
Isroil Madrimov: Jang qiyin bo‘ladi - meksikalik bokschilar chidamli hisoblanishadi
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, shu bilan birga professional ringda ham faoliyat olib borayotgan Isroil Madrimov 9 iyun tongida Nyu-York shahridagi mashhur "Madison Square Garden" arenasida ringga ko‘tariladi. O‘sha kuni bokschimizga meksikalik Norberto Gonsales raqiblik qiladi.
"Jangga tayyorgarlik yaxshi o‘tdi. Bellashuvga ham jismoniy, ham texnik tomonlama yaxshi tayyorlandik. 10 raundgacha sparring janglar olib bordim. Barchasi joyida. Jangga tayyorman. Bo‘lajak bahs qiyin bo‘lishi aniq. Chunki meksikalik bokschilar chidamli bo‘ladi.
Navbatdagi raqibim - Norberto Gonsales noqulay sportchi hisoblanadi. Uning rekordi maqtanishga arzigulik bo‘lmasada, yutqazgan raqiblari kuchli hisoblanadi. Deyarli barcha janglarini oxirigacha olib borgan. Chempionga qarshi jangdagina nokautga uchragan. Ushbu jang qiyin bo‘lishi bilan birga, men uchun katta tajriba bo‘lishi kutilmoqda. Nasib qilsa, o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlayman va navbatdagi g‘alabamni qo‘lga kiritaman", - deb Isroil Madrimovning so‘zlarini keltirib o‘tdi O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.
Fikrlar