
Kamoliddin Murzoev: "Surxon" klubiga nisbatan sanktsiyalar qo‘llash to‘g‘risida xat kiritganmiz"
O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev klublarimizdagi nizoli vaziyatlarni bartaraf etishda bosh-qosh bo‘lib xizmat qilyapti.
O‘yinchilardan qarzdorligi bor jamoalar bilan murosa qilishda, masalaning echimini topishda Murzoev ko‘pchilikka yordam ko‘rsatyapti. Biroq hali yana hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor.
Ayniqsa, “Surxon” jamoasining o‘tgan yilgi qarzdorligi hamon ochiq turibdi. Klub faqat serbiyalik legioner Vladimir Bubanya bilan hisob-kitob qildi. Lekin bu bilan muammo yopilgani yo‘q.
“Kutishni ham chegarasi bor”
- Bu og‘riqli nuqta. “Surxon” klubini 2021 yilgi mavumda barcha futbolchi va murabbiylardan bo‘lgan qarzdorliklarni yopish to‘g‘risida fevral oyida O‘FAning futbolchilarni o‘tish va maqomi qo‘mitasining qarori chiqqan, - deya so‘z boshladi, Murzoev. - Ammo “Surxon”ga yangi kelgan rahbariyatning indallosida qarzdorliklar o‘tgan yilgi rahbariyat tomonidan yopib berilishi to‘g‘risida kelishuv bor deb uzoq muddat cho‘zib yurildi. Undan keyin may oyida yig‘ilish bo‘lib o‘tganida ham mahalliy o‘yinchilar oldidagi qarzdorliklarni yopish masalasi ko‘tarilgan. Lekin shunga qaramasdan FIFA qarori chiqqanidan so‘ng o‘tgan yilgi qarzdorliklarni yopishni istamagan “Surxon” jamoasi Vladimir Bubanya oldidagi qarzdorlikni yopdi. Chunki bu vaziyat sanktsiyalarga olib kelishi mumkin edi. Bugungi kunda biz O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga “Surxon” klubiga nisbatan sanktsiyalar qo‘llash to‘g‘risida xat kiritganmiz. Birinchidan, shartnoma shartlarini bajarmaganligi, ikkinchidan, O‘FA qo‘mitasi qarorlarini hurmat qilmaganligi yuzasidan. Albatta, holatni kuzatib boryapmiz. Asosiy masala o‘tgan yilgi rahbariyat tomonidan yopib berilishi aytilgan. Lekin bugungi kunda o‘zbekistonlik futbolchi va murabbiylar O‘FA hamda PFL rahbarlariga ishongan holda kutib kelishmoqda. Ammo kutishni ham chegarasi bo‘ladi.
“Futbolda eski yoki yangi rahbariyat degan tushuncha yod narsa”
- Bubanyaga shartnomasida ko‘rsatilgan pullarni to‘liq to‘lab berishgan. Futbolchi jamoadan ketgach, yil oxirigacha bo‘lgan barcha qarzlarni yopishgan. O‘zbek futbolchilari FIFAga xat yoza olishmaydi. Bunga sabab har bir assotsiatsiyalar bunday masalalarni ichki nizo sifatida ko‘rib chiqib, o‘zlari hal qilishi belgilangan. Assotsiatsiyaga kiritgan xatimizda shu narsani ham ta’kidlab o‘tganmizki, “Surxon” klubi sanktsiyalardan qo‘rqqan holda FIFA qarorini O‘FA qarorlaridan ustunroq ko‘rib, Bubanya oldidagi qarzlarni yopishga kirishdi. Futbolda eski yoki yangi rahbariyat degan tushunchalar yod narsa. “Surxon” klubi bugungi kunda futbolchi va murabbiylar oldida qarzdor. To‘g‘risi, kutyapmiz. Kutayotganimizga ham ancha bo‘lib ketdi. Futbolchilar ham, murabbiylar ham deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qilishyapti. Ular kutish so‘zidan charchashgan. Bugungi kungacha bizga kelib tushgan shikoyatlar 24 nafar futbolchi va 5-10 ta murabbiylardan bo‘lib, aynan o‘shalardan “Surxon”ning qarzi mavjud.
“So‘g‘diyona” G‘ofurov bilan shartnoma imzoladi”
- “Neftchi” klubi bilan Xusniddin G‘ofurov o‘rtasidagi masalaga kelsak, bu futbolda uchrab turadigan holat. Shartnomani o‘zaro kelishib bekor qilish esa har ikki tomonga ham ma’qul bo‘ladi. “Neftchi” bilan G‘ofurov kelishgan holda shartnomani bekor qildilar. Shundan keyin “So‘g‘diyona” G‘ofurovni o‘z tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha futbolchi bilan kelishuvga erishdi va shartnoma imzolandi. OFK Kubogida ishtirok etish masalasiga to‘xtalsak, Husniddin G‘ofurov bu ro‘yxatga kiritilgan. OFK Kubogi qatnashchilar talabida keltirilgan bandda musobaqa turnirining guruh bosqichi boshlanishidan 7 kun oldin ham futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va oldindan berilgan ro‘yxatdan yana 8 o‘yinchini almashtirish imkoniyati mavjudligi ko‘rsatilgan. Shu sababli Husniddin G‘ofurovni ham OFK Kubogida qatnashish imkoniyati katta. Lekin O‘zbekiston chempionatida birinchi davra yakuniga qadar “So‘g‘diyona” tarkibida o‘ynay olmaydi.
“Klublarimizda oldingiga nisbatan ijobiy o‘zgarishlar bor”
- “Buxoro” klubi o‘tgan yilgi qarzdorliklarni to‘liqligicha yopib berishdi. “Andijon” ham grafik asosida qarzlarini yopib kelmoqda. Biz PFL, O‘FA va klublar bilan hamkorlikda qarzdorlikni yopish maqsadida jamoalarga engillik bo‘lishi uchun grafiklar asosida to‘lashga ham erishilyapti. Klublarimizda oldingiga nisbatan ijobiy o‘zgarishlar bor.
Fikrlar