Jasur Jaloliddinov: So‘z bergandim!

  • 28 sentabr, 2021, 16:10
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

O‘zbekiston Superligasi 20-turidan o‘rin olgan bahsda "Lokomotiv" o‘z maydonida "Mash’al"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. "Temiryo‘lchilar"ning dastlabki goli muallifi Jasur Jaloliddinov o‘yindan so‘ng klub matbuot xizmatiga intervyu berib o‘tdi:

"Qiziq va qiyin o‘yin bo‘ldi. Birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborganimiz uchun tavakkal qildik. Himoyaga kamroq e’tibor bergan holda hujumni o‘yladik. Menimcha, bu o‘z samarasini berdi. O‘ylashimcha, xarakter ko‘rsata oldik".

- "Lokomotiv"dagi debyut golingizni urdingiz. Raqiblardan bunchalik oson o‘tib ketishingizni sezganmidingiz?

"Debyut golimni urganimdan xursandman. Hisobda ortda borayotgan paytimizda raqiblar himoyada zich o‘ynay boshlashdi, deyarli 7-8 futbolchi bo‘lib himoyalanishdi. Shu sababli, aldovchi harakatlarga e’tibor berish kerak edi. Gol urgan vaziyatda eng to‘g‘ri qaror deb shuni bildim. Asosiysi - o‘ylagan ishim amalga oshdi. Jamoaning g‘alabasida o‘zimning hissamni qo‘shganimdan xursandman.

- Golingizni Islom Qobilovning kechagina tug‘ilgan o‘g‘il farzandiga bag‘ishladingiz. Buni o‘yin oldidan barcha futbolchilar bilan birga kelishib olganmidingiz?

"Yo‘q, unday bo‘lmagandi. Islom Qobilov bilan birga "Bunyodkor" akademiyasida birga katta bo‘ldik, bir jamoa tarkibida o‘ynadik. U bilan munosabatlarim a’lo darajada. Shu sababli, o‘yin oldidan Islomga gol urishga va golni uning farzandiga bag‘ishlashga so‘z bergandim".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!