Jahon chempionatiga bormaysan! Neymar Anchelotti kutgan o‘yinga kelmadi

  • 23.03.2026 13:41
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Neymarning yozda bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyati juda past baholanmoqda. Braziliya futbol federatsiyasi undan norozi.

CNN nashrining ma’lumotiga ko‘ra, Braziliya futbol federatsiyasiga yaqin manba Neymar atrofidagi vaziyat mundialda ishtirok etish nuqtai nazaridan juda noaniq ekanini bildirgan.

Qayd etilishicha, federatsiya rahbariyati futbolchining uzoq vaqt o‘yinlardan chetda qolgani va jismoniy holati bilan bog‘liq muammolar tufayli zarur formaga qayta olishiga ishonch bildirmayapti.

Shuningdek, o‘yinchi va rasmiylar o‘rtasida munosabatlar taranglashgani ham xabar qilinmoqda.

Manbaning qayd etishicha, Neymarning ayrim ommaviy bayonotlari va media maydonidagi xatti-harakatlari federatsiya ichida salbiy qabul qilingan.

Alohida ravishda “Mirasol” jamoasiga qarshi o‘yin bilan bog‘liq holat ham tilga olinmoqda. Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti futbolchining holatini shaxsan baholash uchun o‘yinga kelgan, ammo Neymar maydonga tushmagan va stadionda ham bo‘lmagan.

Bu holat ham federatsiyada salbiy qabul qilingan.

Manbaga ko‘ra, aynan shu epizod munosabatlarning yomonlashuvida hal qiluvchi omil bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda federatsiyada Neymarning jahon chempionatiga kirishi ehtimoli juda past deb hisoblanmoqda.

Shu bilan birga, futbolchida vaziyatni o‘zgartirish uchun cheklangan miqdorda o‘yinlar qolgani ta’kidlangan, ammo hozircha uning mundialda qatnashishi katta so‘roq ostida turibdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!