Husanovning jamoasiga Shomurodovning sherigi keldi
“Lans” o‘tgan mavsum yuqori o‘rinlar uchun kurashgan bo‘lsa-da, chempionatni ettinchi o‘rinda yakunladi. Lansliklar Evrokuboklarning uchinchi musobaqasi – UEFA Konferentsiyalar ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, jamoa yana sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini ta’minlash maqsadida klub rahbariyati tomonidan bosh murabbiy alishtirilib, “Lans”ni Uill Stillga topshirishdi. Tajribali bu mutaxassis jamoani jiddiy o‘yinlarga puxta tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

“Lans” yozgi transferlar mavsumida ancha faol ishlamoqda. Hozirgacha, Braziliyaning “Baiya” klubidan chap qanot himoyachisi Joanner Cheves, Belgiyaning “Sherlarua”sidan darvozabon Xerve Koffi, Vengriyaning “Debretsen” jamoasidan tayanch yarim himoyachi Xamzat Ojediran, “Chelsi”dan markaziy himoyachi Malang Sarr kabi o‘yinchilar olib kelindi.
Yangi mavsum oldidan “Lans” yana bir jiddiy transferga qo‘l urdi. Frantsiya klubi tarkibiga Italiyadan angolalik hujumchi Mbala Nzola kelib qo‘shildi. Lansliklar bu to‘purarni “Fiorentina”dan keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi.
Agar 27 yoshli futbolchining harakatlari murabbiylar shtabiga ma’qul kelsa, lansliklar afrikalik forvardni kelasi yoz 13 million evroga transfer qilishi mumkin bo‘ladi.

E’tiborli jihati shundaki, Mbala Nzola bir yarim yil muqaddam A Seriyada Eldor Shomurodov bilan “Spetsiya” jamoasi sharafini birgalikda himoya qilgan.
O‘shanda Nzola chempionatda 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 13 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Eldor Shomurodov bu jamoadagi yarim mavsumlik faoliyati davomida 15 ta o‘yinda bitta to‘p kiritgandi.
Keyinchalik Nzola jiddiyroq klub taklifini qabul qildi. Florentsiyaliklar katta umidlar bilan bu hujumchini 12,6 million evro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Yangi jamoada tajribali charm to‘p ustasi kutilgan natijani qayd eta olmadi. A Seriyada 33 ta o‘yinda maydonga tushgan Nzola “Kalyari”, “Udineze” va “Napoli” darvozalariga bittadan gol ura oldi xolos.
Angolalik futbolchining samaradorligi past bo‘lgani uchun “Fiorentina” bir mavsumdan keyin uni “Lnas”ga qo‘yib yuborishga qaror qildi.
Endi Nzola yangi ish joyida yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov bilan o‘ynaydi. 20 yoshli markaziy himoyachi o‘tgan yili Belarus chempionati vakili “Energetik-BGU” jamoasidan “Lans” safiga ko‘chib o‘tgandi.
Abduqodir Husanov debyut mavsumidayoq Liga 1, Evropa Chempionlar ligasi va Evropa Ligasi musobaqalarida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi hamda yosh futbolchining harakatlari muxlisu mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.

“Lans” yangi mavsumdagi ilk uchrashuvini 18 avgust kuni Frantsiya chempionatining birinchi turida safarda “Anje” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
Shuningdek, Uill Still shogirdlari 22 avgustda UEFA Konferentsiyalar ligasidagi yurishini ham boshlaydi. “Lans”ga Gretsiyaning “Panatinaikos” va Niderlandiyaning “Ayaks” jamoalari o‘rtasidagi bahsda g‘olib chiqqan jamoa raqiblik qiladi.
Shomurodov bu jamoaga o‘tsa, muxlislar uni kechirmaydi!
Fantastik janglar o‘tkazgan Do‘smatovni dunyoning eng zo‘r bokschisi, deb topishdi
Fikrlar