsda o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida qudratli “Arsenal”ni 2:1 hisobida taslim qildi.
Endi navbat – “PSV Eynxoven” bilan bo‘ladigan guruhdagi uchinchi tur uchrashuviga.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Abduqodir Husanovning Chempionlar ligasida debyut qilishini kutmoqda. “Lans” bosh murabbiyi Frank Xeyz uni legionerimizni bo‘lajak uchrashuv qaydnomasiga kiritgan.
Agar hamyurtimiz maydonga tushsa, “ko‘hna qit’a”ning eng katta musobaqasida o‘ynagan eng yosh o‘zbek futbolchisiga aylanadi.
“Lans” va “PSV Eyndxoven” bahsiga oid qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola etamiz.
1-fakt: “Lans” futbolchilari jamoa tarixida Niderlandiya klublari bilan xalqaro maydonda jami besh marta to‘qnash kelgan. Ustunlik raqiblar tomonida. Lansliklar Niderlandiya jamoalariga qarshi o‘tgan bu bellashuvlarda faqatgina bir marta g‘alaba qozongan. 1999-2000 yilgi mavsumda UEFA kubogida “Vitess Arnem” 4:1 hisobida mag‘lub etilgan. Qolgan uchta bahsda raqiblar qo‘li baland kelgan va bitta o‘yin durang bilan yakunlangan.
2-fakt: “PSV Eyndxoven” Frantsiya jamoalariga qarshi o‘tkazilgan 11 ta safar uchrashuvidan ettitasini durang bilan yakunlagan. Niderlandiyaliklar frantsuzlar maydonida ikkitadan g‘alaba va mag‘lubiyat ham qayd etgan.
3-fakt: Chempionlar ligasida 20 yillik tanaffusdan keyin qatnashayotgan “Lans” xalqaro maydonda mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Bu galgi musobaqa hisobida lansliklar bittadan g‘alaba va durang bilan guruhda peshqadamlik qilyapti.
4-fakt: Niderlandiya klubi Chempionlar ligasida 2015 yildan beri g‘alaba qozona olmayapti. PSV so‘nggi bor 2015 yili Moskvaning TsSKA klubi ustidan 2:1 hisobida g‘olib chiqqan. Shundan beri niderlandiyaliklar 16 ta o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasini boshdan o‘tkazmoqda. Jamoa ettita durang va to‘qqizta mag‘lubiyat qayd etgan. Bu PSVning eng uzoq “qora seriyasi” hisoblanadi.
5-fakt: “PSV Eyndxoven” Chempionlar ligasidagi so‘nggi 14 ta uchrashuvidan faqat bittasi – 2016 yilning dekabrida “Rostov”ga qarshi o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Qolgan uchrashuvlarda jami 30 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
6-fakt: “Lans” hujumchisi Ele Vaxi jamoasining Chempionlar ligasida gol urgan eng yosh ikkinchi futbolchisiga aylandi. Vaxi “Arsenal” darvozasini ishg‘ol qilganida 20 yoshu 274 kunlik edi. Bu borada birinchi rekord hali Ele Vaxi tug‘ilmagan payt – 2021-2023 yilgi mavsumda Jon Utakaga tegishli bo‘lgan.
7-fakt: PSV futbolchilari Chempionlar ligasidagi oxirgi oltita golidan to‘rttasini o‘yin yakunlanishi arafasida – 87, 82, 86 va 90 daqiqalarda kiritgan. Ularning ikkitasi joriy mavsumga to‘g‘ri keladi. “Lans” esa 2003 yili “”Deportivo”ga qarshi bahsda va joriy mavsum “Sevilya”ga qarshi o‘yinda 95-daqiqada gol urgan.
“Lans” – “PSV Eyndxoven” uchrashuvi bugun yarim tunda Toshent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.
O‘zbek futbolchilar gol urgan uchrashuvlarda yutqazmagan jamoa tarixda ilk bor chempion bo‘ldi
Ekspert Shomurodov nega gol ura olmayotganini tahlil qilib berdi
Ekspert: Muammo Shomurodovda emas, bunaqada hech qaysi hujumchi o‘zini ko‘rsata olmaydi!
“Lans”: Husanov uchun hali hammasi oldinda
Shomurodov - arzon jamoaning qimmat o‘yinchisi!
Fikrlar