Kamoliddin Murzoev rahbarligidagi O‘zbekiston futbolchilar uyushmasiga kimlar qarzdorlik bo‘yicha murojaat qilyapti?
O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi prezidenti Kamoliddin Murzoev hamma o‘yinchilarning haq-huquqlarini himoya qilib kelmoqda. Ilgari o‘zi ham futbolchi bo‘lgani sababli maydonda to‘p surayotgan o‘yinchilarning holatini juda yaxshi tushunadi. FIFPRO a’zosi sifatida O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi endilikda yanada rivojlangan holda o‘z imkoniyatlarini oshirib bormoqda.
Oxirgi paytlarda Navoiyning “Qizilqum” klubini o‘z futbolchilaridan qarzdorligi borligi haqida va natijada jamoa a’zolari O‘FUga ariza yozishgani xususida xabarlar bor. Murzoev avvalo shu masalaga to‘xtaldi.
“To‘g‘ri, bu masalada jiddiy muammo bo‘lmasa-da, futbolchilari oldida “Qizilqum” klubini qarzdorligi mavjud. Lekin bu borada biz jamoa bilan muloqotdamiz. Klub oldida turgan qarzdorliklarini tez orada bartaraf qilish bo‘yicha bizga ma’lumot bergan. Futbolchilarning shartnomasi 20 dekabrda o‘z nihoyasiga etgan. O‘ylaymizki, “Qizilqum” klubi bu vaziyatga professional yondashadi. O‘yinchilari oldidagi barcha qarzdorliklarni to‘liq qoplab beradi, degan umiddamiz”.

“Qizilqum”dan tashqari yana boshqa klublarni ham o‘z futbolchilaridan qarzdorliklari bor. Xo‘sh, bu borada Kamoliddin Murzoev rahbarlik qilayotgan tashkilotga boshqa murojaatlar ham kelib tushyaptimi? Uni qiynayotgan asosiy muammo nimada?
“Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bugungi kunga kelib eng xavotirli va uzoq davom etayotgan holat bu “Surxon” klubi futbolchilari bilan qarzdorlik vujudga kelgan. Jamoaning eski va yangi rahbariyat o‘rtasida hujjat qabul qilish jarayoni juda uzoq muddatga cho‘zilgani bois hozirgi kunda eng dolzarb muammolarimizdan biri shu bo‘lib turibdi. Lekin bu masalada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat qilingan. O‘FA ham bu masalani tezroq hal qilish bo‘yicha o‘ziga yarasha ishlarni olib boryapti. Yana qaysi klublarni aytishimiz mumkin? Kichik-kichik muammoli jamoalar bor. Bular – “Yangier”, “Zomin”...Mana, hozir “G‘ijduvon” futbolchilari murojaat qilishgan. Pro liga va birinchi ligadagi futbolchilar ham asta-sekin o‘z murojaatlarini yo‘llab turishibdi. Mavsum yaqinda tugadi. Ko‘pchilikni shartnomalari 20 va 31 dekabrgacha bo‘lgan. O‘sha davr mabaynida ish haqlarini ololmagan o‘yinchilarimiz yana murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi”, - deydi Murzoev.

Shu bilan birga sobiq futbolchi yakuniga etgan chempionat va o‘zini qaysi klublar hayron qoldirgani to‘g‘risida ham fikr bildirib o‘tdi.
“To‘g‘ri, so‘nggi turgacha chempionlik uchun kurash juda jiddiy tarzda kechdi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, chempionlik yo‘lida uchala jamoa – “Paxtakor”, “Navbahor” va “Nasaf” ham etarlicha qoqildi. Yakunda “Paxtakor” o‘zini o‘nglab oldi. “Surxon” va yana boshqa o‘yinlardagi xatolarining echimini tezroq topgani ularga chempionlik uchrashuvlarida yanada engilroq bo‘ldi. Ko‘pchilik “Nasaf”ning chempionligini kutgandi. Uy o‘yinida “Neftchi”ga qarshi maydonga tushib yutqazib qo‘ydi. Ko‘p narsa aynan mezbonlarga bog‘liq edi. “Navbahor” jamoasini chempionlik uchun bo‘lgan bahslarni yanada qiziqtirib bergan klub sifatida alohida ta’kidlash o‘rinli. Chunki mavsum boshi ular uchun u darajada ko‘tarinki ruhda boshlanmadi. Biroq chempionat davomida o‘z o‘yinlarini o‘nglay olishdi. Mavsum so‘nggiga qadar chempionlik Kubogini olib kelishga harakat qilishdi.
Ajablantirgan klubga kelsak, “So‘g‘diyona”dan ko‘p narsa kutilgandi. Menimcha, jamoaga ozgina tajriba etishmadi. Uchta frontda harakat qilayotgan jamoada mavsum oxirida biroz qiyinchilik bo‘ldi. Ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng tiklanish qiyin kechdi. Holbuki, ularni ham o‘z tarixlaridagi eng yuqori mavsumni o‘tkazishdi, deb aytsak bo‘ladi. “Olimpik” klubi esa ko‘pchilik uchun yoqimtoy jamoaga aylandi. Albatta, “Qo‘qon-1912” va “Lokomotiv”ning Superligadan tushib ketishi kutilmagan holat bo‘ldi. Ularni noloyiq deb ham aytib bo‘lmaydi. Hamma jamoa o‘z imkoniyatidan foydalandi va bu yo‘lda kim oqilona harakat qilgan bo‘lsa, Superligada qolish huquqiga ega bo‘ldi. Bundan foydalana olmagan klublar esa Superligani tark etdi", - deya fikr bildirdi, Murzoev.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar